Turkiyaning “Cumhuriyet” gazetasi: O‘zbekiston Prezidenti BMTda Alisher Navoiy tilida nutq so‘zlaydi
Turkiyaning nufuzli “Cumhuriyet” gazetasi “O‘zbek tili BMTda: Shavkat Mirziyoyev rahbarligidagi O‘zbekiston yangi marralarga intilmoqda...” sarlavhasi ostida tahliliy maqola chop etdi.
Materialda Markaziy Osiyo markazida joylashgan O‘zbekistonning butun mintaqaning barqarorligini ta’minlashdagi muhim geostrategik roli ta’kidlangan. Mamlakat aholisini, asosan, o‘zbeklar tashkil qilishi, ular qo‘shni davlatlarda ham istiqomat qilishi bildirilgan. Shuningdek, O‘zbekistonning qo‘llab-quvvatlovisiz mintaqaning ba’zi davlatlarida tarqalgan ekstremizmning butun dunyoga yoyilib ketishiga qarshi kurashib bo‘lmasligi qayd etilgan.
Muallif zamonaviy O‘zbekiston taraqqiyotining ijtimoiy-iqtisodiy jihatlari va mamlakatda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli yangilanish jarayonlariga alohida e’tibor qaratgan.
Xususan, S.Ash o‘quvchilarga O‘zbekistonning muazzam turizm salohiyati bilan tanishishni tavsiya qilgan. “Samarqand va Buxoro kabi shaharlar turkiy dunyo tarixi uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi va Amir Temur avlodlari yurti “ochiq osmon ostidagi muzey”ga o‘xshaydi go‘yo”, deyiladi maqolada.
Shu bilan birga, muallif Shavkat Mirziyoyev davlat rahbari etib saylangandan beri o‘tgan vaqt mobaynida mamlakatda ijobiy o‘zgarishlar hayotga tatbiq etilayotganini qayd etgan. Turk sharhlovchisining fikricha, O‘zbekiston Prezidenti respublikadagi davlat boshqaruvi tizimini to‘liq yangilab, zamonaviy talablarga muvofiqlashtirdi.
Nashrning ta’kidlashicha, mamlakatdagi siyosiy va iqtisodiy islohotlarning maqsadi “Yangi O‘zbekiston” iborasida o‘z ifodasini topgan. Prezident Shavkat Mirziyoyev saylov madaniyati, fuqarolik jamiyati subyektlarining ahamiyati, OAVning faolligi masalalarini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Ayollarning davlat va jamoat hayotidagi ishtiroki muhim hisoblanadi. So‘nggi parlament saylovi natijalariga ko‘ra, deputatlar orasida ayollarning safi kengaygan. Inson huquqlari bo‘yicha milliy strategiya ishlab chiqilgan. Ushbu hujjat majburiy va bolalar mehnatining oldini olish masalasini ham qamrab olgan. Maqolada kambag‘allikni kamaytirish, korrupsiyaga qarshi kurashish, milliy manfaatlarga ustuvorlik beruvchi ochiq va pragmatik tashqi siyosat yuritish Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarning bir qismi ekani aytilgan.
Sertach Ashning yozishicha, Toshkentning o‘zgarishlarga nisbatan ijobiy yondashuvi nafaqat milliy darajada, balki mamlakatning qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarida ham namoyon bo‘lmoqda. Ta’kidlanishicha, yangi Prezident “mamlakatni dunyoga ochdi”. Muallif zamonaviy O‘zbekiston qo‘shni mamlakatlar bilan yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari yuritayotgani va shu sababli mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha izchil sa’y-harakatlar amalga oshirilayotganini e’tirof etgan. “Biz bu harakatlar haqida nafaqat o‘zbeklardan, balki boshqa qo‘shni davlatlarning rasmiylaridan ham eshityapmiz”, deb tan oladi muallif.
Turkiyalik sharhlovchi o‘z maqolasida Prezident Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasi sessiyasida butun dunyo afkor ommasi huzurida birinchi marta Alisher Navoiy tilida nutq so‘zlashi kutilayotganiga ham e’tibor qaratgan. Keyin muallif “chig‘atoy lahjasini adabiy til holiga yetkazgan Alisher Navoiy ayni vaqtda temuriylar davlatining zabardast vakillaridan biri edi”, deb yozadi.
Maqolada ta’kidlanganidek, O‘zbekiston rahbari o‘z nutqida amaliy xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha o‘z qarashlarini taqdim etadi, dunyo hamjamiyatining bugungi davr o‘zgarishlariga munosabati va mamlakatning tinch maqsadlari haqida so‘z yuritadi. Muallif so‘nggi yillarda Turkiya — O‘zbekiston munosabatlari yuksalayotganini qayd etgan. Uning fikricha, “O‘zbekistonning yangi va har tomonlama rivojlanish davri ushbu mamlakatga ko‘proq e’tibor berish va u bilan hamkorlik darajasini yanada oshirishni talab qilmoqda”.
“Dunyo” AA,
Istanbul
Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi.
Izoh qoldirish