119

Jahon tamadduniga daxldorlik hissi

XALQARO ANJUMAN

Oradan necha asrlar o‘tganiga qaramay, o‘rta asrlarda yashab ijod qilgan, jahon tamadduni rivojiga bebaho hissa qo‘shgan alloma va mutafakkirlar dahosi, ilm-fanning turli yo‘nalishlaridagi izlanishlari va qomusiy bilimlari hamon e’tirof etilmoqda. Ilm-fanning turli sohalarida kashfiyotlar qilgan ajdodlarimiz islom ilmida ham peshqadam bo‘lib, islom sivilizatsiyasiga beqiyos hissa qo‘shishgan. Ularning hayot yo‘llari va ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish, tadqiq etish bugungi kunda dolzarb mavzuga aylangan.

Mintaqada islom sivilizatsiyasining o‘rnini o‘rganish va targ‘ib qilish maqsadida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida IRCICA – Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq etish xalqaro markazi bilan hamkorlikda “Markaziy Osiyoda islom sivilizatsiyasi: o‘tmish va hozirgi zamon” mavzusida IV xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi. Onlayn va offlayn formatda tashkil etilgan xalqaro konferensiyani O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un Gʻafurov ochib berdi.

– Markaziy Osiyo mintaqasi o‘zining ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, ma’rifiy va geopolitik imkoniyatlari bilan dunyo e’tiborida turibdi, – dedi U.Gʻafurov. – Xususan, Markaziy Osiyo mintaqasida azaldan yaxshi qo‘shnichilik, hamjihatlik, savdo, iqtisodiy va ilmiy-madaniy aloqalar rivojlangan. Umuman olganda, Markaziy Osiyo mintaqasi Buyuk ipak yo‘li chorrahasida joylashgani geopolitik nuqtayi nazardan muhim ahamiyatga ega. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida har yili an’anaviy tarzda o‘tkazilayotgan xalqaro konferensiya ham mintaqa xalqlari o‘rtasidagi mehr-oqibat, bag‘rikenglik, hamjihatlik kabi umuminsoniy qadriyatlarni asrab-avaylash, targ‘ib va tadqiq etish maqsadlariga xizmat qilishiga ishonaman. 

Shuningdek, IRCICA – Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq etish xalqaro markazi bosh direktori, professor Mahmud Erol Qilich ham ma’ruza bilan chiqish qildi. Anjumanda IRCICA tadqiqotlar va nashr bo‘limi boshlig‘i Jengiz Tomar, Bosh direktor maslahatchisi, tarix fanlari doktori Ashirbek Mo‘minov, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professor-o‘qituvchilari, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari direktorlari, turli davlat va jamoat tashkilotlari, hamkor muassasalar rahbarlari, professor-o‘qituvchilar, yosh olimlar, ilmiy-tadqiqotchilar, talabalar ishtirok etdi. 

Konferensiya “Markaziy Osiyo mintaqasida islom madaniyati va san’ati, “Markaziy Osiyo mutafakkirlari ilmiy-ma’naviy merosi”, “Markaziy Osiyo tarixiy yodgorliklari epigrafikasi va arxitekturasi” hamda “Markaziy Osiyo xalqlarining urf-odat va an’analaridagi umumiylik va o‘ziga xoslik” kabi yo‘nalishlarga bo‘lingan holda davom etdi. Qatnashchilar tomonidan “Muqaddamat-ul-adab” qadimiy qo‘lyozmalarining tavsifi”, “Islom sivilizatsiyasida xattotlik san’atining o‘rni va IRCICAning xattotlik san’atiga qo‘shgan hissasi” va boshqa dolzarb mavzularda ma’ruzalar qilindi. So‘zga chiqqanlar Markaziy Osiyoning islom sivilizatsiyasi rivojidagi ta rixiy o‘rni, mintaqa allomalarining ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish borasida olib borayotgan ilmiy tadqiqotlari haqida batafsil ma’lumot berdi. 

­– Xalqaro anjumanda Markaziy Osiyo xalqlari tarixi, madaniyati, yozma yodgor liklari va ilmiy merosiga oid mavzular ham muhokama qilindi, – dedi O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Islom tarixi va manbashunosligi – IRCICA kafedrasi mudiri, tarix fanlari doktori Ne’matullo Muhamedov. – Umuman olganda, mavzular xilma-xil va dolzarb bo‘lib, mahalliy va xorijlik taniqli olimlar, tarixchilar, islomshunoslar, etnograflar va manbashu noslarning ma’ruzalari yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. Anjuman ishida yoshlarni Vatanga muhabbat, milliy-diniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, mamlakatning islom sivilizatsiyasini rivojlantirish borasidagi rolini yanada oshirish hamda buyuk allomalar jahon tamadduniga qo‘shgan hissasini milliy va xalqaro miqyosda ommalashtirish jarayoni qizg‘in davom etayotgani ta’kidlandi. 

Qizg‘in munozara, savol-javoblar osti da o‘tgan tadbirda hamkor tashkilotlar bilan ilmiy-amaliy aloqalarni yanada davom ettirish borasida fikrlar almashildi. Konferensiyaga taqdim etilgan ma’ruzalar alohida to‘plam holida chop etilishi, undan yoshlarning ilmiy maqola lari ham o‘rin olishi ma’lum qilindi.

Nodir MAHMUDOV,

“Yangi O‘zbekiston” muxbiri

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2023-yil 18-oktabr, 216-son

Izoh qoldirish