73

Amaliy hamkorlik sari yana bir qadam

Malayziya  xalqaro islom universitetida muassasa rahbariyati bilan rasmiy uchrashuv oʻtkazildi. 

Unda Akademiya rektori Uyg‘un Gʻafurov, prorektorlar Zokirjon Roʻziyev va Salim Dusanov, dotsent Durbek Rahimdjanov, Taʼlim sifatini nazorat qilish boʻlimi boshligʻi Ilhom Berdiyarov, Xalqaro hamkorlik boʻlimi boshligʻi Bahodir Xo‘jayev hamda IIUM universitetining Oʻquv ishlar va xalqarolashtirish boʻyicha prorektori, professor Ahmad Faris bin Ismail, shuningdek, universitet vakillari ishtirok etdi.

Uchrashuv avvalida Ahmad Faris bin Ismail universitet va uning faoliyati haqida maʼlumot berdi.

Oʻz navbatida rektor Uyg‘un Gʻafurov universitet rahbariyatiga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, ishtirokchilarga Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, uning faoliyati va tarkibidagi markazlar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berib oʻtdi. Jumladan, Akademiyaning Malayziya universitetlari bilan aloqalariga toʻxtalib, bunda Malayziya xalqaro islom universiteti alohida oʻrin tutishini va u Toshkent islom universitetining birinchi hamkorlaridan ekanligini qayd etdi. Bevosita hamkorlikning istiqbolli sohalari haqida gapirib, talabalar almashinuvi, yozgi maktablar dasturi kabi loyihalarni amalaga oshirish, xorijiy grantlarni jalb etish, qoʻshma tadqiqotlar olib borish, islom iqtisodiyoti, moliyasi va bank tizimini oʻrganishda hamkorlikni yoʻlga qoʻyish kabi yoʻnalishlarda aniq rejalarni belgilash taklifini bildirdi.

Ahmad Faris bin Ismail talabalar almashinuvi dasturiga toʻxtalib, buni yozgi maktablar dasturi yoki mobillik dasturi orqali amalga oshirish mumkinligini aytib oʻtdi. Xususan, universitetda “Yetakchilik” mavzusida yozgi maktab va “Yozgi oromgoh” dasturlari mavjudligi qayd etildi va ularda ishtirok etish uchun Akademiya talabalari taklif etildi. 

Izoh qoldirish