190

Akademiyaga “Musulmon oqsoqollar kengashi” Bosh kotibi tashrif buyurdi

Bugun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Birlashgan Arab Amirliklarining “Musulmon oqsoqollar kengashi” Bosh kotibi Muhammad Abdulsalom boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muloqotda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov, Akademiya prorektorlari – Ilyos Mirziyotov, Zohidjon Islomov, Zokirjon Ro‘ziyev, rector maslahatchisi O‘tkir Hasanboyev, Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Bahodir Xo‘jayev hamda “Arab tili va adabiyoti al-Azhar” kafedrasi katta o‘qituvchisi Akbar Kazakbayev ishtirok etdi.

Samimiy va do‘stona kechgan uchrashuvda Akademiya rektori Uyg‘un G‘afurov islom ilm-fani va madaniyatining boy tarixiy, ilmiy, ma’naviy merosini har tomonlama o‘rganish, islom dinining insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berishda turli xalqaro ilmiy O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi va boshqa diniy ta’lim muassasalari orasida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. 

Shu bilan birga, Muhammad Abdulsalom Akademiya tomonidan ko‘rsatilgan iltifot uchun minnatdorlik bildirar ekan, O‘zbekiston zamini buyuk muhaddis olimlar, taniqli mutafakkirlar yurti ekanini ta’kidladi. Akademiya va “Musulmon oqsoqollar kengashi” o‘rtasida hamkorlik aloqalari har ikki tomon uchun manfaatli bo‘lishini qayd etdi.

Kengashning asosiy maqsadi musulmon olamida tinchlikni targʻib qilish, nizolarni toʻxtatishda birgalikda harakat qilish hisoblanib, kengash boshqaruvi aʼzoligiga oʻzining mustaqilligi va moʻtadilligi bilan nufuzga erishgan musulmon olimlari va ekspertlari jalb qilingan.

Uchrashuvda Akademiyaning ilmiy faoliyati, maqsad va vazifalari, yaqin istiqboldagi rejalari hamda Akademiya huzurida faoliyat yuritayotgan markazlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi. 

Yakunda “Manbalar xazinasi” bo‘limi faoliyati yaqindan tanishtirildi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish