207

Til bilgan – el biladi

UNESCO tashkiloti tomonidan 21-fevral – Xalqaro ona tili kuni deb eʼlon qilingan. Mazkur sana 2001-yildan buyon xalqaro miqyosda nishonlanib kelinmoqda.

Xalqaro ona tili kunining mazmun-mohiyatida har bir xalqning oʻz milliy tafakkuri, maʼnaviyati, ruhiyatining oʻzagini tashkil etadigan tilga alohida muhabbatning belgisi oʻz aksini topadi. Zero, til nafaqat muomala vositasi, balki xalqning tarixi, madaniyati, turmush tarzi, urf-odatini aks ettiruvchi koʻzgu ham hisoblanadi.

Sana munosabati bilan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Mumtoz sharq filologiyasi fakulteti “Oʻzbek tili va mumtoz sharq adabiyoti” kafedrasi tomonidan “Til bilgan – el biladi” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. 

Mazkur tadbirda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uygʻun Gʻafurov, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, filologiya fanlari doktori, “Naqshbandiya” jurnali bosh muharriri, navoiyshunos olim Sultonmurod Olim, filologiya fanlari doktori, professor Qosimjon Sodiqov, Respublika Tojik milliy-madaniy markazi raisi Gulandom Subxanova, Respublika Turkman milliy-madaniy markazi raisi Guldona Avezdurdiyeva, Chirchiq qozoq milliy-madaniy markazi raisi Jaqsiliq Joriqbayev, Akademiya prorektorlari, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar ishtirok etdilar. 

Davra suhbatini “Oʻzbek tili va mumtoz sharq adabiyoti” kafedrasi mudiri Zuhra Aripova olib bordi. 

So‘zga chiqqanlar o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishining tarixiy ahamiyati, yoshlarning tilimizga munosabati hamda har bir shaxs davlat tilining himoyachisi bo‘lishi lozimligi, nutq madaniyatiga rioya qilish haqida ma’ruza qilishdi.

– Hozirgi paytda 130 dan millat va elat tinch-totuvlikda hayot kechirmoqda, – deydi Respublika Tojik milliy-madaniy markazi raisi Gulandom Subxanova. – Yurtimizdagi barcha millat hamda elatlarning tarixi, madaniyati, ma’naviy qadriyatlari, an’ana va urf-odatlarini asrash hamda har tomonlama rivojlantirish, millatlararo munosabatlarni uyg‘unlashtirish, jamiyat va davlatni barqaror rivojlantirishda muhim o‘rin tutmoqda. Bu ham mamlakatimiz tanlagan bag‘rikenglik siyosatining yana bir ifodasidir.

Darhaqiqat, so‘ngi yillarda yurtimizda o‘zbek tiliga bo‘lgan e’tibor yanada kuchaydi. Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda O‘zbek tili bayrami kuni keng nishonlanmoqda. 2020-yil 20-oktabrda davlatimiz rahbarining “Mamlakatimizda o'zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi.

Mamlakatimiz ta’lim muassasalarida o‘qish 7 tilda olib borilmoqda. Teleko‘rsatuv va radioeshittirishlar 12 tilda efirga uzatilib, gazeta hamda jurnallar 10 dan ortiq tillarda chop qilinmoqda.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ishlab chiqilgan 2022-2026 yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning Taraqqiyot strategiyasining 74-maqsadi diniy bagʻrikenglik va millatlararo totuvlikni taʼminlash sohasiga qaratilgani ham yanada ahamiyatlidir.

Davra suhbati davomida talabalar tomonidan talabalar tomonidan turli tillarda she’rlar yangradi.

Yakunda ishtirokchilarga esdalik sovg‘alari topshirildi.

          O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish