547

Shoazim Minovarov: Islom sivilizatsiyasi markazi – millatni birlashtiradigan g‘oya

Prezident Shavkat Mirziyoyev 29-yanvar kuni poytaxtimizda barpo etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi. O‘zA muxbiri tashrifdan so‘ng ushbu markaz direktori Shoazim Minovarov bilan suhbatlashdi.

– Prezidentimizning Islom sivilizatsiyasi markaziga kelishi – yaxshi an’ana. Davlatimiz rahbari bu inshootga alohida e’tibor beradilar.

Bu dargoh dastlab Islom madaniyati markazi nomi bilan tashkil etilgan. Prezidentimiz 2017-yil 1-sentabr, Ramazon hayiti kuni Hazrati Imom mavzesida diniy ulamolar, jamoatchilik vakillari bilan uchrashuv jarayonida uni Islom sivilizatsiyasi markazi deb atash tashabbusini ilgari surdilar. Chindan ham madaniyat bilan sivilizatsiya atamalari o‘rtasida katta farq bor. Madaniyat sivilizatsiyaning bir qismini anglatadi, sivilizatsiya so‘zi esa juda chuqur, keng ma’noga ega bo‘lib, uning rivojlangan shakli renessans deb ataladi.

Musulmon olamida ushbu so‘z arab tilidagi “hazora” bilan tarjima qilinadi. “Hazora” atamasi “juda ko‘p”, “taraqqiyotning yuksak cho‘qqisi” kabi ma’nolarni ham bildiradi.

Shu bois markaz nomi o‘sha yildan boshlab, O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi, deb tasdiqlandi. Dunyoning yetuk olimlari, islomshunos va san’atshunoslar ishtirokida ilmiy-tarixiy konsepsiyasi ishlab chiqildi.

Qurilishga tayyorgarlik ishlari yakunlangach, 2018-yil 15-iyun kuni davlatimiz rahbari markazning bo‘lajak binosiga tamal toshi qo‘ydi hamda uning jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashuvchi va buyuk ajdodlarimizning ilmiy merosini targ‘ib qiluvchi yetakchi muassasa bo‘lishiga umid bildirdi.

Prezidentimiz har safar bu yerga kelib, qurilishning yangi bosqichi bilan tanishadi. Binoni chiroyli va sifatli qilib qurish, mazmunini boyitish bo‘yicha tavsiyalar beradi. Bugungisi – to‘rtinchi tashrif, loyihaning ham yangi bosqichi.

Davlatimiz rahbari hozir mahobatli binolar qurish oson bo‘lib qoldi, uning ichidagi mazmuni, g‘oyasi, u bajaradigan vazifa muhimroq va murakkabroq ekanini ta’kidladilar.

Markazda to‘rtta tarkibiy qismdan iborat muzey, ilmiy ixtisoslashgan kutubxona, Xalqaro islom akademiyasi va Kongresslar zali joylashadi. Ularning har birini, shuningdek, muzeyning har bir tarkibiy qismini alohida muassasa deyish mumkin. Shu bois davlat rahbari har bir muzeyning har bir tarkibiy qismiga va Kongresslar zaliga alohida direktor-boshqaruvchilar tayinlash kerak dedi. Chunki muzeyda ajdodlarimiz merosiga oid juda katta ko‘lamdagi va mazmundagi ilmiy materiallar to‘planyapti.

Biz tashrif chog‘ida Prezidentga Ilm-fan bo‘limining taqdimotini o‘tkazdik, uning tuzilmasi va mazmuni bilan tanishtirdik. Bo‘lim namuna hudud sifatida tashkil etilyapti. Ma’lumki ulug‘ ajdodlarimiz Buxoriy, Termiziy, Xorazmiy, Farg‘oniy, Beruniy, Ulug‘bek va boshqalar ilm-fanning turli yo‘nalishlarida olamshumul kashfiyotlar yaratib, islom va insoniyat sivilizatsiyasiga bebaho hissa qo‘shganlar. Bu yerga kelgan odam ushbu bebaho meros to‘g‘risida istagan ma’lumotini tez, bir necha tilda olishi mumkin bo‘ladi. Shu jihatdan olimlarimiz hali juda ko‘p ish qilishlari kerak.

Davlatimiz rahbari o‘z fikrlarini davom ettirib, Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy-ma’rifiy muassasa, aql markaziga aylanishi kerakligini yana bir bor ta’kidladi. Bugungi yoshlar ajdodlar merosini o‘rganish bilan birga, ularga munosib bo‘lishlari, buning uchun zarur muhit yaratish, eng ilg‘or texnologiyalardan foydalanish kerakligi qayd etildi.

– Bu yerda milliy g‘oya jo‘sh urib turishi zarur. Markazga kelgan odamlarda, yoshlarimizda yangi va mustahkam ruhiy kuch, ruhiy ishonch, buyuk ajdodlardan g‘ururlanish, ularga munosib bo‘lish istagi paydo bo‘lishi kerak, – deya ta’kidladi Prezident.

Markaz muzeyini shakllantirishda Yoshlar akademiyasi a’zolari bilan hamkorlik boshladik. Ular muzey ekspozitsiyasida o‘z g‘oya va ishlanmalari bilan ishtirok etadi.

Masalan, yosh olimlar robot-gid loyihasini taklif etmoqda. Tasavvur qiling, robot-gid bolalarga eksponatlarni tushuntiradi, ular tushunadigan uslubda va hajmda ma’lumotlar beradi. Ertaga bitta bola o‘rniga yuztasi, mingtasi kelmaydimi? Bu yerda gap tijoriy manfaatda emas, asosiy maqsad – yoshlarimiz ongini, bilim va tafakkurini o‘stirish, jamiyat a’zolarini g‘oya atrofida birlashtirish.

Shu jihatdan, Islom sivilizatsiyasi markazining g‘oyasi – millatni birlashtiradigan, birlashtirgan g‘oyalardan desak, xato qilmaymiz.

Matnazar Elmurodov yozib oldi,

O‘zA

Izoh qoldirish