173

Akademiyada xalqaro simpozium o‘tkazildi

Markaziy Osiyo mintaqasi jahon sivilizatsiyasi markazlaridan biri sifatida e’tirof etiladi. Asrlar davomida ajdodlarimiz jahon tamadduni rivojiga beqiyos hissa qo‘shib, ilm-fanning turli sohalarga oid nodir asarlar yozib qoldirgan. 

E’tirof etish joiz, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda islom dini qadriyatlariga e’tibor tobora ortib bormoqda. Mamlakatimizda pok islom dinini o‘rganish uni jamiyatimizning ijtimoiy hayotiga tatbiq etish muhim masalalardan hisoblanadi. Shu ma’noda, islom sivilizatsiyasiga beqiyos hissa qo‘shgan bu allomalarning hayot yo‘llari va ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish, tadqiq etish bugungi kunda dolzarb mavzuga aylandi. 

Shu maqsadda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Millat rivojida islom sivilizatsiyasidan olinadigan hikmatlar” mavzusida xalqaro simpozium o‘tkazildi. 

Mazkur anjumanda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Malayziya islomni anglash instituti hamkorligida tashkil etildi.

Simpoziumda Akademiya rektori Uyg‘un G‘afurov, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Shoazim Minovarov, Malayziya islomni anglash instituti raisi Muhammad Nur Manuti, institut vakillari, Islom sivilizatsiyasi markazi xodimlari, Akademiya professor-o‘qituvchilari hamda talaba-magistrlar ishtirok etdi.

Akademiya rektori so‘nggi yillarda davlatimiz rahbari tomonidan buyuk allomalarimiz va ularning ilmiy meroslarini o‘rganish hamda ularning ilm-ma’rifat, bag‘rikenglik g‘oyalari ruhida yoshlarni tarbiya qilishga katta urg‘u berilayotganini alohida ta’kidladi. Bu borada Prezidentimiz tashabbusi bilan yurtimizda Uchinchi Renessans davriga qadam qo‘yilayotganini e’tirof etdi.

Tadbirda “Islom sivilizatsiyasidan olingan hikmat saboqlari kimga kerak?”, “Malaysia MADANI” sivilizatsion loyiha sifatida”, “Abu Hafs Nasafiyning islom ilmlari rivojidagi oʻrni”, “Islom va fan taraqqiyoti: Malayziya tarixidan saboqlar”, “Ibn Sinoning axloq-odobga oid asarlari va ularning xususiyatlari”, “Islom sivilizatsiyasining davlatchilik hikmati” hamda “Islom sivilizatsiyasida aniq fanlar rivojida Muso al-Xorazmiyning hissasi” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.

Simpoziumda so‘zga chiqqanlar Markaziy Osiyoning islom sivilizatsiyasi rivojidagi tarixiy o‘rni, mintaqa allomalarining ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish borasida olib borayotgan ilmiy tadqiqotlari haqida batafsil ma’lumot berdi.

Anjuman ishi davomida yoshlarni Vatanga muhabbat, milliy-diniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, mamlakatning islom sivilizatsiyasini rivojlantirish borasidagi rolini yanada oshirish hamda buyuk allomalar jahon tamadduniga qo‘shgan hissasini milliy va xalqaro miqyosda ommalashtirish jarayoni qizg‘in davom etayotgani ta’kidlandi. 

Darhaqiqat, yurtimizdagi umummilliy yuksalishlar, tarixiy uyg‘onish jarayonlarining ildizlari, uning mazmun-mohiyatini aholi, ayniqsa, yoshlarga yetkazish, ularni ilm-ma’rifatga da’vat etish borasida sezilarli qadamlar tashlanmoqda. Muqaddas islom dini bilan bog‘liq boy merosni ilmiy tadqiq etish, uning Markaziy Osiyo sivilizatsiyasi rivojidagi o‘rni innovatsion usullar orqali targ‘ib qilinmoqda.

Bu borada poytaxtimizda qad rostlayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi “Uchinchi Renessans – Yangi O‘zbekiston” g‘oyasini keng targ‘ib qiluvchi, mamlakat tarixining yangi yuksalish davridagi yutuqlarini ilmiy asosda o‘rganuvchi, uni keng jamoatchilikka yetkazib beruvchi hamda moddiy-madaniy meros namunalari, islom dini bilan bog‘liq qadimiy va boy an’analarni targ‘ib qiluvchi ilmiy-ma’rifiy maskan bo‘lib xizmat qilishi e’tirof etildi.

Qizg‘in munozara, savol-javoblar ostida o‘tgan simpozium yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. Hamkor tashkilotlar bilan ilmiy-amaliy aloqalarni yanada davom ettirish borasida fikrlar almashildi. 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish