163

Yosh olim va olimalar – Uchinchi Renessans bunyodkorlari

Keyingi yillarda yurtimizda barcha sohalar qatori ilm-fan sohasiga ham alohida ahamiyat qaratilmoqda. Xususan, oliy ta’lim muassasalarida ilmiy salohiyatni oshirish borasida tizimli ishlar bajarilyapti. Jumladan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ham mazkur sohaga alohida e’tibor qaratilmoqda. Tadqiqotchilar safi kengaymoqda. Ilmiy ishlar himoyalarini o‘tkazish esa muntazamlik kasb etayotir. 

Bugun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Akademiyaning yosh tadqiqotchilari o‘zlarining dissertatsiyalarini himoya qildilar.

Jumladan, dastlab Umida Sanoqulovaning “Abu Homid Gʻazzoliyning “Mukoshafatu-l-qulub” asari balog‘atining lingvistik asoslari” mavzusidagi filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun taqdim etilgan dissertatsiyasi himoyasi bo‘lib o‘tdi.

Tadqiqotning maqsadi Abu Homid Gʻazzoliyning “Mukoshafatu-l-qulub” asari balog‘atining lingvistik asoslarini ochib berishdan iborat. Abu Homid Gʻazzoliy asarlarining nazariy jihatdan o‘rganilishi masalalarini yoritish, “Mukoshafatu-l-qulub” asariga doir tadqiqotlarni aniqlash va tavsif qilish, Abu Homid Gʻazzoliyning “Mukoshafatu-l-qulub” asari manbalari qiyosiy tahlilini amalga oshirish tadqiqot vazifasi etib belgilandi.

Dissertatsiya “Abu Homid Gʻazzoliyning ilmiy merosi va unga doir tadqiqotlar”, “Mukoshafatu-l-qulub” asarida maoniy ilmiga xos sintaktik-stilistik usullarining qo‘llanilishi” hamda “Mukoshafatu-l-qulub” asarida faol qo‘llangan bayon ilmiga oid ma’no ko‘chish usullari va badi’ turlari” degan boblarga ajratilgan. 

Shundan so‘ng Akademiya tadqiqotchisi Maftuna Muminovaning “Alisher Navoiy ijodiy merosida ustoz-shogird an’anasining aksiologik talqini” mavzusidagi filologiya fanlari bo’yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun taqdim etilgan dissertatsiyasi himoyasi o‘tkazildi.

Tadqiqotchi Alisher Navoiy merosida ustoz-shogird an’anasi muammosini aksiologik talqin asosida mohiyatan ochib berishdan iboratligini ta’kidladi. 

Dissertatsiyaning birinchi bobi “Mumtoz sharq adabiyotida ustoz-shogird an’anasini o‘rganishning metodologik asoslari” deb nomlanib, uning “Sharq mumtoz adabiyotida ustoz-shogird an’anasini o‘rganishning ilmiy-nazariy ahamiyati” deb nomlangan birinchi faslida diniy, tasavvufiy manbalarda ustoz-shogird an’anasi va uning sharq mumtoz adabiyotidagi o‘rganilish tarixi, ustoz va shogird an’anasining milliy qadriyatimizdagi o‘rni hamda uning g‘oyalari tadqiq etilgan.

“Alisher Navoiy dostonlari va manoqiblarida ustoz-shogird an’anasining badiiy ifodasi” nomli ikkinchi bobda esa Hazrat Navoiy asarlarida ustozlik va shogirdlik munosabatlari, bu ikki toifaning fazilatlari, piri komil sabog‘i bilan bir necha to‘siqlarni yengib o‘tgan muridlar badiiy timsollarda tasvirlanadi.

“Alisher Navoiy ijodida ustoz-shogird an’anasining yoritilishidagi yondashuvlar” deb nomlangan uchinchi bobda Navoiyning turkiygo‘y shoirlar va ularning ijodiga bergan baholari, mulohaza va fikrlari haqida ilmiy-tahliliy fikrlar yoritilgan.

Qizg‘in bahs-munozaralar ostida o‘tgan dissertatsiyalar himoyasida so‘zga chiqqan ekspertlar tadqiqotchilarning ilmiy ishlarini chuqur ilmiy darajada o‘rganganini qayd etishdi. Aniq faktlarga tayanilgan ma’lumotlar mavzular ko‘lamini yanada ochib berilgani ta’kidlandi.

Yakunda tadqiqotchilarning dissertatsiyalari falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun munosib ekani bir ovozdan ma’qullandi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish