433

Akademiyada Umm ul-Quro universiteti vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi

Saudiya Arabistoni Umm ul-Quro universiteti O‘quv ishlari bo‘yicha prorektori, doktor Omir ibn Evaz az-Zaidiy boshchiligidagi delegatsiya Akademiyada mehmon bo‘ldi.

Mehmonlarni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori maslahatchisi O‘tkir Hasanboyev, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Zohidjon Islomov, O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Zokirjon Ro‘ziyev, Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Bahodir Xo‘jayev kutib oldi.

Uchrashuvda Akademiya vakillari Omir ibn Evaz az-Zaidiyni yurtimizda, xususan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ko‘rib turganidan mamnunligini bildirdi. Delegatsiya a’zolarining ishlariga muvaffaqiyat tiladi.

Shundan so‘ng Zohidjon Islomov yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan o‘zgarishlar, islohotlar jarayoni haqida so‘z yuritdi. 

Akademiya rektori maslahatchisi O‘tkir Hasanboyev esa so‘nggi yillarda islom ilm-fani va madaniyatining boy tarixiy, ilmiy, ma’naviy merosini har tomonlama o‘rganish, islom dinining insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berishda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi boshqa diniy-ta’lim muassasalari orasida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. 

Suhbat davomida O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Zokirjon Ro‘ziyev Akademiya ilmiy salohiyati, fakultetlar va ulardagi ta’lim yo‘nalishlari, talabalarga bilim berishda o‘ziga xos yondashuvlar haqida ma’lumot berdi. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida xassos soha – muqaddas islom dinini ilmiy nuqtayi nazardan fundamental tadqiq etish, ulug‘ allomalarimiz ma’naviy merosini qayta kashf etish orqali dunyo sivilizatsiyasiga munosib hissa qo‘shadigan yuksak salohiyatli, raqobatbardosh mutaxassis kadrlarni tayyorlashda tizimli ishlar amalga oshirilayotgani e’tirof etildi.

Samimiy muloqotda Umm ul-Quro universiteti O‘quv ishlari bo‘yicha prorektori, doktor Omir ibn Evaz az-Zaidiy O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlarga yuqori baho berdi.

Shu bilan birga, Umm al-Quro universiteti haqida ma’lumot berdi. Mazkur universitet Makka shahridagi davlat oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi. Universitet 1981-yilda Saudiya Arabistoni Podshohi farmoni bilan tashkil qilingan. Umm al-Quro universitetida 15 ta fakultet bo‘lib, ularda nafaqat shariat huquqi va arab tilini o‘qitish bilan shug‘ullanadi, balki biznes boshqaruvi, islom iqtisodiyoti, marketing, muhandislik, tibbiyot, ta’lim, arxitektura, shuningdek, turli amaliy, ijtimoiy va muhandislik fanlari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlaydi. 

Mehmonlar yuqori darajadagi hurmat va mehmondo‘stlik uchun Akademiya mutasaddilariga samimiy minnatdorlik bildirdi. 

Uchrashuv yakunida mehmonlarga Manbalar xazinasi bo‘limi faoliyati yaqindan tanishtirildi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi 

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish