550

Eski shaharda yangi tarix barpo etilmoqda

Ma’rifatli xalqimiz Toshkentning Eski shahar qismida bundan ikki yarim yil avval qurilishi boshlangan O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi bitishini sabrsizlik va hayajon bilan kutmoqda.

Shu vaqt ichida poytaxtimizning barcha hududlarida ko‘p qavatli uylar, mehmonxonalar, biznes markazlari, boshqa inshootlar ko‘kka bo‘y cho‘zdi. Ammo Eski shaharga yuqoridan qaralsa, pastqam hovlilar, egri-bugri ko‘chalardan iborat kaftdek maskan gavdalanardi. Endi bu yerda mahobatli inshoot qad rostlab, shaharning ko‘p asrlik tarixiy qiyofasini o‘zgartirmoqda. Ha, bu yerda yangi O‘zbekistonning o‘tmish bilan uyg‘un yangi tarixi barpo etilmoqda.

Keyingi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan diniy-ma’rifiy sohada ko‘plab xayrli ishlar qilindi — Samarqandda Imom Buxoriy, Termizda Imom Termiziy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari barpo etildi. Ayni paytda aqida va kalom ilmi rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan Imom Moturidiy, Abu Muin Nasafiy kabi allomalarimizning ulkan merosini chuqur tadqiq etish maqsadida ular nomidagi ilmiy markazlar tashkil etilyapti. Bu ishlar buyuk ajdodlarimizning islom dini rivojiga qo‘shgan bebaho hissasini, ularning butun dunyo qadrlaydigan ilmiy merosini o‘rganishga keng yo‘l ochdi.

Mamlakatimizda milliy-diniy qadriyatlarni asrab-avaylash, shu asosda yosh avlodni ezgu umuminsoniy g‘oyalar ruhida tarbiyalash borasida ishlar izchil olib borilmoqda. Millatlararo va dinlararo bag‘rikenglik muhiti mustahkamlanib, ko‘p millatli xalqimizning diniy e’tiqod erkinligi ta’minlanmoqda.

2018-yilda BMT Bosh Assambleyasi O‘zbekiston Prezidenti ilgari surgan “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” maxsus rezolyutsiyasini qabul qilgan edi. Yaqinda AQSH davlat departamenti tomonidan O‘zbekiston diniy erkinlik sohasidagi “maxsus kuzatuvdagi davlatlar” ro‘yxatidan chiqarildi. Bu ham keng ko‘lamli demokratik islohotlarimizning e’tirofi bo‘ldi.

O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi umumbashariy sivilizatsiya rivojiga benazir hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning boy merosini o‘rganish, dinimizning asl mohiyatini avvalambor xalqimizga, dunyo hamjamiyatiga yetkazish, jamiyatda “jaholatga qarshi — ma’rifat” tamoyilini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Davlatimiz rahbari o‘tgan yillarda markaz qurilayotgan hududga bir necha bor kelib, uni chiroyli va sifatli qilib qurish, dunyo olimlari fikrini o‘rganib, mazmunini boyitish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan edi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 29-yanvar, juma kuni ushbu markazga tashrif buyurib, bu borada amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdi.

Markaz binosi loyihasi, ichki va tashqi dizayni, muzey ekspozitsiyalari mazmuni bo‘yicha dunyoning yetuk olimlari, islomshunos va san’atshunoslari bilan fikrlashilgan. Shu asosida ilmiy-tarixiy konsepsiya ishlab chiqilgan.

Tashrif chog‘ida ushbu konsepsiyaning taqdimoti o‘tkazildi.

— Bugun bu yerga kelishimdan maqsad — muqaddas dinimizning ezgulik, insonparvarlik dini ekanini, ma’naviyatga, ilmga undashini, ota-bobolarimiz bunga beqiyos hissa qo‘shganini tasdiqlovchi ilmiy natijalarni ko‘rish va yangi tadqiqotlarga zamin yaratish. Hozir mahobatli bino qurish oson bo‘lib qoldi. Mana, bobolarimizga munosib bino qurdik. Endi bobolarimizga munosib ilmiy muhit yaratishimiz kerak, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bu yosh avlodda g‘urur, g‘ayrat uyg‘otib, yangi taraqqiyot davriga undashi qayd etildi.

— Ko‘pchilik o‘ylaydi: nima uchun Prezident ikkita Renessansni esladi, deb. Bu — g‘oya, kelajakdagi maqsadimiz. Mamlakatimiz intilayotgan marralar uchun tariximizdan ruhiy kuch olishimiz kerak-ku! Bu markaz Uchinchi Renessans poydevoridan biri bo‘lishiga umid qilamiz. Chunki u ilmiy, dunyoviy, zamonaviy markaz bo‘ladi, — dedi davlatimiz rahbari.

Markaz ekspozitsiyalari bo‘yicha xalqimiz fikrini ham o‘rganish, shu maqsadda tanlov e’lon qilib, eng yaxshi g‘oya va takliflarni aks ettirish zarurligi ta’kidlandi.

— Yurtimiz zaminidan juda ko‘p olimlar, muhaddislar, avliyolar yetishib chiqqan, ularning merosi undan ham ko‘p. Lekin tan olish kerak, bu katta manbani chuqur o‘rganmadik. Shuning uchun bu markaz qanday buyuk elligimizni yana bir bor ilmiy asoslab, xalqchil tushuntirib beradigan bo‘lishi kerak. Bu yerda milliy g‘oya jo‘sh urib turishi zarur. Markazga kelgan odamlarda, yoshlarimizda ruhiy kuch, ruhiy ishonch paydo bo‘lishi kerak, — deya ta’kidladi Prezident.

UNESCO, ICESCO kabi xalqaro tashkilotlar, ilmiy markazlar bilan hamkorlikni rivojlantirish muhimligi qayd etildi.

— O‘zi bugun dunyoda matematika, fizika, geometriya, astronomiya, tibbiyot kabi fundamental sohalarda qo‘llanilayotgan qoidalar, formulalar alloma bobolarimiz kashfiyotlariga asoslangan. O‘rta asrlardagi birinchi manbalarda bobolarimizning nomiga havolalar berilgan. Lekin keyingilarida yo‘qolib ketgan. Agar o‘sha paytlarda Nobel mukofoti bo‘lganida, eng ko‘p sovrindorlar bizning yurtimizdan chiqardi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu bois birinchi manbalarni o‘rganish maqsadida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix institutiga qo‘shimcha mablag‘, tadqiqotchilarga grantlar ajratish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Markaz uchun malakali gid-tarjimonlar tayyorlash, ularning mamlakatimizda islom dini yoyilishi va ilm-fan rivoji bo‘yicha ixtisoslashtirish vazifasi qo‘yildi.

Buyuk allomalarimizning ilmiy merosini yoshlarga zamonaviy axborot texnologiyalari asosida yetkazish uchun bu yerda Multimedia markazi tashkil etish zarurligi ta’kidlandi. Busiz katta natijaga erishib bo‘lmaydi.

Shuningdek, samarqand qog‘ozi, muqovasozlik va xattotlik bo‘yicha qadimiy an’analarni tiklash va yo‘lga qo‘yish uchun maxsus ustaxona-laboratoriya, “Madaniyat va ma’rifat” telekanalida markaz faoliyati, buyuk allomalarimiz merosi haqida muntazam berib boriladigan maxsus ko‘rsatuv tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Islom sivilizatsiyasi markazining qurilish jarayonini ko‘zdan kechirdi.

Markaz uch qavatli bo‘lib, bugungi kunda to‘liq qad ko‘targan. Uning markazida ulkan sharqona gumbaz, to‘rt tomonida 34 metrlik peshtoqlar qurilgan.

Davlatimiz rahbari har bir yo‘lak va xonaga kirib, ularni pardozlash va jihozlashga oid loyihalarni ko‘rdi.

Markazning ichki va tashqi ko‘rinishi, naqshlari yuzasidan tavsiyalar berildi. Xonalarni ko‘plab sayyohlar, delegatsiyalar kelishi, xalqaro konferensiyalar o‘tkazilishini inobatga olib, zamonaviy jihozlash, ekspozitsiyani turli yoshdagi insonlarga mos holda tayyorlash zarurligi ta’kidlandi.

Prezidentimiz avvalgi tashrifi chog‘ida Islom sivilizatsiyasi markazi shu yo‘nalishdagi ilmiy muassasalar uchun negiz bo‘lishi, bu yerda olimlar tadqiqot olib borib, talabalar bilimini mustahkamlashi kerakligini aytgan edi.

Shunga ko‘ra, loyiha takomillashtirilib, markazda Xalqaro islom akademiyasining magistrant va doktorantlari o‘qishi uchun sharoit yaratish nazarda tutilgan.

Markazning interyer va eksteryer bezagi, jihozlanishi, kommunikatsiya, xavfsizlik tizimlari eng ilg‘or talablarga javob beradi.

Fransiyalik loyihachilar dizayni asosida muzey ekspozitsiyasining “Ilm-fan” bo‘limi namunaviy hudud sifatida namoyishga tayyorlanmoqda. Mazkur ekspozitsiyada Vatanimizning tarixiy va zamonaviy sivilizatsiyadagi o‘rni, buyuk allomalarimiz hayoti va boy ilmiy merosi infografika, videorolik va hujjatli filmlar orqali taqdimot qilinadi.

Markaz ilmiy salohiyatini boyitishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu kungacha uning kutubxonasiga 761 ta qo‘lyozma va toshbosma asarlar, qariyb 12 ming bosma va 55 ming elektron kitob, 4 ming 923 ta noyob asardan iborat “Sharq va Gʻarb” va “Arab islom olami” kolleksiyalari, ko‘plab filmlar, tarixiy hujjatlar qabul qilindi. Buyuk Britaniyaning “Al-Furqon” jamg‘armasidan jahon islom qo‘lyozmalariga oid 117 jildlik katalog olib kelindi.

Markaz faoliyatini xalqaro miqyosda keng targ‘ib etish maqsadida Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya kabi davlatlarda taqdimotlar, “O‘zbekiston — islom madaniyati gavhari” nomli fotoko‘rgazmalar o‘tkazildi.

Bugungi kunda Islom sivilizatsiyasi markazi 15 ta xorijiy muassasalar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Yurtimizga tashrif buyurgan ko‘plab xorijiy delegatsiyalar hamda diplomatik vakolatxonalar vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, markaz loyihasi va muzey ekspozitsiyalari mazmuni yuzasidan fikr-mulohazalar olinmoqda.

Yaqinda Saudiya Arabistoni delegatsiyasining yurtimizga tashrifi chog‘ida ushbu mamlakat bilan islom tadqiqotlari bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalasi muhokama qilindi. Shunda saudiyalik mehmonlar O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi filialini Ar-Riyoddagi Saud al-Faysal nomidagi ilmiy-tadqiqot markazida ochishni taklif etdi. Bu ham ushbu markaz islom olamida tan olinayotganidan dalolat.

Davlatimiz rahbari shu yerda olimlar, ziyolilar, nuroniylar va mahalla raislari bilan suhbatlashdi.

— Milliy o‘zlikni anglash deb ko‘p gapiramiz. Lekin shunga munosib bo‘lyapmizmi, degan tuyg‘u meni qiynaydi, — dedi Shavkat Mirziyoyev. — Ota-bobolarimiz qiyin sharoitlarda, mehnat-mashaqqat bilan qanday buyuk ishlarni amalga oshirgan. Jadid bobolarimizni ham bekorga qatag‘on qilishmagan. Chunki bilishardiki, ilm, g‘urur, davlatchilik bizning qonimizda bor. Bu yerda hamma buyuk allomalarimizning ovozi eshitilib turadi.

Markaz joylashgan Olmazor tumanidagi har bir mahalla ushbu ma’rifat maskaniga munosib bo‘lishi, bilim, tarbiya jihatidan takliflarini berishi zarurligi ta’kidlandi.

— Shuni amalga oshirsak, har bir mahallaga Islom sivilizatsiyasi markazining nuri kiradi, yuzimiz yorug‘ bo‘ladi, — dedi Prezident.

Uchrashuvda mahalla raislari, nuroniylar so‘zga chiqib, mazkur dargoh ajdodlar tarixidan saboq, merosidan ta’lim oladigan tabarruk maskan bo‘layotganini ta’kidladi. Davlatimiz rahbarining tashabbusini qo‘llab-quvvatlab, o‘z mahallasida matematika, rassomlar, shoirlar maktablarini ochish, Toshkent tarixi, Qur’on, hadis va xattotlikni o‘rganishni yo‘lga qo‘yish kabi takliflarni bildirdi. Bunday g‘oyalar saralanib, poytaxtimizdagi 58 ta mahallaga yoyilsa, yosh avlodni vatanparvarlik, odamiylik, ezgulik tuyg‘ulari asosida, ilmsevar insonlar etib tarbiyalashda beqiyos manba bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi.

Matnazar ELMURODOV,

O‘zA muxbiri

Izoh qoldirish