71

Islomni anglash instituti – ko‘p yillik hamkor, mushtarak maqsadlar

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi delegatsiyasi Malayziyaga tashrifi davomida Islomni anglash insitituti (IKIM)da uchrashuv oʻtkazdi.

Samimiy muloqotda Akademiya vakillari va IKIM raisi, professor Muhammad Nur Manuti, institut bosh direktori Muhammad Azam Muhammad Adil, shuningdek, institut vakillari ishtirok etdi. 

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, 2020-yil 4-iyun kuni Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi va Malayziya islomni anglash instituti (IKIM) oʻrtasida onlayn uchrashuv tashkil etilib, unda ikki tomonlama Anglashuv Memorandumini imzolash marosimi boʻlib oʻtgan edi.

Uchrashuv avvalida professor Muhammad Nur Manuti delegatsiya aʼzolarini tashrif bilan samimiy qutlab, ularga institut tarkibiy boʻlimlari va asosiy vazifalari toʻgʻrisida atroflicha maʼlumot berdi. 

Jumladan, institut 1992-yilda Malayziyaning Kuala Lumpur shahrida tashkil etilgan davlat taʼlim muassasasi hisoblanadi. Uni tashkil etishda keng koʻlamli tadqiqotlar, seminarlar, forumlar, maslahat uchrashuvlari, treninglar, nashrlar kabi turli dastur va tadbirlar orqali sof islomni tushunishni taʼminlash maqsad qilingan. Shu maqsadda tadqiqotlardan tashqari institut televizion va radio dasturlar tayyorlash bilan ham shugʻullanadi va unda bir nechta maxsus studiyalar faoliyat yuritadi. Ayni vaqtda institut ijtimoiy tarmoqlarda 1,5 million, radio eshittirishlar orqali ham xuddi shuncha tinglovchi va obunachilarga egalik qiladi.

Shu bilan birga, institut raisi noyabr oyida IKIM delegatsiyasining Oʻzbekistonga, xususan, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida tashrifi ikki mamlakatning oʻxshash jihatlari koʻpligini yana bir bor isbotlaganini taʼkidladi. Shu bois, har ikki tomon uchun muhim boʻlgan mavzularda chuqur tadqiqotlar olib borish, islomni notoʻgʻri talqin qilinishiga qarshi birgalikda kurashish lozimligini qayd etdi.

Oʻz navbatida Akademiya rektori Uyg‘un Gʻafurov institut rahbariyatiga samimiy qabul uchun minnatdordik bildirib, yuqoridagi takliflar akademiya uchun ham ahamiyatli ekanligini maʼlum qildi. Shuningdek, qoʻshma tadqiqot ishlarini olib borish bugun ikki muassasa tadqiqotchi-olimlari uchun ham tajriba almashish va oʻz bilimlarini oshirish imkonini yaratishini alohida taʼkidladi.

Uchrashuv soʻnggida akademiya delegatsiyasiga institut boʻylab tanishtiruv ekskursiyasi tashkil etildi. Jumladan, universitetning noyob adabiyotlar saqlanuvchi kutubxonasi tanishtirildi.

Izoh qoldirish