238

Xorijiy delegatsiya Akademiyaga tashrif buyurdi

Rossiya Federatsiyasi Musulmonlar diniy idorasi raisi birinchi o‘rinbosari, Moskva islom instituti rektori, “Medina” nashriyot uyi bosh muharriri Damir Muxetdinov boshchiligidagi xorijiy delegatsiya Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasiga tashrif buyurdi.

Uchrashuvni rektor Uyg‘un G‘afurov kirish soʻzi bilan ochib, mehmonlarni Oʻzbekistonga xususan, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasiga tashrifi bilan qutladi. Akademiya rektori oʻz soʻzida Akademiyaning ochilish tarixi, hozirgi kundagi faoliyati, fakultetlari hamda xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik toʻgʻrisida maʼlumot berdi.

Oʻz navbatida mehmon Damir Muxetdinov Akademiya rahbariyatiga avvalo samimiy qabul va tashkil etilgan uchrashuv uchun minnatdorchilik bildirdi. Shuningdek, Rossiyaning ayni vaqtdagi musulmon dunyosi uchun Oʻzbekiston beshik vazifasini bajarganligini taʼkidlab, bugun faoliyat yuritayotgan nufuzli diniy rahbarlar aynan Oʻzbekistonda tahsil olganini alohida eʼtirof etdi. Soʻzida davom etib, oʻz faoliyati, xususan Moskva islom instituti, “Zamonaviy dunyoda islom” nomli jurnal, “Medina” nashriyot uyi toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berdi. Jumladan, rossiyalik sharqshunos olimlarning asarlarining qayta nashri yoʻlga qoʻyilganini qayd etdi. Shu oʻrinda, oʻz tahriri ostidagi kitoblardan Akademiyaga taqdim qildi. 

Oʻz navbatida Akademiya rektori mehmonlarga minnatdorlik bildirib, soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda ilm-fan, diniy-maʼrifiy sohalarda keng koʻlamli islohotlar olib borilayotganini bildirdi. Birgina Akademiya misolida bitiruvchilar turli nufuzli davlat va nodavlat tashkilotlarda faoliyat yuritayotgani, ilmiy sohada esa bir qator yutuqlarga erishayotganini qoʻshimcha qildi.

Uchrashuv davomida Akademiya professori Saidakbar Agzamxodjayev soʻz olib, ikki tomon oʻrtasida ilmiy maqolalar almashish, xalqaro konferensiyalarda ishtirok etish kabi takliflarni bildirdi.

Mehmon tomon yuqoridagi takliflarni yuqori baholab, albatta bular bilan birga diniy-maʼrifiy sohalardagi yangiliklarni yoritish masalasiga alohida eʼtibor qaratish lozimligini qayd etdi.

Tashrif yakunida mehmonlarga Akademiyadagi Manbalar xazinasi boʻlimida saqlanayotgan nodir qoʻlyozma asarlar tanishtirildi. Boʻlim ularda katta taassurot qoldirdi.

Delegatsiya koʻrsatilgan iltifot va yuqori darajadagi mehmondoʻstlik uchun minnatdorlik bildirdi.

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi

Izoh qoldirish