450

Arab tilini oʻqitishda interfaol taʼlim texnologiyalari

Butun dunyoda boʻlgani kabi yurtimizda ham pandemiya holati davom etmoqda. Epidemiologik vaziyat koʻplab sohalar faoliyati va rivojiga toʻsiq qoʻymoqda. Ammo inson istiqboli uchun hech bir soha toʻxtab qolmasligi kerak. Jumladan, taʼlim tizimi ham davr taqozosidan kelib chiqib, oʻz rivojlanish yoʻlini topishi zarur. Bu oʻrinda onlayn davra suhbatlari, seminarlar muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Shu maqsadda kuni kecha Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida “Arab tili va adabiyoti al-Azhar” kafedrasi tashabbusi bilan “Arab tilini oʻqitishda “Interfaol taʼlim texnologiyalari” mavzusida xalqaro onlayn-seminar boʻlib oʻtdi. Unda Iordaniyalik professor Xolid Husayn Abu Amsha ham oʻz maʼruzasi bilan bevosita ishtirok etdi.

Shuningdek, seminarda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi prorektori Zohidjon Islomov, “Mumtoz Sharq filologiyasi” fakulteti dekani Ilyos Mirziyotov, “Arab tili va adabiyoti al-Azhar” kafedrasi mudiri Akbar Kazakbayev, Xotin-qizlar boʻlimi boshligʻi Roziya Matibayeva, professor-oʻqituvchilar, olimlar, doktorant va talabalar bilan bir qatorda yurtimizdagi qator oliy taʼlim muassasalarida arab tilidan dars berib kelayotgan tilshunoslar hamda akademiyada dars berib kelayotgan xorijlik professor-oʻqituvchilar qatnashdi.

Tadbirda hozirgi pandemiya sharoitida Arab tilini oʻqitishni rivojlantirish, interfaol taʼlim texnologiyalari imkoniyatlaridan keng foydalanish, talabalar bilan ishlash mexanizmini shakllantirish, masofaviy darslarni sifatli tashkil etish haqida maʼruzachi tomonidan batafsil maʼlumot berildi.

Iordaniyaning Qosid instituti akademik direktori, “CASA” (Center for Arabic Study Abroad) dasturining Iordaniyadagi ijrochi rahbari, “AMIDEAST” (America-Mideast Educational and Training Services) Arab tili dasturining Yaqin Sharqdagi konsultanti hamda “ISESCO”ning mutaxassis-treneri kabi vazifalarda faoliyat yuritib kelayotgan tajribali trener doktor Xolid Husayn AQSH, Germaniya, Fransiya, Norvegiya, Malayziya, Saudiya Arabistoni, Iordaniya, Falastin va BAA kabi davlatlarning nufuzli oliy taʼlim muassasalarida toʻplagan boy tajribasi va oʻziga xos taʼlim metodikasiga ham toʻxtalib oʻtdi.

– Men oʻquvchilarimga oʻrgatmayman, ularga tushuntiraman, mavzuni osonlashtiraman xolos, – deydi doktor Xolid Husayn Abu Amsha. – Xuddi futbolda trener-murabbiy qanday ish bajarsa, men ham shunday yoʻl tutaman. Yaʼni, maydonga tushib toʻp tepmayman, balki har bir talabamga oʻz vazifasini bajarishi uchun yoʻl-yoʻriq koʻrsataman. Oʻshanda ularda mustaqil oʻz ustilarida ishlash koʻnikmasi shakllanib boradi.

Mazmunli oʻtgan seminar davomida akademiyaning xorijlik tajribali professor-oʻqituvchilaridan doktorlar Ubayd Muhammad va Ahmad Musolar ham oʻz toʻplagan tajribalari bilan oʻrtoqlashishdi.

Yakunda mavzu boʻyicha berilgan savollarga maʼruzachi tomonidan atroflicha javob berildi. Tadbir ishtirokchilari maroqli oʻtgan seminar uchun doktor Xolid Husayn Abu Amshaga oʻz minnatdorliglarini bildirdi.

Bu kabi uchrashuvlar yurtimizda arab tili oʻqitish metodikasini yanada rivojlantirish, bu borada ilgʻor xorij tajribasini oʻrganish va xorijiy taʼlim muassasalari, shuningdek, yetakchi olimlar bilan oʻzaro hamkorlik qilish yoʻlida muhim qadamlardan boʻlishi taʼkidlandi.

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish