579

Mahmudxo‘ja Behbudiyning ma’rifatparvarlik faoliyati

Yurtimizda ulug‘ ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish, ularga hurmat ko‘rsatish kabi xayrli islohotlar amalga oshirilmoqda. O‘tgan yili milliy ta’lim va tarbiya tizimini yaratishga beqiyos hissa qo‘shgan mutafakkir, Turkiston jadidchilik harakati yetakchilaridan biri bo‘lgan Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 145 yilligi hukumatimiz tomonidan keng miqyosda nishonlanib, alloma “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangani buning yorqin dalilidir.

Millat ravnaqiga beqiyos hissa qo‘shgan ma’rifatparvar xotirasiga bo‘lgan hurmat, ehtirom bardavom bo‘lmoqda. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 146 yilligi munosabati bilan “Mahmudxo‘ja Behbudiyning ma’rifatparvarlik faoliyati” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Unda Akademiya Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i Munira Qahhorova, “Islom tarixi va manbashunosligi – IRCICA” kafedrasi professori Saidakbar Agzamxo‘jayev, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi direktori Baxtiyor Hasanov, akademiya professor-o‘qituvchilari hamda talabalar ishtirok etdi.

Uchrashuvni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Zohidjon Islomov kirish so‘zi bilan ochib berarkan, Mahmudxo‘ja Behbudiy Vatan istiqloli, xalqimizning ozodligi va erkinligi, obod va farovonligi yo‘lida hayotini qurbon qilganini ta’kidladi. Olimning hayoti, ilmiy faoliyati to‘g‘risida ma’lumot berildi. Uchrashuv davomida allomaning hayot yo‘li, ilmiy faoliyati aks etgan “Mahmudxo‘ja Behbudiy” nomli videorolik namoyish etildi.

– Dunyoda global xatarlar kuchayib borayotgan bir davrda milliy o‘zlikni anglash, haqiqiy tariximizni bilishga har qachongidan ham intilish kuchayib bormoqda, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi direktori Baxtiyor Hasanov. – Mustabid tuzum davrida ommaviy qatag‘onlar natijasida insoniylik sha’ni, qadr-qimmati, or-nomusi toptalgan davlat arboblari, adabiyot va san’at namoyandalari, qanchadan qancha yurtdoshlarimiz Vatan ozodligi yo‘lida jonlarini qurbon qilishdi. Ularning nomini abadiylashtirish, yoshlarnimizni milliy istiqlol g‘oyasi, jasorat bilan tarbiyalashimiz, Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Haq olinur, berilmas” degan xitoblarini unutmasligimiz kerak.

Tadbir davomida Mahmudxo‘ja Behbudiy ijodiga bag‘ishlangan kitoblar ko‘rgazmasi tashkil etilib, talabalar o‘rtasida alloma hayoti va ilmiy faoliyati bo‘yicha o‘tkazilgan maqolalar g‘oliblari taqdirlandi.

Ko‘tarinki kayfiyatda o‘tgan uchrashuv alloma shaxsiyatini yana bir pog‘onaga olib chiqqani shubhasiz. Zero, yoshlarga ta’lim-tarbiya, ma’rifat masalasi davlat siyosati darajasiga chiqqan bugungi kunda jadidchilik va jadidlar faoliyatini tadqiq etish, ularning zalvorli mehnatini yoshlarga yetkazish har qachongidan-da muhim vazifa hisoblanadi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish