381

Yoshlarga oid davlat siyosati konsepsiyasi tasdiqlandi

Vazirlar Mahkamasining 18.01.2021-yildagi “O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini 2025-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 23-son qarori qabul qilindi.

Konsepsiya BMTning “Yoshlar–2030” strategiyasida belgilangan “Yoshlar manfaatlarini ko‘zlab, ular bilan ishlash” bosh tamoyiliga asoslanadi. Shuningdek, hujjat bilan Konsepsiyani 2021-2022-yillarda amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi. Konsepsiya 2023-yildan boshlab har yili tasdiqlanadigan tegishli “yo‘l xaritalari” asosida bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.

Yoshlar ishlari agentligiga vazirlik va idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda quyidagi vazifalarni amalga oshirish topshirildi:

– 2022-yildan boshlab har yili 1-dekabrga qadar tegishli “Yo‘l xaritasi” bajarilishi yakunlarini batafsil o‘rganish asosida keyingi yil uchun “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritish;

– tegishli “yo‘l xaritalari”ning bajarilishi ustidan doimiy monitoring olib borish.

Konsepsiyada quyidagi vazifalarni bajarish nazarda tutilgan:

– yoshlarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan huquqiy bazani takomillashtirish;

– ta’limning barcha bosqichlarida yoshlarning sifatli ta’lim olishini ta’minlash, hududlarda inklyuziv ta’lim rivojlanishi uchun shart-sharoit yaratish;

– yoshlarga munosib mehnat sharoitlarini yaratish, ularning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish;

– yoshlarni madaniyat, san’at, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, yoshlarda axborot texnologiyalaridan foydalanish ko‘nikmalarini rivojlantirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish, xotin-qizlar bandligini ta’minlashga qaratilgan “Besh muhim tashabbus”ni amalga oshirish;

– ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bor yoshlar, mehribonlik uylarida tarbiyalangan, yetim bolalar, boquvchisini yo‘qotgan va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni qo‘llab-quvvatlash;

– yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, yoshlar jamoat tashkilotlari va volontyorlik harakatlarini qo‘llab-quvvatlash va boshqalar.

          “Yo‘l xaritasi”ga muvofiq rejalashtirilgan ayrim tadbirlar:

– “Bolalar Ombudsmani to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilish;

– BMTning Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyasi loyihasi bo‘yicha yoshlar ishtirokida keng doirada muhokamalarni tashkil etish;

– O‘zbekiston yoshlari portalini tashkil etish va unda yoshlar siyosatini baholash milliy indekslari, yoshlarga oid qonun hujjatlari bazasini va “Yoshlar murojaati” elektron platformasini shakllantirish;

– yoshlarning innovatsion, amaliy va istiqbolli startap loyihalariga grant mablag‘lari ajratish;

– xalqaro yosh tadbirkorlar biznes forumi va startap tadbirlarini o‘tkazish;

– maishiy zo‘ravonlikka uchrayotgan yosh xotin-qizlarni aniqlash va ularni himoya qilishning ta’sirchan mexanizmlarini ishlab chiqish;

  • “Biz birgamiz” shiori ostida volontyorlar forumini tashkil etish;

– barcha mehribonlik uylarida tarbiyalanuvchilarning inson omilidan zarar ko‘rish holatlarini oldini olish maqsadida hududiy monitoring guruhlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish;

– 2021-yil yakuniga qadar 102 ta tuman (shahar)da raqamli texnologiyalar o‘quv markazlarini tashkil etish.

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 19.01.2021-yildan kuchga kirdi.

Nargiza VOHIDOVA

Manba: "Yangi O‘zbekiston" gazetasi sayti

Izoh qoldirish