201

Qatarda O‘zbekistonning diniy sohadagi islohotlari bo‘yicha taqdimot qilindi

Avval xabar berganimizdek, Doha shahrida boʻlayotgan “Diniy erkinlikdan diniy masʼuliyat sari: qoʻllab-quvvatlash va harakat hamjamiyatlarini qurish” mavzusidagi xalqaro konferensiyada Oʻzbekiston delegatsiyasi ishtirok etmoqda.

Xalqaro konferensiyaning “Din va qonun ustuvorligi” shu’basi doirasida boʻlimlarda 50 ga yaqin olim va tadqiqotchilar, huquqshunos va siyosatshunoslar, dinshunos va din yetakchilari, davlat va nodavlat tashkilotlari vakillarining maʼruzalari tashkil qilingan.

Jumladan, Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisining birinchi oʻrinbosari Davronbek Maxsudovning “Diniy sohadagi islohotlar: Oʻzbekiston tajribasi” mavzusidagi maʼruzasi va taqdimoti ishtirokchilarga yetkazildi.

Maʼruzada soʻnggi yillarda din sohasida Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida qonunchilik takomillashtirilgani, yangi ilmiy va taʼlimiy muassasalar ochilgani, barcha din vakillarining emin-erkin eʼtiqod qilishlariga sharoitlar yaratilgani, buyuk allomalar merosini oʻrganish va tadqiq etishga alohida eʼtibor qaratilayotgani va bir qator ezgu saʼy-harakatlar aniq misollar, dalil va raqamlarda taqdim etilgani ishtirokchilarda katta qiziqish uygʻotdi. 

Oʻz navbatida, bugungi davrda dunyoning turli nuqtalarida diniy va milliy adovatlar davom etayotgan bir paytda Oʻzbekistonda 16 ta diniy konfessiyaning tinch-totuv yashashi koʻplab davlatlar uchun namuna timsoli boʻla olishi alohida taʼkidlandi.

Tadbirda ishtirok etayotgan xalqaro ekspertlar tomonidan Oʻzbekistondagi diniy-maʼrifiy sohadagi, xususan, diniy bagʻrikenglik borasidagi tashabbuslar yuksak eʼtirof etildi.

Oʻzbekiston delegatsiyasining Qatarga safari davom etmoqda.

Din ishlari boʻyicha qoʻmita 

Axborot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish