Xalqaro hamkorlik aloqalari davom etmoqda
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasiga Sharif Hidoyatillo islom universiteti Xalqaro hamkorlik markazi rahbari Mayla Dinia Xusni Raxim boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.
Uchrashuvda Akademiya rektor maslahatchisi Oʻtkir Hasanboyev, Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha birinchi prorektor Ilyos Mirziyotov, Oʻquv ishlari boʻyicha prorektor Zokirjon Roʻziyev, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Jamoliddin Karimov hamda Xalqaro hamkorlik boʻlimi boshligʻi Bahodir Xoʻjayev ishtirok etdi.
Muloqot avvalida rektor maslahatchisi Oʻtkir Hasanboyev uchrashuvni ochib berib, mehmonga Akademiya rektori Uyg‘un Gʻafurovning salomini yetkazdi. Shundan soʻng, Akademiyaning bugungi kundagi xalqaro hamkorlik aloqalari, ilmiy faoliyati, maqsad va vazifalari, yaqin istiqboldagi rejalari haqida toʻxtalib oʻtdi hamda 40 dan ziyod xorijiy universitet va ilmiy markazlar bilan oʻzaro kelishuvlar mavjudligini bildirdi.
Oʻz navbatida, Mayla Dinia Xusni Raxim samimiy qabul uchun Akademiya rahbariyatiga minnatdorchilik bildirib, Sharif Hidoyatillo islom universiteti toʻgʻrisida va uning faoliyati, markazlari, taʼlim yoʻnalishlari, hamkorlari toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berdi. Mayla Dinia Xusni Raxim Akademiyadagi oʻquv tizimi va yoʻnalishlari Sharif Hidoyatillo islom universiteti bilan koʻp tomonlama bir-biriga hamohang ekanligini qayd etdi.
Ikki taʼlim muassasalaridagi xalqaro konferensiya va seminarlarda muassasalarning professor-oʻqituvchilari ishtirokini taʼminlash, talabalar almashuvini yoʻlga qoʻyish, Indoneziyada Markaziy Osiyo tarixini oʻrganuvchi mutaxassislar kamligini inobatga olib, Oʻzbekistondagi islomshunos professor-oʻqituvchilarni Sharif Hidoyatillo islom universitetiga shartnoma asosida jalb etishni yoʻlga qoʻyish takliflari bildirildi.
Suhbat davomida Oʻquv ishlari boʻyicha prorektor Zokirjon Roʻziyev Akademiya ilmiy salohiyati, fakulʼtetlar va ulardagi taʼlim yoʻnalishlari, talabalarga bilim berishda oʻziga xos yondashuvlar haqida maʼlumot berdi. Shuningdek, joriy yil Akademiya professor-oʻqituvchi va talabalarining Singapur – Malayziya – Indoneziya mamlakatlariga “Yozgi maktab” dasturi doirasida safari amalga oshirilgani hamda Jakarta Sahid universitetida Akademiya markazi tashkil etilganini bildirdi. Shu oʻrinda, Sharif Hidoyatillo islom universiteti bilan “Yozgi maktab” doirasida hamkorliklar yoʻlga qoʻyish imkoniyatlari mavjudligiga toʻxtaldi.
Uchrashuvda Ilyos Mirziyotov Akademiya tarixi haqida qisqacha toʻxtalib oʻtib, hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlari sifatida ikki tomonlama bilim va malaka almashish maqsadida oʻqituvchi va talabalarga mahorat darslari, trening mashgʻulotlarini onlayn va oflayn tarzda tashkil etish, ilmiy jurnallarda maqolalar chop etishni yoʻlga qoʻyish, Radikalizm va ekstremizmga qarshi kurashish mavzusi boʻyicha birgalikda konferensiya oʻtkazish kabi bir qator takliflar bildirdi.
Uchrashuv yakunida ikki tomon bir-birlariga esdalik sovgʻasi topshirdi hamda delegatsiya koʻrsatilgan iltifot va yuqori darajadagi mehmondoʻstlik uchun minnatdorlik bildirdi.
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi
Izoh qoldirish