Axborot xavfsizligi sohasida raqamlashtirish muammolari va istiqbollari
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Axborot xavfsizligi sohasida raqamlashtirish muammolari va istiqbollari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi.
Mazkur anjumanning maqsadi diniy-ma’rifiy sohani raqamlashtirishning nazariy muammolari va axborot xavfsizligini ta’minlashda sun’iy intellekt texnologiyalarining o‘rni, kibermakonda axborot xavfsizligini ta’minlash muammolari, shuningdek, sohada zamonaviy innovatsion va pedagogik texnologiyalarni qo‘llanilishiga oid amalga oshirilgan ilmiy izlanishlar hamda tadqiqotlar natijalari bilan keng jamoatchilikni tanishtirishdan iborat.
Onlayn hamda offlayn formatda tashkil etilgan konferensiyani O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Zohidjon Islomov kirish so‘zi bilan ochib berdi va anjuman ishiga muvaffaqiyat tiladi.
Tadbirda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti “Sun’iy intellekt” kafedrasi mudiri, tarix fanlari doktori, professor Hakimjon Zayniddinov, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti “Audio-vizual texnologiyalar” kafedrasi professori Faxriddin Nuraliyev, Ichki ishlar vazirligi Jinoyat-qidiruv departamenti Kiberxavfsizlik markazi xodimi Shuhrat Mamadoliyev, “Kiberxavfsizlik” DUK bo‘lim boshlig‘i Iskandar Aysayev, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professor-o‘qituvchilari hamda talabalar ishtirok etdi.
KonferensiyaniO‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari” kafedrasi mudiri Qurbon Rahmonov olibbordi.
Anjuman “Diniy-ma’rifiy sohani raqamlashtirishning nazariy muammolari”, “Axborot xavfsizligini ta’minlashda sun’iy intellekt texnologiyalarining o‘rni”, “Kibermakonda axborot xavfsizligini ta’minlash muammolari” hamda “Sohada zamonaviy innovatsion va pedagogik texnologiyalarni qo‘llanilishi” kabi yo‘nalishlarga bo‘lindi.
Ilm mashvaratida “Neyron tarmoqlarda bazis splaynlarini faollashtirish fuksiyasi sifatida qo‘llash natijasida rudalar qatlamlarini bashoratlash”, “Kibermakonda kiberxavfsizlikni ta’minlash muammolari”, “O‘zbekistonda 3D texnologiyalarga asoslangan meta-borliq muhitida milliy virtual universitet tizimi”, “Ma’lumotlar xavfsizligini ta’minlashda sun’iy intellektdan foydalanish muammo va yechimlari”, “Axborot xavfsizligi jarayonida tasvirlarga dastlabki ishlov berish algoritmlari”, “Ta’limda sun’iy intellektdan foydalanish: bugun va kelajak” kabi mavzularda ma’ruzalar qilindi.
So‘z olganlar yurtimizda axborot xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tishdi. Sohadagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, buning uchun malakali, yosh kadrlarni tayyorlashda qanday jihatlarga ahamiyat qaratish kerakligi haqida so‘z yuritildi. Axborot xavfsizligi to‘g‘risida o‘zbek tilida ilmiy, ommabop o‘quv adabiyotlar, qo‘llanmalar yetarli emasligi ta’kidlandi.
Konferensiya yakunida ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha umumiy xulosalar qilindi. Bu kabi ilm anjumanlari soha rivoji uchun foydali bo‘lishini qayd etishdi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish