1

O‘zbekiston – dunyoviy davlat

Taraqqiyotning dunyoviylik yoʻli – mustaqil Oʻzbekistonning ijtimoiy-siyosiy va konstitutsiyaviy maslagidir. Ushbu maslak Oʻzbekiston Respublikasining yangi qabul qilingan Konstitutsiyasining 1-moddasida quyidagicha oʻz aksini topdi: “Oʻzbekiston – boshqaruvning respublika shakliga ega boʻlgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat”.

Dunyoviy davlat – davlat hokimiyati va boshqaruvdan din ajratilgan, boshqaruv diniy qoidalar bilan emas, qonunchilik hujjatlari bilan tartibga solinadigan, qarorlar qabul qilishda diniy asoslarga tayanilmaydigan davlatdir. Shuningdek, din va mafkura davlatning majburlov kuchi bilan oʻrnatilmasligini, ularning davlatdan ayri ekanligini tavsiflaydi.

Shuni alohida taʼkidlash zarurki, dunyoviy davlatda din davlatdan va siyosatdan ajratilsa-da, jamiyatdan ajratilmaydi.

Bugungi zamonaviy oʻzbek jamiyatida Konstitutsiyaga kiritilgan dunyoviylik tushunchasi bir-biridan ajralmas uch qadriyatga asoslanadi. Bular vijdon erkinligi, barcha din va diniy tashkilotlarning qonun oldida tengligi hamda dinning siyosatdan ajratilganligi.

Yangi Konstitutsiyada oʻz aksini topgan “Dunyoviy davlat” tushunchasini tahlil qilar ekanmiz, taraqqiyotining tamal toshi boʻlib xizmat qilayotgan dunyoviylik gʻoyasi aslo xudosizlikka asoslanmagani, yaqin oʻtmishimizdagi oʻxshash daxriy jamiyatni anglatmasligini sogʻlom mushohada qilmoq lozim. Buni tushunish uchun esa “Din nima? Davlat nima? Ularning vazifalari nimalardan iborat? Dunyoviy davlatning dinga boʻlgan munosabati nimalar bilan belgilanadi? Unda diniy eʼtiqodga qanday oʻrin ajratilgan? Din va umum eʼtirof etilgan tamoyillarga asoslangan demokratiya tushunchasi oʻrtasida aloqalar qanday boʻlishi kerak?” degan masalalarni tushunish kerak. 

Maʼlumki, davlat oʻz hududiga, suverenitetiga, hokimiyat va boshqaruv organlari, majburlov apparatiga ega, fuqarolardan soliq undiradigan, umummajburiy huquq, normalarini oʻrnatadigan, zarur boʻlganda ularning ijrosini kuch ishlatish bilan taʼminlaydigan siyosiy tashkilotdir. 

Davlat – mulkchilik shakllarini belgilash, iqtisodiyotni rivojlantirish, fuqarolarning ijtimoiy himoyasini taʼminlash, madaniy-maʼrifiy ishlarni tashkil qilish va amalga oshirish, huquqni muhofaza qilish va huquqbuzarlikka qarshi kurashish, ekologik tahdidlarning oldini olish, mamlakatni ichki va tashqi tajovuzidan himoya qilish, xorijiy davlatlar va xalqlaro tashkilotlar bilan aloqa oʻrnatish va amalga oshirishda hal qiluvchi rolni bajaradi.

Davlat oʻzining vazifa va funksiyalarini Konstitutsiyaga asoslangan holda: parlament, hukumat, vazirlar, sud, advokatura, maxsus xizmat organlari, qurolli kuchlari, mahalliy davlat hokimiyat va boshqaruv organlari, davlat tashkilotlari va muassasalari orqali amalga oshiradi. Bu haqda yangi Konstitutsiyaning 15-moddasida quyidagi tamoyil mustahkamlab qoʻyildi:

“Oʻzbekiston Respublikasida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi soʻzsiz tan olinadi. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga ega, toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiladi va yagona huquqiy makonning asosini tashkil etadi. Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsip va normalari bilan bir qatorda Oʻzbekiston Respublikasi huquqiy tizimining tarkibiy qismidir. Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining qonunida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasi qoidalari qoʻllaniladi. Davlat va uning organlari, boshqa tashkilotlar, mansabdor shaxslar, fuqarolik jamiyati institutlari hamda fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga muvofiq ish yuritadilar”.

Bu jarayonda muhim bir masala – davlat, xususan, uning alohida organlari oʻz vazifa va funksiyalarini bajarish asnosida dindorlar va diniy tashkilotlar bilan xilma-xil munosabatlarga kirishishadi. Din va dunyoviy davlat orasidagi munosabat haqida gap ketar ekan, eng avvalo, dinning davlatdan ajratilishi tamoyili uning asosini tashkil etishini taʼkidlash zarur. Bu haqda Konstitutsiyamizning 75-moddasida “Diniy tashkilotlar davlatdan ajratilgan hamda qonun oldida tengdirlar. Davlat diniy tashkilotlarning faoliyatiga aralashmaydi. Davlat qonunda belgilangan tartibda faoliyat koʻrsatayotgan diniy tashkilotlar faoliyatining erkinligini kafolatlaydi” degan qoida mustahkamlandi.

Ushbu moddani tahlil qilar ekanmiz, diniy tashkilotlarning davlatdan ajratilgani dinning jamiyatdan ajratilganini anglatmasligini ham taʼkidlash zarurdir. Bu fuqarolik jamiyatida din oʻz mavqeiga ega boʻlishini anglatadi. Bu ham Konstitutsiyamizning amaldagi ijrosidan kelib chiqadigan mantiqiy xulosalardan biridir. 

Aytish joizki, maʼnaviy barkamol avlodni tarbiyalash, bunyodkor milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va xalqimizning haqiqiy maʼnaviy surati va siyratini belgilovchi fazilatlarni oʻzida mujassamlashtirgan mehr-oqibat, hamjihatlik, oʻzaro yordam, keksalarga hurmat, sharqona odob-axloq, sharmu hayo kabi eng oliy insoniy tuygʻularning tub mohiyatini anglash va koʻz qorachigʻidek eʼzozlashda aynan diniy tashkilotlar va din arboblarining roli va oʻrni beqiyosligini bugun hech kim inkor etmaydi. Aksincha, bunday bunyodkor faoliyat qizgʻin qoʻllab-quvvatlanmoqda. Buning sababi esa Konstitutsiyamizda ana shunday faoliyat uchun mustahkam huquqiy zamin yaratib berilganidadir. 

Konstitutsiyaviy qoidalarni tahlil qilar ekanmiz taʼkidlash lozimki, Oʻzbekistonda dunyoviy davlat qurish yoʻli tanlanishining oʻziga xos sabablari mavjud. Buning uchun dunyoviy davlatga xos jihatlarni, uning afzalliklarini bilish muhim ahamiyat kasb etadi.

Dunyoviy davlatning muhim jihatlari quyidagilarda ifodasini topgan:

– inson huquqlari va davlat suvereniteti gʻoyalariga sodiqlik;

– demokratiya va ijtimoiy adolatga sadoqat;

– xalqaro huquqning eʼtirof etilgan qoidalari ustunligini tan olish;

– respublika fuqarolarining munosib hayot kechirishlarini taʼminlash;

– insonparvar, demokratik, huquqiy davlat barpo etish;

– Oʻzbek davlatchiligining tarixiy tajribasiga tayanish;

– diniy tashkilotlar va birlashmalarni davlatdan ajratilganliga, qonun oldida tengligi. Davlatning diniy birlashmalar faoliyatiga aralashmasligi;

– fuqarolar tinchligi va milliy totuvligini taʼminlash;

– hozirgi va kelajak avlodlar oldida yuksak masʼuliyatni anglash;

– Oʻzbekistonda davlat va jamiyat qurilishining huquqiy asoslari uning Konstitutsiyasida belgilab qoʻyilganligini.

Yuqorida taʼkidlanganlar barobarida, mamlakatimizda ming yillar davomida asriy qadriyat sifatida xalqimiz qon-qoniga singib ketgan davlatchilik anʼanalari shakllanganligini ham doim eʼtiborda tutish lozim. Konstitutsimizga koʻra, Oʻzbekiston xalqining davlat boshqaruv sohasidagi urf-odat va anʼanalariga sodiq holda demokratik boshqaruvni amalga oshiradi. Bu milliy davlatchilikni demokratik jamiyatga zid emasligini koʻrsatadi. Bundan tashqari Oʻzbekiston demokratiyani biron andozadan koʻchirib olmagan, milliy qadriyatlarimiz bilan hamohang tarzda rivojlantirgan. 

Dunyoviy davlat qurishni koʻzlagan davlatimizning dinga munosabatini belgilovchi zikr etilgan konstitutsion mezonlardan quyidagi ikkita asosiy xulosa kelib chiqadi:

Birinchidan, Oʻzbekistonda barpo etilayotgan demokratik huquqiy va adolatli dunyoviy davlat qurish konsepsiyasida din – madaniy-maʼnaviy omillar umumiy silsilasiga kiruvchi barcha qadriyatlar qatorida teng huquqli qadriyat sifatida soʻzsiz tan olinadi. Mamlakatda turli din vakillarining bagʻrikenglik va tinch-totuvlikda yashashlari taʼminlanadi. Tabiiyki, jamiyatda turli tuman din va madaniyatlar vakillari mavjud boʻlgan holda, davlat boshqaruvi va siyosati albatta bir mafkuraga yoki diniy qarashga asoslana olmaydi. Bunday sharoitda Oʻzbekistonda eng adolatli va toʻgʻri yoʻl dunyoviy davlatchilik boʻlib, ushbu prinsip barcha dinlar hamda turli qarashlarni teng hurmat qilish, barcha fuqarolarning qonun oldida tengligini taʼminlaydi.

Ikkinchidan, sof diniy ehtiyojlarni qondirishdan tashqarida boʻlgan har qanday gʻarazga erishish yoʻlida diniy omildan foydalanishga intilish qatʼiyan man etiladi. Boshqacha aytganda, dinni siyosiylashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi, biroq ayni paytda diniy tashkilotlar va konfessiyalarning rivojlanishiga koʻmak koʻrsatiladi, ularning ichki ishlariga aralashilmaydi, dindorlarga diniy ehtiyojlarini qondirishlariga toʻsqinlik qilinmaydi.

Bu borada davlat rahbari 2023-yil 8-may kuni referendum yakunlariga bagʻishlangan uchrashuvda quyidagilarni taʼkidladi: 

“Oʻzbekiston – dunyoviy davlat va bundan keyin ham shunday boʻlib qoladi. Xalqimizning referendum orqali bildirgan xohish-irodasi, qatʼiy tanlovi ham shu!”.

Shuningdek, mazkur tadbirda Prezidentimiz “Oʻzbekistonda har qanday radikallashuvga, dindan siyosiy maqsadlarda foydalanishga hech qachon yoʻl qoʻyilmasligiga urgʻu berib, bundan buyon ham millati, tili, dini va ijtimoiy kelib chiqishidan qatʼi nazar har bir fuqaroning vijdon erkinligi taʼminlanishini bildirdi. Barcha diniy konfessiyalar faoliyat yuritishi uchun sharoitlar yaratib berilishi, mamlakatda millatlar va konfessiyalar oʻrtasida totuvlik va hamjihatlikni taʼminlash siyosati izchil davom ettirilishini” qayd etdi.

Demak, dunyoviy tabiatga ega davlatimiz dinning barkamol insonni voyaga yetkazishdek nozik va maʼsuliyatli ishdagi cheksiz imkoniyatlaridan foydalanishga intiladi. Ayni paytda diniy daʼvolar bilan niqoblangan, aslida xolis diniy eʼtiqodga mutlaqo aloqasi yoʻk, jamiyatdagi hamjihatlik, millatlararo va dinlararo totuvlik, siyosiy-ijtimoiy baroqarorlikka tahdid soluvchi har kanday urunishlarga dunyoviy davlat tuzumining mutlaqo murosasiz ekanini ham aniq-tiniq koʻrsatib turadi. 

Nigora Yusupova,

Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi professori,

yuridik fanlar doktori

Izoh qoldirish