254

Ilmiy loyiha doirasida Samarqanddagi noislomiy konfessiyalar faoliyati oʻrganildi

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy oʻrganish UNESCO” kafedrasi professor-oʻqituvchilaridan iborat ilmiy jamoa Samarqand shahriga xizmat safarini amalga oshirdi. 

Mazkur safar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan 2021-2023-yillar uchun moliyalashtirilgan “Dinlar tarixi, taʼlimoti, manbalari va anʼanalarini tadqiq etish asosida “Dunyo dinlari” elektron dasturi va mobil ilovasini yaratish” mavzusidagi innovatsion loyiha doirasida tashkil etildi.

Tarixdan maʼlumki, Samarqand azaldan turfa dinlar tarqalgan, turli din vakillari istiqomat qilgan shahar hisoblanadi. Islom dini tarqalishidan avvalgi davrlarda shahar va uning atrofida yahudiy va xristian jamoalari yashaganlar. III asrdan xristianlikning nestorianlik oqimi Samarqandda keng tarqalgan. IX asrda Samarqandda nestorian arxiyepiskopi faoliyat koʻrsatgan. Ushbu yoʻnalishning aynan qachon tashkil etilgani haqida turli fikrlar mavjud boʻlsa-da, u oʻlkada islom tarqalgach ham faoliyatini davom ettirgani aniqlangan. Sharqshunos olim Bartoldning taʼkidlashicha, nestorian nasroniylari musulmon sulolalari hukmronligi ostida qulay hayot kechirganlar. Ayniqsa, Somoniylar davrida sezilarli nestorian xristian aholisi yashagan va ular oʻz eʼtiqodlariga erkin amal qilish imkoniyatiga ega boʻlishgan hamda oʻz ibodat va anʼanalarini suryoniy tilida yozilgan diniy matnlardan foydalanib olib borishgan. 

Tarixiy jarayonlarning natijasi oʻlaroq, Samarqand viloyatida bugungi kunda islom, yahudiylik, xristianlikning pravoslavlik, katolik, protestantlik yoʻnalishlari va bahoiylikka oid 312 ta diniy tashkilot faoliyat koʻrsatmoqda. Shundan 22 ta diniy tashqilot noislomiy konfessiyalarga tegishli hisoblanadi.

Yurtimizdagi diniy bagʻrikenglikning tarixiy ildizlarini ifoda etuvchi Samarqandga amalga oshirilgan xizmat safari davomida viloyatda rasmiy roʻyxatdan oʻtib faoliyat koʻrsatayotgan ikkita Buxoro yahudiylari jamoasi, uchta Rus pravoslav cherkovi, Rim katolik cherkovi, Yevangel xristian baptistlari cherkovi, Novoapostol cherkovi, Arman apostollik cherkovi, Yettinchi kun adventistlari, Toʻliq Injil xristianlari cherkovlari va Bahoiy jamoasi ibodatxonalariga tashrif buyurildi. 

Ilmiy safar davomida noislomiy diniy tashkilotlarning tarixi va bugungi kundagi faoliyati, diniy bayram va marosimlarini oʻtkazish tartibi, ularda ishtirok etuvchi dindorlarga yaratilgan imkoniyatlar haqida maʼlumotlar toʻplandi.

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish