221

Navoiyning “Terma devon”i

MAQOLA

Hazrat Alisher Navoiy vafotidan to‘rt oy o‘tib, 1501-yil may oyida uning 130 she’ridan iborat bir to‘plam qo‘lyozma shaklida ko‘chirilgan. Biz surati orqali ayni devon bilan tanishish sharafiga muyassar bo‘ldik. Bu Navoiy ixlosmandlarining eng dastlabki to‘plami – “Terma devon”dir. Uni “Navoiyning 1501-yilgi “Terma devoni” nomi ostida navoiyshunoslikka olib kirish lozim deb hisoblaymiz.

Alisher Navoiy devonlari qo‘lyozmalari O‘z­be­kis­­ton va jahonning turli davlatlari kutub­xonalarida saqlanmoqda. Keyingi yillarda xorijdagi qo‘lyozma fondlarida saqlanuvchi devonlarining yangi qo‘lyozma nusxalari aniqlanib, ilmiy muomalaga olib kirilayotir. Masalan, ushbu devonlarga kirgan she’rlar tarkibi aniqlanmoqda. Deylik, 2022-yili Alisher Navoiy “Badoye’ ul-bidoya” devonining ikkita nusxasi tarkibi qanday ekanini bilish imkoniyatiga ega bo‘ldik. Gap shundaki, O‘zbe­kis­ton Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik instituti katta ilmiy xodimi Oysara Madaliyeva “Badoye’ ul-bidoya” asarining Eronda­gi Mashhad shahri kutubxonasida saqlanayotgan nusxasini, Turkiya­ning Kara­buk universitetida ustozlik qilayotgan o‘zbekistonlik olim Saidbek Boltaboyev esa Tehron shahridagi Eron Milliy kutubxonasidagi nusxasini aniqladi. Mazkur asarning Mash­haddagi nusxasi 1491-yili, Tehronda­gisi esa 1501-yili ko‘chirilgan. Shu tariqa “Badoye’ ul-bidoya”ning Alisher Navoiy hayotligi davrida ko‘chirilgan nusxa­lari soni sakkiztaga yetdi. Mazkur manbashunos olimlarning sa’y-harakatlari tahsinga loyiq. 

“Xazoyin ul-maoniy”dan keyin: Alisher Navoiy devonlarining 1499-1501-yilgi qo‘lyozmalari

AQSHning Nyu-York shahridagi Myetropoli­ten muzeyidagi Alisher Navoiy devoni (hijriy 905, milodiy 1499-1500-yillarda ko‘chirilgan) tarkibi bilan bevosita shu muzeyda noyob qo‘lyozmani o‘rganish orqali tanishishga muvaffaq bo‘lindi. Natijada ushbu nusxadagi she’rlar tarkibi bo‘yicha tadqiqotlar boshlandi. 2024-yilgacha Tehron shahridagi Malek muzeyi va kutubxonasida Alisher Navoiyning 4919-raqam bilan saqlanuvchi “Terma devon” qo‘lyozmasi haqida turk olimi Shodi Oydin katalogi orqali umumiy ma’lumotga ega edik. Mazkur qo‘lyozmaning ayrim sahifalari fotonusxalari internetda ham e’lon qilingan. Shu asosda kichik maqola ham nashr qilgan edik. Endilikda 4919-invertar raqamli “Terma devon” qo‘lyozmasining to‘liq fotonusxasi orqali bevosita ­uning tarkibini o‘rganish va she’rlar matniga oid yaxlit ma’lumot olishga muvaffaq bo‘ldik. Qo‘lyozma 43 varaq – 86 betdan iborat, 220x155 mm. hajmga ega. Har sahifada 11 qatordan she’r keltirilgan. Qo‘lyozma muqaddimasida shams va unvon mavjud. She’rlar matnlari ikki ustunda berilgan va atrofi zarhal ramka bilan o‘ralgan. Qo‘lyozma oxirida keltirilgan kolofonda ­uning ko‘chirib tugallanish sanasi arab tilidagi matnda ko‘rsatilgan: 906-yil, shavvol oyi (milodiy 1501-yil, may oyi) oxiri. Kolofonda o‘z davrida qo‘lyozma kotibining ism-sharifi keltirilgan, biroq keyinchalik noma’lum sabablarga ko‘ra uning nomi o‘chirilgan. 

Manba so‘nggidagi arabcha yakun tarjimasi: “Bu sharif nusxa Alloh Muhammad va uning avlodlari hurmati ila gunohlarini kechirsin deguvchi faqir va haqir... qulning qo‘lida 906-yilning shavvol oyi oxirgi kunida tamom bo‘ldi”.

Qo‘lyozmada Alisher Navoiyning 127 g‘azali va 3 ruboiysi keltirilgan. 

Qo‘lyozma boshlanishi (1b varaq):

Ey, safhai ruxsoring azal xattidin insho, 

Debochayi husnungda abad nuqtasi tug‘ro... 

Qo‘lyozma tugallanishi (43a varaq):

Sen borg‘ali ortmish ko‘ngul zorlig‘i, 

Oh o‘qlaridin har nafas afgorlig‘i. 

Bilman, unutulg‘anmu ekandur manga hajr, 

Yo ko‘prak erur bu qatla dushvorlig‘i.

Biz ilmiy adabiyotlarda mazkur qo‘lyozma haqida biror ma’lumot uchratmadik. Faqat Eron kutubxonalarida saqlanayotgan turkiy tilli qo‘l­yoz­malar katalogida mazkur asar haqida bir necha satr ma’lumot keltirilgan, xolos: u Alisher Navoiy devoni deb atalgan. Katalog muallifi shunday umumiy nom bergani uchun qo‘lyozmaning mohiyati – Navoiyning aynan qaysi va qanaqa devoni ekanligini qayd etmagan.

Mazkur majmua Alisher Navoiyning 1498-yili tartib berilishi yakunlangan to‘rt devondan iborat “Xazoyin ul-maoniy” to‘plamidan so‘ng tuzilgani va ancha kichik hajmdaligi sababli, uni shartli tarzda ulug‘ mutafakkirning terma devoni yoki “Navoiyning 1501-yilgi “Terma devoni”, deb atash mumkin. Kitobdagi barcha she’rlar “Xazoyin ul-maoniy”dan olingan. Shuni ta’kidlash kerakki, ushbu qo‘lyozmaga Alisher Navoiy hayotligi davrida tartib berishga kirishilgan bo‘lishi mumkin.

“Terma devon” tarkibi

Mazkur devondan 127 ta g‘azal va 3 ta ruboiy o‘rin olgan va “Xazoyin ul-maoniy”dan quyidagi ko‘rinishda she’rlar olingan: “G‘aroyib us-sig‘ar”dan 69 ta (53 foiz); “Navodir ush-shabob”dan 41 ta (32 foiz); “Badoye’ ul-vasat”dan 20 ta (15 foiz).

“Terma devon” uchun she’rlarni “Xazoyin ul-maoniy”dan saylab olinishi sabablarini izlab ko‘rish lozim. Nima uchun aynan “G‘aroyib us-sig‘ar”dan ko‘p she’r tanlab olingan-u, “Favoyid ul-kibar”dan birorta ham she’r olinmagan? “Terma devon”dagi g‘azallarning bir qismi “Xazoyin ul-maoniy”dagi hajmidan qisqartirilgan. Navoiy g‘azallari matnlarini qisqartirish holati uning ixlosmandlari tomonidan tuzilgan “Oqqo‘yunli muxlislar devoni”dagi she’rlarda ham uchraydi. Turkiyalik olima Tanju Seyxan g‘azallar hajmini kichraytirib berish usmonlilar va oqqo‘yunlilarda an’ana bo‘lgan, degan fikrni bildirgan edi. 

Yana savol tug‘iladi: “Xazoyin ul-maoniy” 1498-yili tuzib bo‘linganini hisobga olsak, uning tarkibidagi 4-devon – “Favoyid ul-kibar” 1501-yili “Terma devon” tuzuvchisi qo‘lida bo‘lmaganmikan? Yoki buning boshqa bir sababi bormidi? Izlanishlarni davom ettirish kerak.

She’rlarni terma devon uchun tanlab olish jarayonida ba’zi o‘zgarishlar ham amalga oshirilgan. Masalan, Navoiy g‘azallari hajmi qisqartirilgan, asosan 1-2 ta bayt, kam holatlarda 3-4 bayt olib tashlangan, baytlarning o‘rni, ba’zi harflar yoki so‘zlar almashgan.

“Terma devon”dagi shu kabi tafovut va xususiyatlar, devon uchun she’rlarni tanlash prinsiplarini maxsus tadqiq etish muhim. Masalan, Navoiy “Xazoyin ul-maoniy”ga jami 2600 ta g‘azalini kiritgani bizga yaxshi ma’lum. Terma devondagi 127 g‘azal yuqoridagi asarning taxminan 20 dan bir qismiga, aniqrog‘i, 5 foizga to‘g‘ri keladi. Bular orasida Navoiyning xalqimiz orasida mashhur bo‘lgan g‘azallari ham uchraydi. 

“Navoiyning 1501-yilgi “Terma devoni” va Oqqo‘yunlilar

Alisher Navoiy she’riyatining Oqqo‘yunli sulolasi bilan bog‘liq o‘rinlari mavjud. Bunga “Oqqo‘yunli muxlislar devoni” (1471-yili ko‘chirilgan), “Sulton Ya’qub saylanmasi” (1481-yil) kabi Navoiy she’rlarini o‘z ichiga olgan qo‘lyozmalar misol bo‘la oladi.  

Biz tilga olgan “Navoiyning 1501-yilgi “Terma devoni” Tehrondagi Malek muzeyi va kutubxonasi tavsifida “Devoni turkmononi Oqqo‘yunlu” (Oqqo‘yunli turkmonlar devoni) deb nomlangan va Oqqo‘yunli turkmonlar davrida ko‘chirilgan, deb yozilgan. Ammo Oqqo‘yunlilarga ayni devonning nisbat berilishi sabablari ko‘rsatilmagan. 

Oqqo‘yunlilar saltanati (1378-1501) qis­man hozirgi Turkiyaning sharqi, Armaniston, Ozarbayjon, shimoliy Iroq va Eron hududlarida hukmronlik qilgan o‘g‘uz turklariga mansub ekanligi ma’lum. Turkmon deganda esa o‘sha davrlarda yashagan o‘g‘uz turklari tushunilgan. Bu so‘zni Alisher Navoiy ham “Farhod va Shirin” dostonida ayni ma’noda qo‘llagan:

Olibmen taxti farmonimg‘a oson, 

Cherik chekmay Xitodin to Xuroson. 

Xuroson demakim, Sheroz-u Tabrez

Ki, qilmishdur nayi kilkim shakarrez. 

Ko‘ngul bermish so‘zumga turk jon ham,

Ne yolg‘uz turk, balkim turkmon ham.

Tilga olingan kutubxona tavsifida “Devoni turkmononi Oqqo‘yunlu” nomi qaysi asosda qo‘yilgani (qo‘lyozma naqshlari, qo‘lyozma yozuvi uslubi yoki boshqalar asosidami) aytilmagan. “Terma devon”dagi Navoiy she’rlar majmuasi “Oqqo‘yunli muxlislar devoni”dagi kabi shoir g‘azalining:

Ey, safhai ruxsoring azal xattidin insho, 

Debochayi husnungda abad nuqtasi tug‘ro – 

bayti bilan boshlanadi. Bu bayt dastlab Ali­sher Navoiyning “Badoye’ ul-bidoya”, keyinchalik “G‘aro­yib us-sig‘ar” devonlarida keltirilgan. Lekin bu ikki devon ayni bayt bilan boshlanmagan, mazkur bayt uchinchi o‘rinda kelgan. 

Alisher Navoiy hayotligi davrida (1471-yil) uning Oqqo‘yunlilar saltanatidagi muxlislari tomonidan “Oqqo‘yunli muxlislar devoni” tuzilgan edi. Undagi g‘azallar tilida shoir she’rlarini o‘g‘uzlash­tirish holati yaqqol sezilib turadi (masalan, “topmadim” so‘zi o‘rniga “dopmadim”). Ko‘rib o‘tayot­ganimiz qo‘lyozmada esa bunday jihat yaqqol ko‘zga tashlanmaydi. Vaholanki, bu majmuadan 30 yil avval tartib berilgan “Oqqo‘yunli muxlislar devoni”da bunday holat mavjud edi. Savollar keti­dan savollar paydo bo‘laveradi.

Majmuaning Oqqo‘yunlilar muhitida tayyor­lan­ganiga doir savollar bilan o‘g‘uz turklari qo‘l­yozma san’ati, xususan, miniatyuralari bo‘yicha taniqli mutaxassis, turkiyalik professor Lola Uluch­ga murojaat etib, qo‘lyozma boshlanishidan bir necha sahifani olima e’tiboriga havola qildik. Lola Uluch qo‘lyozma nusxasi, aniqrog‘i, unvon – qo‘lyozmadagi asar matni boshlanishidan avval keltiriladigan rangli naqsh bilan tanishib, uning uslubi haqida shunday mulohazalarni bildirdi: “Fikrimcha, siz menga yuborgan tasvirni bemalol Sulton Xalilning Sherozdagi hukmronligi dast­labki yillarida yaratilgan, deyish mumkin. Boshqacha aytganda, u taxminan Alisher Navoiyning “Oqqo‘yunli muxlislar devoni” qo‘lyozmasi yaratilgan davrga oid. Unvon naqshi tarkibida mavjud bo‘lgan qoratuproq, zamindek qora rangni men ko‘proq Qoraqo‘yunlilar yoki Sulton Xalil hukmronligining dastlabki vaqtlaridagi qo‘lyozmalar naqshlarida uchratib turaman”. Demak, qo‘lyozmadagi bezaklar uslubidan kelib chiqqan holda, Lola Uluch ham uning taxminan Oqqo‘yunlilar muhitida yaratilganini ta’kidlamoqda. 

Ma’lumki, Qoraqo‘yunlilar (1410-1468) Oq­qo‘yun­lilar kabi sulola bo‘lib, ular ham Oqqo‘yunlilar yashagan zaminda umrguzaronlik qilgan o‘g‘uz turklari. Qoraqo‘yunlilar bilan kurashlar natijasida Oqqo‘yunlilar saltanati ular o‘rnini egallagan. Ma’lumot sifatida ta’kidlash o‘rinliki, Alisher Navoiy “Majolis un-nafois” tazkirasida Qoraqo‘yun­lilar hukmdorlaridan Jahonshoh Haqiqiy (1435-1467) va Oqqo‘yunlilardan Sulton Ya’qubni (1478-1490) hukmdorlar qatorida eslab, ularning she’rlaridan namunalar keltiradi. Shu ma’noda olib qaraganda, mazkur ikki sulola bilan Temuriylar o‘zaro munosabatda bo‘lganlar. Oqqo‘yunlilar shahzodasi Sulton Xalil Sheroz hokimi (1471-1478) bo‘lgan davrda, 1471-yili Alisher Navoiyning “Oqqo‘yunli muxlislar devoni” ko‘chirilgan. Xususan, Navoiy Sulton Ya’qub bilan shaxsiy aloqada bo‘lgan. Bu hukmdor davrida Navoiy she’rlaridan tashkil topgan “Sulton Ya’qub saylanmasi” 1481-yili Sherozda ko‘chirilgan. Ya’ni Oqqo‘yunlilar qo‘lyozma san’atining Alisher Navoiy asarlari bilan bog‘liq o‘rinlari avvaldan mavjud bo‘lgan. 

Professor Lola Uluch bu bog‘lanishlarni, biz so‘z yuritayotgan va Oqqo‘yunlilar muhitida ko‘chirilgani ehtimoli bor bo‘lgan, Navoiyning “Terma devoni”dan 30 yillarcha avvalgi davriga oid demoqda. Muhimi, mazkur qo‘lyozma majmua, Lola Uluch fikricha, Oqqo‘yunlilar muhitida tayyorlangan bo‘lishi ehtimoli mavjud. Balki ayni majmuagacha Oqqo‘yunlilar muhitida Navoiy she’rlari kiritilgan ikkita qo‘lyozma tayyorlangani ham buning isbotidir. Bular: “Oqqo‘yunli muxlislar devoni” (1471-yil) va “Sulton Ya’qub saylanmasi” (1481-yil). “Terma de­von” balki ana shu an’ana davomi sifatida 1501-yili yuzaga kelgandir. “Terma devon”dagi Navoiyning ayrim g‘azallari “Oqqo‘yunli muxlislar devoni”dagi kabi qisqartirilgan. Navoiyning asli 9 baytli g‘azallari qisqartirilib, 7 baytli shaklda yoki asli 7 bayt bo‘lgan g‘azallari qisqartirilib, 5-6 bayt ko‘rinishida taqdim etilganini kuzatish mumkin. Buning sababi hozircha bizga qorong‘i.

Alisher Navoiy o‘zi tartib bergan dastlabki devoni – “Badoye’ ul-bidoya” debochasida xalq ichida o‘zining ming-ikki ming baytdan ortiqroq she’rlari to‘plab ko‘chirilib tarqalganini, ya’ni ixlosmandlari tomonidan tuzilgan bunday to‘plamlar bir nechta bo‘lganini ta’kidlaydi: “...xaloyiq arosida ming bayt – ikki ming bayt ortug‘roq-o‘ksukrakkim o‘zlari jam’ qilib erdilar, bag‘oyat mashhur bo‘lub erdi”. Hijriy 870 (milodiy 1465-1466)-yilda Navoiy she’riyati ixlosmandlari tomonidan tuzilib, Sultonali Mashhadiy tomonidan ko‘chirilgan “Ilk devon”dan besh yillar keyin, 1471-yili yangi bir to‘plam – “Oqqo‘yunli muxlislar devoni”ning tar­tib berilgani Navoiyning yuqori­dagi fikrlarini tasdiqlaydi. 1501-yilda ko‘chirilishi tugallangan “Terma devon” ham ulug‘ shoir ijodiga ana shunday ehtiromning mahsulidir, ehtimol.

Biz so‘z yuritayotgan “Terma devon”ning nom­lanishi ham shartli bo‘lib, navoiyshunoslikda “Xazo­yin ul-maoniy” tuzilishi tugallangan 1498-yildan keyin undagi devonlardan (“G‘aroyib us-sig‘ar”, “Navodir ush-shabob”, “Badoye’ ul-vasat” va “Favoyid ul-kibar”) olingan she’rlardan tarkib topgan maj­mualarga nisbatan qo‘llanadi. Marhum olim filolo­giya fanlari doktori Muhammadjon Hakimov fikricha, shartli tarzda nom olgan Navoiy “Terma devon”larida 1500 dan kamroq she’r keltirilgan. “Terma devon” 84 betdan iborat bo‘lib, unda 130 ta she’r keltirilgan. Lekin uning “Xazoyin ul-maoniy”dan keyin tuzilganligini inobatga olib, “Navoiyning 1501 yilgi “Terma devoni”, deb atadik. Mazkur sanani ta’kidlashdan maqsad – uni boshqa “Terma devon”lardan farqlash va Navoiyning eng dastlabki terma devonlaridan ekanligini ta’kidlashdir. Albatta, bunday nomlash ham shartli. 

Biz 1501-yil sanasini bejiz eslamadik. Chunki aynan 1501-yilga kelib Oqqo‘yunlilar saltanati hukm­ronligi o‘z nihoyasiga yetayozgan edi. 

“Terma devon” Oqqo‘yunlilar muhitida tuzilmagan taqdirda ham, majmua Navoiy she’riyatiga ilk munosa­bat namunasi sifatida ahamiyatini saqlab qolaverardi. Muhimi, kim tomonidan amalga oshirilganidan qat’i na­zar, bu majmua “Xazoyin ul-mao­niy”dan olib tuzilgan eng dastlabki (1501-yil) terma devon hamda Navoiy she’riyatiga zamondoshlari munosabatini yaqqol ko‘rsatadigan manba ekanligi bilan ham katta ahamiyatga egadir.

Albatta, 1471-yilda 30 yoshda bo‘lgan navqiron Alisher Navoiy bilan 1501-yildagi 60 yoshli shoir o‘rtasida katta farq bor. Oqqo‘yunlilar 30 yoshli Navoiy she’rlarini o‘g‘uzlashtirishga jazm qilishgandir. 1469-yildan muhrdor va 1472–1476-yillarda vazir lavozimida ishlagan va umuman, ushbu davrlardan boshlab davlat arbobi, Xuroson, Movarounnahr, Usmonlilar saltanati va butun turkiy dunyoga shuhrati yoyilgan ulug‘ shoirning she’rlari matnini o‘zgartirishga bu safar kotiblarning haddilari sig‘magan bo‘lishi ham mumkin.

Savollar ko‘p, taxminlar ham. Muhimi, Navoiy she’riyatiga oid 1501-yilgi “Terma devon”ning aniqlanishi natijasida navoiyshunoslik ilmi ulug‘ shoir yashagan davrga oid yana bir noyob qo‘lyozma manba bilan boyidi. Biz mazkur qo‘lyozma ustidagi izlanishlarni davom ettirib, uning faksimile nashri va tabdilini amalga oshirish niyatidamiz.

Aftondil ERKINOV,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

“Oʻzbek tili va mumtoz sharq adabiyoti” kafedrasi professori,

filologiya fanlari doktori

Manba: “Jadid” gazetasi 2024-yil 9-fevral, 7-son

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish