293

Davlat bayrog‘i – baxt va iftixorimiz timsoli

18-noyabr – O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i qabul qilingan kun

Davlat bayrog‘i millatning birligi, mustaqilligi timsoli sifatida o‘sha xalqning orzu-istaklarini, umidlarini, kelajakka bo‘lgan ishonchini o‘zida ifoda etadi. Dunyodagi deyarli barcha mustaqil davlatlar o‘z bayrog‘iga ega. 

Mamlakat va jamiyat taraqqiyoti hamda uning barqarorligida davlat ramzlarining alohida o‘rni bor. Shu ma’noda, milliy bayrog‘imiz davlat va jamiyat hayoti, uning jahon hamjamiyatidagi o‘rni hamda rolini ko‘rsatishda muhim ahamiyatga ega bo‘lib, har birimiz uchun iftixor timsoli hisoblanadi. 

Tariximizga nazar tashlaydigan bo‘lsak, Amir Temur bobomizning uning piri Sayid Baraka Amir Husaynga qarshi jangga kirishdan oldin bayroq va nog‘ora taqdim etgan. Sohibqiron hokimiyat tepasiga kelganidan keyin ham davlat ramzlariga nihoyatda katta ahamiyat bergan. Jang vaqtida agar bitta jangchi tirik qolsa ham, u mamlakat bayrog‘ini baland tutsin, deya farmon bergan ekan. Chunki davlat bayrog‘ining egilishi o‘sha davlatning jangda mag‘lub bo‘lganini bildiradi. “Temur tuzuklari”da qayd etilishicha, yov ustidan shijoat va mardlik ko‘rsatib g‘alaba qozongan amirlar hamda sipohiylarga davlat timsollari – tug‘ va nog‘ora in’om qilingan. Bu esa saltanat ramzlari nechog‘li baland maqom tutganidan dalolat beradi. “Yo Vatan, yo sharafli o‘lim”, deya o‘z yurti uchun kurashgan Najmiddin Kubro mo‘g‘ullarga qarshi jangda Vatanining bayrog‘ini qattiq himoya qilgan va uni tutib jon bergan. 

O‘zbekistonimiz istiqlolga erishgach, eng avvalo, davlatimiz ramzlari tasdiqlandi. 1991-yil 18-noyabr xalqimiz yodida o‘chmas va qutlug‘ sanalardan biri bo‘lib qoldi. Shu kuni “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Mazkur qonunning 2-, 3-moddalarida bayrog‘imiz O‘zbekiston Respublikasi davlat suverenitetining ramzi ekanligi, xalqaro munosabatlarda O‘zbekiston Respublikasining timsoli bo‘lishi belgilab qo‘yildi.

2010-yilning 24-dekabrida “O‘zbekiston Respublikasining davlat ramzlari haqidagi ayrim qonun hujjatlariga va O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni imzolandi. Ushbu qonunga binoan “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to‘g‘risida”gi qonunlar va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qator o‘zgartish hamda qo‘shimchalar kiritildi. “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi qonunning 4-moddasi to‘rtinchi qismidagi “Yangi oy va yulduzlarning” degan so‘zlar “Oq rangli yangi oy va o‘n ikkita oq rangli besh qirrali yulduzlarning” degan so‘zlar bilan almashtirildi. Bu esa bayrog‘imiz tasviri haqidagi tasavvurni yanada aniqlashtirdi. Ma’lumki, yangi oy – mustaqilligimizni, o‘n ikki yulduz beg‘uborlik, donishmandlik ifodasi sifatida Vatanimizda yashayotgan insonlar hamisha komillikka intilishi va saodatga eltuvchi yo‘lni tanlashini bildiradi.

Davlat bayrog‘ining tasviri tushirilgan belgilar O‘zbekiston Respublikasi Fuqaro havo kemalari davlat reyestri yoki O‘zbekiston Respublikasi Davlat havo kemalari – davlat reyestriga kiritilgan havo kemalariga, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Aviatsiya ma’muriyati hisobida turuvchi eksperimental havo kemalariga, qonun hujjatlarida belgilangan hollarda avtomototransport vositalari va ular tirkamalarining davlat ro‘yxatidan o‘tkazish raqam belgilariga hamda O‘zbekiston Respublikasining asosiy chegara belgisiga qo‘yiladi. Davlat bayrog‘i tasviri tushirilgan belgilardan O‘zbekiston Respublikasiga tegishlilikni belgilash maqsadida predmetlar, o‘quv-tarbiya jarayoni, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi davlat mukofotlarining elementi sifatida foydalanilishi mumkin. Ta’kidlash lozimki, bayrog‘imiz respublikamiz dunyoda xalqaro hamjamiyatning tenglar ichra teng a’zosi ekanligini anglatadi va o‘zida milliy-madaniy an’analarimizni mujassamlashtiradi. U bizning hech kimdan kam emasligimiz hamda aslo kam bo‘lmasligimizni yaqqol namoyon etadi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, bayrog‘imizni e’zozlash fuqarolarda o‘zining qadr-qimmatiga, o‘z mamlakatiga va shaxsiga bo‘lgan ishonchni yanada mustahkamlaydi.

Bugun milliy bayrog‘imiz davlat idora hamda muassasalari, o‘quv yurtlari, O‘zbekiston a’zo bo‘lgan xalqaro tashkilotlar, chet ellardagi elchixona va doimiy vakolatxonalarimiz peshtoqida hilpirab turibdi. Turli bayram tantanalari, mamlakatimiz a’zolari qatnashayotgan xalqaro miqyosdagi siyosiy, madaniy-ma’rifiy tadbirlar, nufuzli sport musobaqalarida ham bayrog‘imiz Vatanimizning sha’ni, xalqimizning g‘ururini yorqin aks ettirmoqda. Bayroq o‘zida davlatning tarixiy qiyofasini, urf-odatlari, madaniyati, mamlakatning ma’muriy-hududiy tuzilishini ham majoziy ravishda mujamssamlashtiradi. bugungi kunda sportchilarmiz nufuzli musobaqalarda ishtirok etib, Vatanimiz bayrog‘ini baland ko‘targanidan har birmizning qalbimiz faxr-iftixor tuyg‘ulariga to‘ladi. Nafaqat sport sohasida, shuningdek, ilm-u ma’rifatda ham yurtimizning shon-sharafini olamga yoyayotgan, bayrog‘imiz yuksaklarda hilpirashiga o‘z hissasini qo‘shib kelayotgan fidoiy insonlarni ko‘rib, ularga havas qilamiz. Aslini olganda, shu zaminda yashayotgan har bir fuqaro davlatimiz ramzlariga nisbatan hurmat-ehtiromda bo‘lishi, Vatanimiz ravnaqiga o‘zining hissasini qo‘shishga intilib yashashi lozim. Har birimiz mana shu mas’uliyatni chuqur anglasak va harakat qilsak, bayrog‘imiz yanada yuksaklarda hilpiraveradi. 

“O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi qonunda nodavlat notijorat tashkilotlarining ramzlari O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘iga o‘xshash bo‘lishi mumkin emas hamda Davlat bayrog‘ining elementlarini nodavlat tashkilotlari hujjatlarining rekvizitlari yoki reklama materiallariga kiritilishiga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan. Har yili an’anaga ko‘ra, turli davlat va jamoat tashkilotlari tomonidan davlat mustaqilligi bayrami hamda 9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan jamoatchilikka bayramning kutilgan tuhfasi sifatida bayrog‘imiz aks ettirilgan suvenir, lentalar va boshqa mahsulotlar bayram kunlari millionlab nusxada ishlab chiqariladi hamda ko‘p hollarda u beg‘araz taqdim etiladi. Albatta, yuragida Vatan tuyg‘usi jo‘sh urgan odam bunday vatanparvarlikka, birdamlikka chorlovchi davlat ramzlari aks etgan esdalik sovg‘alarini jon dilidan yaqinlariga ham ulashadi. 

Ma’lumki, mamlakatimiz mustaqillikka erishganidan so‘ng dunyoda mavjud bo‘lgan 200 dan ortiq davlatlar qatorida O‘zbekiston ham mustaqillik, hurlik, tinchlik va barqarorlik timsoli bo‘lib kelgan o‘z davlat ramzlariga ega bo‘lib, ularni tartibga soluvchi mustahkam qonunchilik bazasini yaratdi.

“O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi qonunning 13-moddasida “O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari, shuningdek, O‘zbekistonda turgan boshqa shaxslar O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘ini hurmat qilishlari shart” ekanligi hamda “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risidagi qonunchiligini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi” degan fikrlar tegishli normalar bilan o‘z ifodasini topgan.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, davlatimiz bayrog‘i tinch va osoyishta, ozod hamda erkin hayotimiz, yorug‘-kelajagimizga bo‘lgan ishonchimiz timsoli sifatida doimo baland hilpirayversin. 

Tavakkal CHORIYEV,

Kozimjon TOJIYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari

O‘zA

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish