Malayziya islomni anglash instituti raisi bilan uchrashuv
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Malayziya islomni anglash instituti raisi Muhammad Nur Manuti boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.
Mehmonlarni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov, Akademiya prorektorlari – Ilyos Mirziyotov, Zohidjon Islomov, Zokirjon Ro‘ziyev, rektor maslahatchisi O‘tkir Hasanboyev, Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Bahodir Xo‘jayev hamda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Jamoliddin Karimov kutib oldi.
Uchrashuvda Akademiya vakillari hurmatli mehmonlarni yurtimizda, xususan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ko‘rib turganidan mamnunligini bildirdi. Delegatsiya a’zolarining ishlariga muvaffaqiyat tiladi.
Akademiya rektori yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan o‘zgarishlar, islohotlar jarayoni haqida so‘z yuritdi. Xususan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida xassos soha – muqaddas islom dinini ilmiy nuqtayi nazardan fundamental tadqiq etish, ulug‘ allomalarimiz ma’naviy merosini qayta kashf etish orqali dunyo sivilizatsiyasiga munosib hissa qo‘shadigan yuksak salohiyatli, raqobatbardosh mutaxassis kadrlarni tayyorlashda tizimli ishlar amalga oshirilayotgani e’tirof etildi.
Uchrashuv davomida respublikaning boy maʼnaviy-madaniy merosini o‘rganish, ikki mamlakatning ilmiy-tadqiqot va oliy taʼlim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni yana-da rivojlantirish masalalari bo‘yicha suhbatlashildi.
Muloqotda Islom ilm-fani va madaniyatining boy tarixiy, ilmiy, ma’naviy merosini har tomonlama o‘rganish, islom dinining insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berishda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi boshqa diniy-ta’lim muassasalari orasida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlandi.
Malayziya islomni anglash instituti raisi Muhammad Nur Manuti dunyoda matematika, fizika, geometriya, astronomiya, tibbiyot kabi fundamental sohalarning rivojlanishida o‘zbekistonlik olimlarning o‘rni yuksak ekanini bildirib o‘tdi. Markaziy Osiyoda muqaddas din tadrijiyligi, buyuk mutafakkirlar hamda davlat arboblarining islom taraqqiyotida tutgan ulkan o‘rni xususida atroflicha fikr yuritildi.
Muloqot yakunida mehmonlar yuqori darajadagi hurmat va mehmondo‘stlik uchun Akademiya mutasaddilariga samimiy minnatdorlik bildirdi.
Rasmiy uchrashuvdan so‘ng “Millat rivojida islom sivilizatsiyasidan olinadigan hikmatlar” mavzusida xalqaro simpozium tashkil etildi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish