196

Shayxulislom Ollohshukur Poshozodaga “Faxriy doktor” unvoni berildi

Bugun, 24-noyabr kuni Turkiy davlatlar tashkiloti musulmon diniy idoralari rahbarlari kengashining toʻrtinchi yigʻilishida ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif buyurgan Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, Shayxulislom Ollohshukur Poshozodaga Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori, tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) Uygʻun Gʻafurov Ilmiy kengashning “Faxriy doktor” ilmiy unvonini topshirdi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari boʻyicha maslahatchisi Muzaffar Komilov ushbu yuksak eʼtirof Shayxulislom Ollohshukur Poshozodaning qardosh xalqlar munosabatlarini rivojlantirish, Islom dini maʼrifatini keng yoyish, moʻmin-musulmonlar hamjihatligini mustahkamlash hamda ilmiy-ijodiy faoliyatlaridagi samarali mehnatlarining natijasi ekanini taʼkidladi.

Oʻz navbatida Shayxulislom Ollohshukur Poshozoda yuksak eʼtibor va ehtiromdan cheksiz mamnun ekanligini izhor etib, erishgan yutuq va muvaffaqiyatlari zamirida shu yurt ustozlaridan olgan saboqlari, yoʻl-yoʻriqlari mujassam ekanligini bildirdilar.

Shayxulislom ushbu unvon katta masʼuliyat ekanligi, unga munosib boʻlish uchun kuch-gʻayrat va salohiyatini sarflashini maʼlum qildi.

Izoh qoldirish