491

Ahli sunna val jamoa aqidaviy mazhabining tarixi

JAHOLATGA QARSHI MA’RIFAT

Imom Gʻazzoliy ahli sunna val jamoa aqidaviy mazhabining tarixi haqida soʻz yuritib, quyidagilarni yozadi: 

“Kalom bir ilm boʻlib, uning maqsadi ahli sunnaning aqidasini ahli bidʼatning tashvishidan muhofaza qilish va qoʻriqlashdir. Alloh taolo Oʻz bandalariga Oʻz Nabiyi tilida haq aqidani ilqo qildi. Unda ularning dini va dunyosining salohi bordir. Shuningdek, uning haqida Qurʼon va xabarlar nutq qildi. Soʻngra shaytonlar oʻz vasvasasi ila bidʼatchilarga sunnatga xilof ishlarni ilqo qildi. Ular oʻsha ishlarni gapirdilar va ahli haqning aqidasini buzmoqchi boʻldilar.

Bas, Alloh bir toifa mutakallimlarni paydo qildi va ularning himmatini tartibga solingan kalom ila sunnatning nusrati yoʻlida harakatga soldi. Shu orqali, ahli bidʼatning sunnatga xilof ravishda chiqargan aldamchiliklari fosh qilinadi. Ana shundan ilmi kalom paydo boʻldi”.

Bu gaplarga qoʻshimcha qilib aytamizki, ilmi kalom paydo boʻlgan vaqtga kelib, aqidaga oid masalalarga avvalgi vaqtlarga oʻxshab faqat Qurʼon va sunnatdan dalil keltirish bilan kifoyalanish yetmay qolgan edi. Qarshi taraf aqliy dalil ham keltirishni talab qilar edi.

Kalom masalalari boʻyicha bahslar musulmon olamidagi oʻsha vaqtning koʻzga koʻringan aqiydaviy mazhablari: Ahli sunna va jamoa, moʻtaziliylar, murjiʼiylar, xavorijlar va shialar oʻrtasida boʻlgan.

Keyinchalik, Allohning kalomiga tegishli bahslardan Allohning sifatlariga, islom davlati boshligʻi imomga oid masalalarga, qazo va qadar masalasiga va hatto baʼzi fiqhiy masalalarga ham oʻtilgan.

Vaqt oʻtib, turli xalq va toifalarning islomga kirishlari bilan birga ularning aqida va fikrlari ham musulmonlar orasiga kirib keldi.

Shu bilan birga, nomusulmonlar tomonidan Islom aqidalariga qarshi fikriy hujum va tanqidlar ham avj ola boshladi.

Ana oʻsha hamlalardan islom aqidasini himoya qilish va ularga raddiyalar berish uchun ilmi kalom sohiblari gʻayrimusulmonlar bilan tortishuvlarniboshladilar.

Bu ishda ahli sunna val jamoa ulamolari ham, moʻtazilalar ham va boshqalar ham ishtirok etdilar. Avval bu tortishuvlar toʻgʻri yoʻnalishda va bir maromda ketdi. Keyinchalik esa, boshqa ilm va sohalarda boʻladigani kabi, turli burilishlar va xatolar yuzaga kela boshladi. Ilmi kalom bobiga boʻlgan-boʻlmagan, turli-tuman masalalar aralashib ketdi.

Shuningdek, mutakallimlar orasiga ham har xil shaxslar aralashib qoldi. Natijada, haqiyqiy ilmi kalomni soxtasidan, haqqni botildan ajratib olish qiyin boʻlib qoldi.

Ana shunday ogʻir bir paytda sof islom aqidasini saqlab qolish uchun harakat qiladigan ulamolar yetishib chiqdilar. Ular Qurʼoni Karim va taʼlimotlari asosida, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalari uslubida aqida uslublarini yorita boshladilar. Ularga “Ahli suna val jamoa” nomi berildi.

Keyinroq, odamlarga tushunarli boʻlishi uchun matnlarni taʼvil qilishga ham majbur boʻlindi, turli kitoblar bitildi. Ahli sunna val jamoaning aqida bobidagi taʼlimotlari toʻplanib, tartibga solindi. Oxiri aqidaviy mazhab boʻlib shakllandi va oʻz imomlariga ham ega boʻldi. Ahli sunna va jamoa ismi bundan avval ham bor edi. Ammo keyinroq, yuqorida nomlari aytib oʻtilgan turli firqalarga muqobil oʻlaroq, ayni shu ismni ishlatila boshlandi. (Ahli sunna deganda “sunnatga yurganlarning yoʻli va hadisga amal qiladiganlar degan maʼnolarni koʻzda tutilgan. Bu borada imom al-Ashʼariy va al-Moturidiy ahli sunna va jamoaning aqiyda boʻyicha imomlari deb tan olindilar.

Bu ikki imom Islom olamining ikki tarafida Ashʼariy basralik, Moturidiy samarqandlik boʻlsa ham va bir-birlari bilan koʻrishmagan boʻlsalar ham, bir xil ishni bir xil vaqtda, bir xil tarzda ado etganlari hamda ikkovlarining birdaniga ahli sunna val jamoa mazhabining imomi (yaʼni yoʻlboshchisi) deb eʼtirof qilinishi bu mazhabning aqidasi doimo barcha yurtlarda maʼlum va mashhur ekaniga yorqin dalildir.

Abduvohid AKRAMOV,

Mir Arab oliy madrasasi talabasi

Manba: muslim.uz

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Dec
02
Jaholatga qarshi marifat
Jaholatga qarshi ma'rifat bilan kurashaylik.
04:43
Apr
01
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:26
Jan
05
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:25

Izoh qoldirish