382

Akademiyada Podshoh Salmon nomidagi xalqaro arab tili akademiyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Saudiya Arabistoni Podshohligining Podshoh Salmon nomidagi xalqaro arab tili akademiyasi vakili, doktor Soha at-Tayyor boshchiligidagi delegatsiyasi mehmon bo‘ldi.

Mehmonlarni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori maslahatchisi O‘tkir Hasanboyev, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar prorektori Zohidjon Islomov, O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Zokirjon Ro‘ziyev, Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Bahodir Xo‘jayev kutib oldi.

Uchrashuvda Akademiya vakillari Soha at-Tayyorni yurtimizda, xususan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ko‘rib turganidan mamnunligini bildirdi. Delegatsiya a’zolarining ishlariga muvaffaqiyat tiladi.

Shundan so‘ng Zohidjon Islomov yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan o‘zgarishlar, islohotlar jarayoni haqida so‘z yuritdi. 2022-yilning 17-18-avgust kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ikki Muqaddas masjid xodimi, Podshoh Salmon bin Abdulaziz Ol Saud taklifiga binoan davlat tashrifi bilan Saudiya Arabistoniga borgani davlatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik munosabatini yanada yuksak darajaga ko‘tarishga xizmat qilganini ta’kidlab o‘tdi.

Ma’lumki, 2022-yilda O‘zbekiston Respublikasi bilan Saudiya Arabistoni Podshohligi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 30 yil to‘ldi. Ayniqsa, so‘nggi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik aloqalari ijobiy sur’at kasb etib, sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi.

Podshoh Salmon nomidagi xalqaro arab tili akademiyasi vakili Soha at-Tayyor Akademiya rahbariyatiga samimiy minnatdorlik bildirib, ikki xalq o‘rtasidagi ko‘p yillik do‘stlik, birodarlik tamoyiliga asoslangan aloqalar ko‘lami bugungi kunda yanada kengayib borayotganini e’tirof etdi. 

Samimiy muloqot doirasida amaliy hamkorlik munosabatlarini yanada kengaytirish, xususan, arab tilini o‘rgatish sohasida aloqalarni mustahkamlash borasida fikr almashildi. 

Akademiya vakillari so‘nggi yillarda islom ilm-fani va madaniyatining boy tarixiy, ilmiy, ma’naviy merosini har tomonlama o‘rganish, islom dinining insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berishda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi boshqa diniy-ta’lim muassasalari orasida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlashdi.

Akademiya ilmiy salohiyati, fakultetlar va ulardagi ta’lim yo‘nalishlari, talabalarga bilim berishda o‘ziga xos yondashuvlar haqida ma’lumot berildi. 

Davra suhbatida mehmonlar yuqori darajadagi hurmat va mehmondo‘stlik uchun Akademiya mutasaddilariga samimiy minnatdorlik bildirdi. 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi 

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish