203

OITS – insoniyat kelajagiga tahdid

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hamda BMT bosh Assambleyasining 1988-yildagi qaroriga asosan, 1-dekabr – Butunjahon OITSga qarshi kurash kuni sifatida nishonlanadi.

Bu kunni belgilash gʻoyasi birinchi marta 1987-yil avgust oyida Jeneva (Shveytsariya)dagi Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining OITS boʻyicha global dasturining ikki jamoatchi axborot xodimi Jeyms Bunn va Tomas Netter tomonidan oʻylab topilgan.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “OITS va OIV viruslaridan saqlaning!” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Davra suhbatida Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Ilyos Mirziyotov, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Zohidjon Islomov, Mumtoz sharq filologiyasi fakulteti dekani Sayyora Chiniyeva, “Islom tarixi va manbashunosligi IRCICA” kafedrasi mudiri Ne’matillo Muhamedov, Akademiya shifokori Zulfiya Yunusova, Toshkent shahar OITSga qarshi kurashish markazi shifokori Shokir Norqulov, Shayxontohur sanitariya epidemiologiya markazi xodimi Isroil Shamsiddinov, Shayxontohur tumani 48-oilaviy poliklinikasi shifokorlari, Akademiya professor-o‘qituvchilari hamda talabalar ishtirok etdi.

Tadbirni Akademiya prorektori Ilyos Mirziyotov ochib berdi. 

Ma’lumki, OIV infeksiyasi hozirgi kunda barcha mamlakatlar uchun global muammoga aylangan. 2022-yilda dunyoda taxminan 39 million nafar OIV bilan yashovchi odamlar ro'yxatga olingan, ularning uchdan ikki qismi Afrika mintaqasi aholisidir.

Shuningdek, o‘tgan yili 630 000 odam OIV bilan bog'liq sabablarga ko‘ra vafot etgan va 1,3 millionta yangi OIV yuqish holatlari qayd etilgan.

Bu esa o‘z navbatida inson salomatligi, mamlakatlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi hamda xavfsizligiga rahna solayotir.

Mamlakatimizda OITSga qarshi kurash tizimi tomonidan oxirgi yillarda barcha yoʻnalishlarida sezilarli natijalarga erishilmoqda. 2019-2020-yillarda respublikamizning 2 ta yirik shahri – Toshkent va Samarqand OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish va aholi sogʻligʻini yaxshilash toʻgʻrisidagi “Parij deklaratsiyasi” deb nomlanadigan butunjahon tashabbusiga qoʻshildi.

Tadbir davomida OITS (orttirilgan immun tanqisligi sindromi) haqida yigʻilganlarga maʼlumot berildi hamda ushbu asr vabosining kelib chiqishi va tarqalishiga qarshi kurashish chora tadbirlari haqida gapirib oʻtildi. Bu bugungi kunda nafaqat tibbiyot xodimlaridan balki butun jamiyatdan ham ogohlik va sergaklik talab qilishi taʼkidlandi.

Shuningdek, talabalar OITS qanday kasallik, uning yuqish yo’llari va kechishi, asoratlari va profilaktikasi bilan tanishdilar. 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish