296

Yoshlarimizni yot g‘oyalardan asraylik

JAHOLATGA QARSHI MA’RIFAT

Aqida masalasida yoshlar tafakkurini shakllantirish va yoshlarni hamda butun jamiyatning ma’naviyatini noto‘g‘ri aqidalardan himoyalash, bugungi kunda barchamizning dolzarb vazifamiz hisoblanadi. Ota-onalar o‘z farzandlarining tarbiyasida bunga katta e’tibor berishlari kerak. Lekin ayrim ota-onalar bola tarbiyasida beparvolik qiladilar. Ular shaxsiy yumushlari, ko‘cha-ko‘ydagi ulfatlari, moddiy mablag‘ to‘plashni birinchi o‘rindagi vazifa-yu, oila a’zolarining axloqiy va ma’rifiy tarbiyalari bilan shug‘ullanishni ikkinchi darajali ish o‘rniga qo‘yishadi.

Mutafakkir olim Abdulla Avloniy ta’biri bilan aytganda, “Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir”. 

Rasululloh (s.a.v) umrlarining oxirida o‘zlaridan keyin zalolat yo‘lidan boradigan yetmish ikkita firqa paydo bo‘lishidan ogohlantirgan edilar. Bu so‘zlar o‘tgan o‘n to‘rt asr davomida tasdig‘ini topdi. Ana shu firqa va oqimlarning ayrimlari islomning ilk asrlarida yuzaga kelgan bo‘lsa, XX va XX1 asrlarda hizbut-tahrir, nurchilar, salafiylar, jihodchilar, takfirchilar va hijratchilar kabi o‘nlab adashgan oqimlar paydo bo‘lib, dunyo musulmonlari o‘rtasida buzg‘unchilik qilishyapti. Turli nizo va qonli to‘qnashuvlar chiqishiga sabab bo‘lmoqda.

Afsuski, so‘nggi vaqtlarda yoshlarimizni turli yot g‘oyalar bilan e’tiqodini buzib yo‘ldan urishga qaratilgan harakatlarni guvohi bo‘lmoqdamiz. Ayniqsa, go‘yoki barcha musulmonlar hozir qurolli to‘qnashuvlar ketayotgan mamlakatlarga “hijrat” qilishlari va qo‘lida qurol bilan “jihod” qilishlari farz emish. Bunday soxta da’volarning puch ekanini tasdiqlash va aholini xususan, yoshlarni ulardan asrash maqsadida ushbu tushunchalarga izoh berib o‘tsak. Yurtini, ota-onani tashlab, o‘zga ellarda sarson-sargardon yurish, o‘zi kabi manqurt shaxslar bilan birlashib, kindik qoni to‘kilgan yurtiga qarshi qurol ko‘tarish Islom ta’limotiga zid ish hisoblanadi.

“Hijrat” so‘zi lug‘atda biror narsadan ajrash, shariatda esa, Muhammad (sallallohu alayhi vasalam)ning Makkani tark etib, Madinaga borishiga qiyosan qo‘llanilib, diniy ekstremizm oqim yetakchilari tinch davlatda yashab kelayotgan yoshlarni xorijdagi jangarilarning lagerlariga jo‘natib, “hijrat qilmagan dindan chiqadi, hijrat uchun musulmonga ota-onaning ruxsati shart emas”, kabi soxta iddaolar bilan aldamoqda.

Abu Usmon Mujoshi’ ibn Ma’sud rivoyat qilgan hadisda Rasululloh (sollallohu alayhi vasalam): “Makka fathidan keyin hijrat yo‘q…”, deganlar. “Hijrat” haqida Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda: Rasululloh (sollallohu alayhi vasalam) “Qo‘li va tili bilan o‘zgalarga ozor bermagan kishi musulmondir. Alloh taolo man etgan narsalardan qaytgan kishi Alloh yo‘lida hijrat qilgan kishidir”, deganlar. Ibn Umar (raziyallohu anhu)dan rivoyat qilgan hadisda esa Rasululloh (sollallohu alayhi vasalam) huzurlariga bir kishi kelib: “Ey, Allohning Rasuli, men ota-onamni yig‘lagan holda tashlab, hijrat qilish uchun sizning huzuringizga keldim”, dedi. U zot (sollallohu alayhi vasalam) esa, “Ota-onang oldiga qaytib, ularni qanday yig‘latgan bo‘lsang, shunday kuldirgin”, deb javob berdilar. (Abu Dovud rivoyati).

Sayidimiz Muhammad (sollallohu alayhi vasalam) va u zotdan keyin musulmon davlatlarini boshqargan xulafoi roshidinlar o‘zga yurtlarda yashayotgan musulmonlarni hech qachon musulmon davlati hududiga ko‘chib kelishlariga da’vat qilmagan va ularning o‘z yurtlarida yashashini rad etmaganlar.

Alloh taolo barchalarimizni O‘zining hidoyat yo‘lida bardavom aylasin. Alloh taoloning to‘g‘ri yo‘lidagi solih bandalari qatorida bo‘lib, turli firqa, adashgan oqim va zalolat yo‘llaridan barchamizni hifzu himoyasida saqlasin. Yaratganning O‘zi kelajagimiz, orzu umidimiz bo‘lmish yoshlarimizni turli yot g‘oya va fikrlardan uzoqda qilib, ilmu ma’rifat, odobu axloq fazilatlari bilan ziynatlasin.

Habibulloh ZOKIROV,

Sirdaryo viloyati bosh imom-xatibi

Manba: muslim.uz

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Dec
02
Jaholatga qarshi marifat
Jaholatga qarshi ma'rifat bilan kurashaylik.
04:43
Apr
01
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:26
Jan
05
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:25

Izoh qoldirish