QUTLOV
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rahbariyati va mehnat jamoasi iqtisodiyot fanlari doktori, professor Nurislom Tuxliyevni Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy akademigi a'zosi bo'lganligi bilan tabriklaydi.
Nurislom Tuxliyev oʻz ilmiy faoliyatini iqtisodiyotni intensivlashtirish va agrosanoat integratsiyasining iqtisodiy mexanizmini takomillashtirish muammolarini oʻrganishdan boshlagan. Bozor munosabatlarining shakllanishi va rivojlanishi, Oʻzbekiston va postsovet mamlakatlari iqtisodiyotini bozor munosabatlariga oʻtkazishga bagʻishlangan dastlabki maqolalar, monografiyalar va oʻquv qoʻllanmalari muallifidir. Uning “Osiyo va Bozor” (1992), “Bozorga oʻtishning mashaqqatli yoʻli” (1999), “Taraqqiyotning oʻzbek modeli” (2014), “Oʻzbekiston iqtisodiyoti” (2019), “Oʻzbekiston iqtisodiyoti anatomiyasi” (2021) “Mintaqaviy iqtisodiy integratsiya: rivojlanish qonuniyatlari, xususiyatlari” (2020) asarlari koʻpchilikka maʼlum va yuqori baholangan.
N.Tuxliyevning iqtisodiyot nazariyasi va milliy iqtisodiyot rivojlanishining nazariy va uslubiy masalalariga bagʻishlangan maqolalari “Вопросы экономики», «Экономические науки», «Известия Академии наук РФ (seriya ekonomicheskix nauk)” kabi nufuzli xorijiy jurnallarda, shuningdek, Xitoy, Koreya Respublikasi, AQSH, Germaniya, Turkiya kabi xorijiy mamlakatlar ilmiy toʻplamlarida chop etilgan. Ilmiy izlanishlari natijalariga koʻra xorijiy davlatlar universitetlarida, xususan, Vashington, Kolumbiya, San-Diyego (AQSH), Chosan (Janubiy Koreya), Tokio (Yaponiya) universitetlarida maʼruzalar oʻqidi.
Tuxliyev N. Oʻzbekistonni innovatsion asosda iqtisodiy rivojlantirish muammolari boʻyicha noyob ilmiy maktab asoschisi. Uning tashabbusi bilan 90-yillarning oʻrtalarida oliy oʻquv yurtlarida “Oʻzbekiston iqtisodiyoti” yangi oʻquv kursi ishlab chiqildi va joriy etildi, darslik va kurs dasturi yaratildi. U 3 nafar iqtisodiyot fanlari doktori va 22 nafar fan nomzodlarini tayyorlagan. 300 dan ortiq ilmiy ishlar, jumladan, 45 ta kitob, monografiya, oʻquv-uslubiy qoʻllanma va darsliklar muallifi. “Islom banklari standartlari” (2023), “Milliy sanoatlashuv jarayonining institutsional muammolari” (2019), “Трансформация промышленной политики Узбекистана в условиях глобализации” (2018) kabi darslik va monografiyalarga ilmiy muharrirlik qilgan.
Tuxliyev N. koʻp jildli “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi”ning bosh muharriri. Hozirda yigirma jilddan iborat boʻlishi kutilayotgan “Islom ensiklopediyasi”ning bosh muharriri. Shu bilan birga, u koʻp tilli universal internet ensiklopediya – Vikipediya uchun maqolalar tayyorlash guruhining rahbari. Uning “Oʻzbekiston Respublikasi” va “Moя страна” asarlari oʻzbek, rus va ingliz tillarida nashr etilgan.
Hozirgi paytda prof. N.Toʻxliyev milliy iqtisodiyotning muhim tarmoqlaridan biri sifatida umumiy va ziyorat turizmini rivojlantirishda faol ishtirok etmoqda. Uning bevosita rahbarligida qator fundamental va amaliy tadqiqotlar olib borildi, Oʻzbekistonda ilk bor “E-ziyorattourism” noyob elektron integratsiyalashgan platformasi yaratilib, bugungi kunda nafaqat mamlakatimizda, balki xorijda ham foydalanilmoqda. Hozirda loyiha tijoratlashtirilmoqda.
N.Toʻxliyev iqtisodchilar orasida kam uchraydigan, bilimlar tizimida faol izlanish va yangi marralarni topishga intilayotgan olimlar toifasiga kiradi.
N.Toʻxliyevning ilmiy-pedagogik faoliyati mamlakatimiz rahbariyati tomonidan alohida eʼtirof etilib “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni (2022) bilan taqdirlangan, “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi” unvoni (1997) berilgan.
Izoh qoldirish