88

Malayziya milliy universiteti samarali tashrif va do‘stona muloqotlar maydoniga aylandi

Akademiya delegatsiyasining navbatdagi manzili – Malayziya milliy universiteti (UKM) bo‘ldi. 

Universitetda delegatsiya a’zolari hamda Malayziya milliy universiteti vakillari ishtirokida uchrashuv oʻtkazildi.

Unda Akademiya rektori Uyg‘un Gʻafurov, prorektorlar Zokirjon Roʻziyev va Salim Dusanov, dotsent Durbek Rahimdjanov, Taʼlim sifatini nazorat qilish boʻlimi boshligʻi Ilhom Berdiyarov, Xalqaro hamkorlik boʻlimi boshligʻi Bahodir Xo‘jayev hamda UKM universitetining Oʻquv ishlar va xalqaro masalalar boʻyicha prorektori, professor Muhammad bin Kassim, shuningdek, universitet vakillari ishtirok etdi.

Uchrashuv avvalida Muhammad bin Kassim universitet va uning faoliyati haqida maʼlumot berib, universitetda 12 fakultet, 13 ilmiy tadqiqot instituti faoliyat yuritishini bildirdi. Shuningdek, universitet dunyo universitetlari reytingida 129 oʻrinni egallaydi. Universitetda ayni vaqtda 30000 talaba tahsil oladi.

Oʻz navbatida rektor Uyg‘un Gʻafurov universitet rahbariyatiga samimiy qabul uchun minnatdordik bildirib, ishtirokchilarga Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, uning faoliyati va tarkibidagi markazlar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berib oʻtdi. Jumladan, akademiyaning Malayziya universitetlari bilan aloqalariga toʻxtalib, bunda universitet qoshidagi Islom sivilizatsiyasi instituti alohida oʻrin tutishini va bu aloqalar uzoq yillar davomida shakllanganini qayd etdi. Bevosita hamkorlikning istiqbolli sohalari haqida gapirib, talabalar almashinuvi, xorijiy grantlarni jalb etish, qoʻshma tadqiqotlar olib borish, xalqaro indekslanadigan jurnallarda maqolalar nashrini yoʻlga qoʻyish kabi yoʻnalishlarda aniq rejalarni belgilash taklifini bildirdi.

Bundan tashqari, Islom sivilizatsiyasi instituti direktori, professor Fariza Sham soʻz olib, institut tomonidan 2024-yil avgust oyida tashkil etilishi rejalashtirilgan “Plyurialistik jamiyatda islom” mavzusidagi yozgi maktabga akademiya talabalarini ham ishtirok etishga taklif etdi.

Rektor Uyg‘un Gʻafurov mezbonlarga berilgan batafsil maʼlumotlar va tajriba almashganlari uchun minnatdorlik bildirib, ularni kelgusida akademiyada oʻtkaziladigan xalqaro konferensiyalarda ishtirok etish uchun taklif etdi. 

Uchrashuv soʻnggida akademiya delegatsiyasiga universitet boʻylab tanishtiruv ekskursiyasi tashkil etildi. Jumladan, universitet galeriyasi tanishtirildi.

Izoh qoldirish