420

Malaka oshirish kurslari davom etmoqda

Bugungi kunda malakali professor-o‘qituvchilarni tayyorlash, qayta tayyorlash va tajribasini oshirish, pirovardida yosh avlodni har tomonlama yetuk qilib tarbiyalash hayotiy zaruratga aylandi.

Bu borada Prezidentimiz tomonidan joriy yilning 6-noyabrda “O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davrida ta’lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni hamda “Ta’lim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Ayni paytda oliy ta’lim muassasalari hamda umumta’lim maktablari o‘rtasida o‘zaro tizimli hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.

Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi hamda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamkorligida Toshkent shahrining Yunusobod, Yashnobod, Mirobod, Mirzo Ulug‘bek, Bektemir va Olmazor tumanlaridagi umumta’lim maktablarining “Tarbiya”, “Davlat va huquq asoslari”, “Tarix hamda arab tili” fani o‘qituvchilari uchun 10 kunga mo‘ljallangan 72 soatlik malaka oshirish o‘quv-kurslari bo‘lib o‘tmoqda.

Umumta’lim maktablarida ta’lim sifatini oshirish, maktab bitiruvchilarini oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishga bo‘lgan qiziqishlarini kuchaytirish maqsadida tashkil etilgan mashg‘ulotlarda “Pedagogika shaxs tarbiyasi va rivojlanishi to‘g‘risidagi fan”, “Taym-menejment: vaqtdan unumli foydalanish”, “O‘qitishning muammoli izlanishga doir texnologiyalar”, “Interfaol mashg‘ulotlarni tashkil etish va o‘tkazish texnologiyasi”, “O‘quv jarayonida axborot kommunikatsiya texnologiyalari va pedagogik dasturiy vositalardan foydalanish” kabi mavzularda seminar-treninglar o‘tkazilmoqda.

Umumta’lim maktab o‘qituvchilari interfaol ma’ruza, amaliy, savol-javob, muhokama, aqliy hujum kabi turli yo‘nalishlarda o‘tkazilayotgan o‘quv mashg‘ulotlarida faol ishtirok etib, o‘zlariga kerakli bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lmoqda. Darslar 9 yanvarga qadar davom etadi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish