99

Malayziyadagi diplomatik missiyamiz – Akademiya xalqaro aloqalarining asosiy tashkilotchisi

Akademiya delegatsiyasi Malayziyadagi xizmat safari davomidа mamlakatimizning mazkur davlatdagi elchixonasi bilan doimiy hamkorlik qildi. Jumladan, tashrif avvalida ikki tashkilot o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.

Samimiy muloqotda Akademiya rektori Uyg‘un Gʻafurov, prorektorlar Zokirjon Roʻziyev va Salim Dusanov, dotsent Durbek Rahimdjanov, Taʼlim sifatini nazorat qilish boʻlimi boshligʻi Ilhom Berdiyarov, Xalqaro hamkorlik boʻlimi boshligʻi Bahodir Xo‘jayev hamda mamlakatimizning Malayziyadagi elchisi Karomiddin Gadoyev va elchixona birinchi kotibi Elbek Saidov ishtirok etdi.

Uchrashuvda Akademiya vakillari xizmat safarini tashkil etishda amaliy yordam va sharoit yaratib bergani uchun O‘zbekistonning Malayziyadagi elchisi Karomiddin Gadoyev va elchixona birinchi kotibi Elbek Saidovga minnatdorlik bildirdi.

Ta’kidlash joiz, ushbu safar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tashqi begʻaraz koʻmak mablagʻlarini jalb etish mexanizmlarini va donorlar bilan ishlashni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni hamda 2022-yil 28-yanvardagi “2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning Taraqqiyot Strategiyasi toʻgʻrisida”gi farmonida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida tashkil etildi.

Mazkur xizmat safari orqali ushbu mamlakat oliygohlari bilan yaqindan tanishishga imkon berdi. Kelgusidagi samarali hamkorlik uchun muhim zamin yaratildi. 

Uchrashuv davomida Uyg‘un Gʻafurov Akademiya va uning xalqaro faoliyati haqida maʼlumot berib, ushbu tashrif Islom taraqqiyot banki dasturi asosida Malayziya oliy taʼlim muassasalarining ilgʻor tajribalarini oʻrganish uchun tashkil etilganini qayd etdi. Shuningdek, mazkur tashrifni samarali amalga oshirishda elchixona tomonidan tashkiliy masalalarda yordam koʻrsatilayotgani uchun oʻz minnatdorligini bildirdi. 

Bundan tashqari, Malayziya oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikning ahamiyatiga toʻxtalib, ular koʻp yillardan buyon akademiya bilan yaqin hamkorlik qilib kelayotganini alohida taʼkidladi. Shu bilan birga bu taʼlim muassasalari bilan “Ziyorat turizmi”, “Islom iqtisodiyoti va moliyasi” kabi yoʻnalishlar hamda oʻqituvchilar va talabalar almashinuvi, xalqaro grant loyihalarini yoʻlga qoʻyish, maqolalar tayyorlash va chop etish kabi takliflarni ilgari surdi.

Oʻz navbatida elchi K.Gadoyev ikki mamlakat aslida masofa jihatdan uzoq, ammo maʼnan yaqin xalqlar ekanligini taʼkidladi. Xususan, ziyorat turizmi sohasi hamkorlikni rivojlantirishning yangi bosqichi boʻlishini qayd etdi. Bunda Akademiya ushbu soha uchun keng bilimga ega yetuk kadrlarni yetishtiruvchi muhim muassasa ekanligiga toʻxtalib oʻtdi.

Shu bilan birga, hamkorlikning boshqa jihatlari haqida gapirib, elchixona ikki mamlakat taʼlim muassasalari oʻrtasida qoʻshma fakultet va qoʻshma dasturlarni tashkil etishdan manfaatdor ekanini qoʻshimcha qildi va bunda har qanday yordamga tayyor ekanliklarini bildirdi. Maqolalarni chop etish masalasiga toʻxtalib, agar tayyor maqolalar elchixonaga taqdim etilsa, albatta ularni Malayziyadagi nashrlarda chop etish masalasida koʻmak berilishini qoʻshimcha qildi. 

Uchrashuv yakunida elchixona vakillariga Akademiya rektorining tashakkurnomalari taqdim etildi.

Shu bilan Akademiya delegatsiyasining Malayziyaga xizmat safari muvaffaqiyatli tarzda yakunlandi. Mazkur safar Akademiyaning kelgusidagi hamkorlik aloqalari uchun muhim ahamiyat kasb etib, samarali uchrashuvlarga boy o‘tib, amaliy natijalarga erishildi.

Izoh qoldirish