384

O‘zbekistonda din psixologiyasining ilmiy-nazariy va amaliy masalalari muhokama etildi

Bugungi globallashuv jarayoni jadal kechayotgan bir davrda dinning shaxs tarbiyasidagi o‘rnini o‘rganish dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. Shu bois, milliy g‘oya va istiqlol mafkurasini shakllantirish va yoshlar ongiga singdirishda dinni to‘g‘ri hamda tahliliy o‘rganish dolzarb masalalardan biriga aylandi. 

Hozirgi vaqtda ko‘z o‘ngimizda dunyoning geopolitik, iqtisodiy va ijtimoiy, axborot kommunikatsiya manzarasida chuqur o‘zgarishlar ro‘y berayotgan, turli mafkuralar tortishuvi keskin tus olayotgan bir vaziyatda, fikrga qarshi fikr, g‘oyaga qarshi g‘oya, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish har qachongidan ko‘ra muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Shu maqsadda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “O‘zbekistonda din psixologiyasining ilmiy-nazariy va amaliy masalalari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi. 

“Din psixologiyasi va pedagogika” kafedrasi tomonidan har yili an’anaviy tarzda tashkil etiladigan anjumanni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari boʻyicha maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov kirish so‘zi bilan ochib berdi. Konferensiya ishiga muvaffaqiyat tiladi.

Onlayn va offlayn formatda tashkil etilgan anjumanda Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Ilyos Mirziyotov, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Zohidjon Islomov, “Din psixologiyasi va pedagogika” kafedrasi mudiri Zebo Qosimova, kafedra professor-o‘qituvchilari, Nizomiy nomidagi TDPU Amaliy psixologiya kafedrasi dotsenti, “Psixosfera” amaliy psixologiya markazi direktori Sanjar Yuldashev, Janubiy Koreya Kangvon milliy universiteti doktoranti Ahrorjon G‘aniyev, soha mutaxassislari hamda talabalar ishtirok etdi.

Anjumanda “Diniy devatatsiyaga ega bo‘lgan shaxslar bilan psixologik konsultatsiya o‘tkazish muammolari”, “Sharq allomalarining shaxs shakllanishiga doir psixologik g‘oyalari va qarashlari”, “Stress va ruhiy jarohatlarni yengishda diniy e’tiqod va odatlarning o‘rni”, “Shaxs diniy identifikatsiyasini tasniflashga doir zamonaviy yondashuvlar”, “Axloqiy ong dinamikasining oliy ta’lim jarayonidagi qiyosiy tahlili”, “Ijodiy tafakkur muammosini o‘rganishning diniy psixologik asoslari” mavzulari ma’ruzalar tinglandi.

Mazkur anjuman respublikamizda din psixologiyasi, uning shakllanishi, rivojlanishi va ushbu sohadagi dolzarb muammoli masalalarni oʻrganish boʻyicha toʻplangan tajribani umumlashtirish maqsadida tashkil etildi. 

Anjuman doirasida amalga oshirilgan muloqotlar, sohaga oid turli masala boʻyicha fikr, bilim va tajriba almashinuvlar, tahlillar, ishlab chiqilgan amaliy tavsiyalar konferensiyaning barcha ishtirokchilari – xorijiy taʼlim muassasalari, nufuzli tashkilot vakillari, davlat ilmiy muassasa va tashkilotlar xodimlari, yosh ilmiy tadqiqotchilar uchun gʻoyat foydali boʻldi.

Konferensiya yakunida koʻtarilgan masalalar boʻyicha umumiy xulosalar qilindi. Bu kabi ilmiy anjumanlar soha rivoji uchun foydali boʻlishi qayd etildi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish