252

Akademiyada ziyorat gid-tarjimonlari uchun maxsus seminar kurslar tashkil etildi

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi huzuridagi “Madaniy meros obyektari muammolarini o‘rganish va turizmni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot istituti” hamda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamkorligida “Tabarruk ziyorat” loyihasi doirasida gidlar uchun haftalik maxsus seminar kurslar tashkil etildi.

Ushbu maxsus seminar kurslari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-apreldagi “Respublikaning turizm salohiyatini jadal rivojlantirish hamda mahalliy va xorijiy turistlar sonini yanada oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori hamda Turkiy davlatlar tashkiloti, Qozog‘iston Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida imzolangan “Tabarruk ziyorat” pilot loyihasi bo‘yicha Qo‘shma dasturni amalga oshirish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligining nazorat rejasida keltirilgan vazifalar ijrosi yuzasidan tashkil etilmoqda.

Onlayn tarzda o‘tkazilayotgan kurslarda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi xodimlari, vazirlikning hududiy boshqarmalari xodimlari, turizm sohasida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar hamda gid-tarjimonlar ishtirok etmoqda.

Maxsus seminar kurslarining dastlabki kunida “O‘zbekistondagi diniy bag‘rikenglik yutuqlari”, “Ziyorat obyektlari va ularni tasniflash”, “Ziyorat odobi, tartibi va marosimlari” mavzularida mashg‘ulotlar o‘tkazildi. 

Mashg‘ulolatlar yuqori salohiyat va ko‘p yillik amaliy tajribaga ega professor-o‘qituvchilar va sohaning yetakchi mutaxassislari tomonidan olib borilmoqda. Kursdan maqsad turizm sohasida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar va gid-tarjimonlarning ziyorat turizmini tashkil etish, ziyorat obyektlari va ularning tasnifi, turli din vakillari bilan ishlash xususiyatlari, ziyorat odoblari bo‘yicha bilimlarini rivojlantirish va kasbiy kompetentligini oshirishdan iborat.

Endilikda nufuzli ziyorat turizm yo‘nalishidagi tashkilotlar bilan birgalikda ziyoratchilar uchun xizmat ko‘rsatishga qaratilgan maxsus kurslar muntazam o‘tkazilib boriladi. Bu orqali soha vakillarining tajriba va malakasini yanada oshirish tizimi yaratiladi.

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish