144

Akademiya talaba-qizlari o‘rtasida “Lider qizlar” tanlovi o‘tkazildi

Bugungi globallashuv jarayonida xotin-qizlarning o‘rni va roli har qachongidanda muhim. Shu bois, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy mazmuni ham xotin-qizlarning yangi g‘oya va tashabbuslar bilan chiqishlarini qo‘llab-quvvatlash, jamiyat hayotidagi o‘zgarishlar va ijtimoiy-siyosiy jarayonlarda ularning faol ishtirok etishlarini ta’minlashdan iborat. Zero, inson qadrini ulug‘lash, avvalo, ayolga hurmat va ehtirom, mo‘tabar onalarimizni e’zozlash, munis opa-singillarimizni qadrlash orqali ro‘yobga chiqishi shubhasiz.

E’tirof etish joizki, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi talaba-qizlari o‘rtasida ona Vatanga muhabbat, tanlangan kasbiga sadoqat ruhida tarbiyalash, intellektual salohiyatga ega va iqtidorli yoshlarni aniqlab, ularni munosib rag‘batlantirish, kitobxonlikni keng targ‘ib qilish, yoshlar o‘rtasida sog‘lom do‘stona munosabatlarni qaror toptirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Shu maqsadda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi talaba-qizlari o‘rtasida yoshlar oyligi doirasida “Lider qizlar” tanlovi o‘tkazildi.

Mazkur tadbirda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Ilyos Mirziyotov, fakultet dekanlari, professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirda Ilyos Mirziyotov so‘zga chiqib, Akademiya rektorining tadbir ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi. Tabrikda xotin-qizlarning yurt istiqbolida muhim o‘rin tutishini, ayniqsa, oqila, o‘z sohasining yetuk mutaxassisi bo‘lishga intilayotgan lider qizlar safi ko‘payib borayotganini alohida e’tirof etdi. 

Tanlov 3 ta shartdan iborat bo‘lib, unda Akademiyaning Mumtoz sharq filologiyasi fakultetining “Sharq go‘zallari”, Islomshunoslik fakultetining “O‘zbegim qizlari” hamda Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar fakultetining ‘Iqtisodchi qizlar” jamoalari o‘zaro bellashdi. Tanishtiruv shartida jamoalar ajratilgan vaqt davomida erkin mavzuda, turli kuy-qo‘shiqlar va sahna chiqishlari yordamida o‘zlari tahsil olayotgan ta’lim yo‘nalishi to‘g‘risidagi ma’lumotlar hamda jamoalarini nomi, shiori va ishtirokchilarini tanishtirib o‘tishdi.

2-shartda talabalar kim chaqqonligi borasida bellashishdi. 3-shartda esa milliy kinolardan sahna ko‘rinishi namoyish etildi. 

Tanlov yakunlariga ko‘ra, Hakamlar hay’ati tomonidan “Eng faol jamoa” nominatsiyasi Islomshunoslik fakultetining “O‘zbegim qizlari” jamoasiga, “Eng ijodkor jamoa” nominatsiyasi esa Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar fakultetining ‘Iqtisodchi qizlar” jamoasiga nasib etdi. Mumtoz sharq filologiyasi fakultetining “Sharq go‘zallari” jamoasi “Eng kreativ jamoa” nominatsiyasida e’tirof etildi.  

Shuningdek, “Eng iqtidorli ishtirokchi”, “Eng yaxshi rol ijrochisi” hamda “Eng faol ishtirokchi” nominatsiyalarida ham g‘oliblar aniqlandi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish