215

Buyuk allomalarimizning benazir xizmati

O‘zbekiston zamini qadimdan buyuk allomalarga beshik bo‘lgan. Bu yurtdan yetishib chiqqan mutafakkirlar bilan haqli ravishda faxrlanamiz. Ularning jahon tamadduniga qo‘shgan hissasini butun dunyo e’tirof etadi. 

Poytaxtimizdagi “Rakat” jome masjidida “Markaziy Osiyo allomalarining jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasi” mavzusida imom noiblar uchun navbatdagi ma’naviyat soati bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Islom tarixi va manbashunosligi IRCICA” kafedrasi mudiri, tarix fanlari doktori Ne’matullo Muhamedov ishtirok etib, “Markaziy Osiyo allomalarining jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasi” mavzusida ma’ruza qildi.

Tadbirda shuningdek, Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahor domla Yunusov ishtirok etdi va mavzuga doir o‘zlarining fikr-mulohazalarini bildirdi.

– Yurtimiz qadim sivilizatsiya chorrahasi bo‘libgina qolmay, ilm-fan, san’at, adabiyot namunalarining asosi va beshigi bo‘lib, qadimgi va zamonaviy olamning madaniy xilma-xilligi bilan ajralib turadi, – deydi Ne’matullo Muhamedov. – Islom tarixida sivilizatsiya markazlari ko‘p bo‘lgan. Buning natijasida ushbu zaminlardan ko‘plab olimu ulamolar yetishib chiqdi. Misol uchun, astronomiyada Abu Rayhon Beruniy, tibbiyotda Abu Ali ibn Sino, falsafada Abu Nasr Forobiy, matematikada al-Xorazmiy va shuningdek, hadis, fiqh, shariat ilmlari bo‘yicha ulamolar kamol topdi. Ilm-fanning rivojlanishi o‘rta asrlardagi Uyg‘onish davri asosi bo‘ldi. Insoniyat tamadduniga ulkan hissa qo‘shgan bu zotlar haqida har qancha gapirsak oz.

Ma’naviyat soati so‘ngida imom noiblarining savollariga javob qaytarildi.

Manba:

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Toshkent shahar vakilligi axborot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish