217

Xalqaro hamkorlik rivoji yo‘lida yana bir qadam

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Birlashgan Arab Amirliklarining “Musulmon oqsoqollar kengashi” Bosh kotibi Muhammad Abdulsalom boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.

Mehmonlarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining din va millatlararo munosabatlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Muzaffar Komilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev, qo‘mita raisi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov hamda Akademiya mutasaddilari kutib oldi.

Muloqotda Muzaffar Komilov so‘nggi yillarda mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohaga berilayotgan e’tibor, “jaholatga qarshi ma’rifat” bilan kurash tajribasi haqida so‘z yuritdi.

O‘z navbatida Muhammad Abdulsalom O‘zbekistonga tashrifidan mamnun ekanini ta’kidladi. Tomonlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik aloqalari rivojlanayotganini e’tirof etdi. 

Ma’lumki, “Musulmon oqsoqollar kengashi” mustaqil xalqaro tashkilot boʻlib, u 2014-yil 18-iyul kuni Birlashgan Arab Amirliklarining Abu Dabi shahrida tashkil etilgan.

Kengash faoliyati BAA prezidenti shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon tomonidan qoʻllab-quvvatlanadi hamda moliyalashtiriladi.

Kengashning asosiy maqsadi musulmon olamida tinchlikni targʻib qilish, nizolarni toʻxtatishda birgalikda harakat qilish hisoblanib, kengash boshqaruvi aʼzoligiga oʻzining mustaqilligi va moʻtadilligi bilan nufuzga erishgan musulmon olimlari va ekspertlari jalb qilingan.

Muloqot yakunida hurmatli mehmonga mutasaddilar tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish