309

Firqa va oqimlarga qoʻshilish sharʼan haromdir!

         JAHOLATGA QARSHI MA’RIFAT

Firqalar va oqimlarga nomni doimo jumhur ulamolar, anʼanaviy mazhabdagilar, ahli sunnat val jamoatning haqiqiy aʼzolari qoʻyadilar. Firqa va oqim aʼzolari bu nomlarni oʻzlari inkor qilishlari mumkin. Moʻtaziliylarga nomni buyuk tobeʼin Hasan Basriy rahimahulloh qoʻyganlar. Xavorijlarga nomni Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam qoʻygan, degan fikr mavjud. Firqa va oqimlarning nomlari alohida koʻrinishlaridan, rahbarlarining nomlaridan, kelib chiqqan joylari nomidan, yaqqol koʻrinadigan asosiy aqidalaridan olingan boʻladi. Buni hamisha esda tuting!

Jumladan, “Hujjatlar kelgandan keyin ham boʻlinib, oʻzaro ixtilofga berilgan kimsalarga oʻxshamangiz! Ana oʻshalarga ulkan azob bordir” (Oli Imron, 105).

Ha, yomonlarning yomonliklarini, fitnachilarning fitnalarini, tinchlikka, totuvlikka rahna soluvchilardan ogohlantirganidan keyin, birga namoz oʻqib, birga roʻza tutib, qavm-u qarindoshlari, yor-u birodarlari, yurtdosh va vatandoshlari bilan birga umrguzaronlik qilib kelayotgandan keyin, kufroni neʼmat qilib, imon-ishonchini oʻzgartirib, kofir fitnachilarga qoʻshilganlar oxirat kunini, yuzlar qorayadigan kunni eslamoqlari darkor. U kunda oq yuzli, obroʻli boʻlganlar yutadi, obroʻ-eʼtiboridan ayrilgan, dunyoda sharmanda boʻlganlar, u kunda ham sharmanda boʻladilar:

“Baʼzi yuzlar oqaradigan va baʼzi yuzlar qorayadigan kunni (qiyomatni) eslang: yuzi qorayganlarga (hujjat-isboti uchun shunday deyilur): “Imon keltirgandan keyin yana kufrga qaytgan edingizmi? Kufringiz tufayli mana shu azoblarni totib koʻring, endi!” (Oli Imron, 106).

“Yuzlari oqargan zotlar esa Allohning rahmatida (jannatida)dirlar. Ular u yerda abadiy qoluvchilardir” (Oli Imron, 107).

Firqa va oqimlardagilarning ayrimlarining amaliyoti va aqidalari ahli sunnat val jamoatga juda yaqin koʻrinishda boʻlishi mumkin. Masalan, haqiqiy hanafiy ulamolarning aqidasi toʻgʻri hanafiy shogirdlari shu xilda firqa va oqim vakillari boʻlishi mumkin. Ana shunday firqa va oqimlarning rahbarlari esa oʻsha firqa yoki oqimni yaxshi niyatda tashkil qilgan haqqoniy olim, haqiqiy ahli sunnat va jamoat aʼzosi boʻlishi ham mumkin. Haqiqiy ahli sunnat val jamoatdan boʻlgani bois, u hatto rabboniy olim, ulugʻ avliyo ham boʻlishi mumkin. Bu narsa esa sizni aldab qoʻymasin! Oʻsha firqa va oqim qanday niyatda tashkil qilingan boʻlmasin, uning rahnamolari naqadar yaxshi insonlar, naqadar buyuk ulamolar boʻlmasin, lekin alohida koʻrinishlari, musulmonlar hamjamiyatidan ajralib, ozchilik bilan alohida boʻlib olishlarining oʻzi, koʻpchilik musulmonlar ularning alohida koʻrinishiga qarab, alohida nom qoʻyib qoʻyishining oʻzi ularni ahli sunnat va jamoatdan chiqarib qoʻyadi. Buni unutmang!

Musulmon kishi rahbarlariga itoatli, yurtidagi insonlar bilan murosa-yu madora bilan yashamogʻi farz. Shunday ekan, firqa va oqimlarga qoʻshilishni jamiyat man qilib qoʻygan ekan, davlat qonuni jinoyat deb baholar ekan, unday firqa va oqimlardan uzoq boʻlavering. Shu sizning musulmonlik burchingizdir! Xullas, firqa va oqimlardan doimo ehtiyot boʻling, qoching, yaqinlashmang!

Tojiddin XOʻJAXANOV,

“Yorilgan masjid” imom-xatibi

Manba: muslim.uz

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Dec
02
Jaholatga qarshi marifat
Jaholatga qarshi ma'rifat bilan kurashaylik.
04:43
Apr
01
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:26
Jan
05
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:25

Izoh qoldirish