219

Qozogʻiston va Rossiyaning yetakchi islom universitetlari rektorlari Akademiya talabalari uchun maʼruza oʻqidi

Xabaringiz bor, Mir Arab oliy madrasasida “Mir Arab madrasasining 500 yilligi” tantanalari munosabati bilan “Boqiy Buxoroning islom sivilizatsiyasidagi oʻrni” mavzusida xalqaro anjuman bo‘lib o‘tgan edi. Tadbir doirasida yurtimizga xorijlik koʻplab muftiylar, ulamolar va taʼlim muassasalari rektorlari tashrif buyurdi.

Anjumanda ishtirok etgan bir qator olimlar bugun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida bo‘lishdi.

Jumladan, Rossiya Federatsiyasining Tatariston Respublikasi muftiysining o‘rinbosari, Rossiya islom instituti hamda Qozon islom universiteti rektori Rafik Muhametshin hamda Qozog‘istondagi “Nur-Muborak” Misr islom madaniyati universiteti rektori, doktor Muhammad al-Shahhat Abdulhamid Muhammad al-Jindiy professor-oʻqituvchilar va talabalarga maʼruza qildi.

Mazkur uchrashuvda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov, Akademiya prorektorlari, professor-oʻqituvchilar hamda talabalar ishtirok etdi.

Uchrashuv avvalida Uyg‘un G‘afurov mehmonlarni Akademiyada yana bir bor koʻrib turganidan mamnunligini bildirdi.

Shundan so‘ng “Nur-Muborak” Misr islom madaniyati universiteti rektori, doktor Muhammad al-Shahhat Abdulhamid Muhammad al-Jindiy O‘zbekiston olimlari qadimdan dunyo ilm-fani tamadduniga katta hissa qo‘shgani haqida so‘z yuritdi. Bugungi kunda Akademiyada diniy va dunyoviy bilimlar uyg‘un holda o‘qitib kelinayotgan dunyodagi nufuzli oliy ta’lim dargohlaridan biri sifatida ekanini e’tirof etdi. Yoshlarning barkamol voyaga yetishi va dunyoda raqobatbardosh mutaxassis sifatida o‘z o‘rniga ega bo‘lishida bu juda muhim omil ekanini ta’kidladi.

Tatariston Respublikasi Rossiya islom instituti rektori Rafik Muhametshin esa Oʻzbekiston qadimdan ilm-maʼrifat markazi boʻlib kelgani, islom sivilizatsiyasining rivojlanishida ushbu mamlakatda yashab oʻtgan buyuk shaxslarning oʻrni muhim boʻlganini qayd etdi. Islom dini jamiyatdagi mafkuraviy qarashlar va gʻoyalarda muhim oʻrin tutgan, insonlarni axloqiy poklikka va maʼnaviy goʻzallikka daʼvat etgan insonparvarlik dini ekanini ta’kidladi. Yoshlarning ilm olishlari bugungi davrda har qachongidan-da muhim ekanini qayd etdi. Xorijiy tillarni ko‘proq bilish tafakkur tarsi kengayishiga xizmat qilishini e’tirof qildi.

Shu bilan birga, soʻnggi yillarda turli millat va din vakillari oʻrtasida yaxshi qoʻshnichilik va doʻstona munosabatlarni oʻrnatishda musulmonlarning oʻrni haqida toʻxtaldi.

Suhbat davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi.

Uchrashuv yakunida mehmonlarga Akademiya tomonidan esdalik sovg‘alari taqdim qilindi. O‘z navbatida koʻrsatilgan iltifot va yuqori darajadagi mehmondoʻstlik uchun minnatdorlik bildirishdi.

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish