Oʻzbekiston delegatsiyasi Dohadagi konferensiyada ishtirok etmoqda
Qatar poytaxti Doha shahrida “Diniy erkinlikdan diniy masʼuliyat sari: qoʻllab-quvvatlash va harakat hamjamiyatlarini qurish” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tmoqda. Mazkur anjumanda Oʻzbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etyapti.
Shu yilning 11-may kuniga qadar davom etadigan ushbu tadbirda xalqaro tashkilotlar vakillari, diniy konfessiyalar yetakchilari, mashhur olimlar, taniqli ulamolar hamda soha ekspertlari jami 100 dan ziyod ishtirokchi qatnashmoqda.
Qayd etish kerakki, mana shunday yirik forum 2022-yil 16-19-may kunlari Toshkent va Buxoro shaharlarida boʻlib oʻtgan edi. Xalqaro uchrashuvning asosiy natijasi sifatida “Buxoro deklaratsiyasi” qabul qilingan edi. Bundan ilgari Marokash, Makka, Jakarta, Potomak va Punto-del-Esteda qabul qilingan deklaratsiyalarni toʻldiradigan ushbu hujjat Oʻzbekistonning diniy bagʻrikenglik va millatlararo totuvlik gʻoyalarini xalqaro darajada qaror toptirishga muhim hissa qoʻshmoqda.
Mazkur nufuzli tadbirda Oʻzbekiston delegatsiyasi sifatida Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisining birinchi oʻrinbosari Davronbek Maxsudov, bir qator diniy soha vakillari hamda diyorimizdagi diniy konfessiyalar vakillari ishtirok etmoqda.
Xalqaro tadbirda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan Oʻzbekistondagi millatlararo doʻstlik, dinlararo ahillik borasidagi qadim anaʼnalar va bugungi kunda olib borilayotgan islohotlar yuqorida baholandi. Eʼtiborlisi, ochilish marosimida 2022-yil Toshkent va Buxoroda oʻtgan konferensiyadan videolavhalar taqdim etildi.
Anjumanda soʻzga chiqqan Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisining birinchi oʻrinbosari Davronbek Maxsudov Oʻzbekistonda millati, tili, dini va ijtimoiy kelib chiqishidan qatʼi nazar, har bir fuqaroning vijdon erkinligi taʼminlanishi, barcha diniy konfessiyalar erkin faoliyat yuritishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratib berilgani, millatlar va konfessiyalar oʻrtasida totuvlik hamda hamjihatlikni taʼminlash siyosati izchil davom ettirilayotgani haqida muhim maʼlumotlarni ishtirokchilarga taqdim etdi.
AQSH Global jalb qilish instituti asoschisi Kris Saypl AQSH – Oʻzbekiston munosabatlari haqida toʻxtalib, keyingi yillarda Oʻzbekistonda qisqa vaqt davomida amalga oshirilgan islohotlar butun dunyo uchun oʻrnak boʻlishi lozim ekanini 20 ga yaqin mamalakatdan kelgan delegatlar oldida maʼlum qildi.
Shuningdek, tadbir doirasida turli davlatlar dinshunos olimlari, amaliyotchi mutaxassislariga jamiyatda tinchlik va totuvlikni saqlab turishning muhim sharti sifatida dinlararo samarali muloqot oʻrnatish sohasidagi eng yaxshi xalqaro amaliyot, ilgʻor xorijiy tajribalar namoyish etilmoqda.
Konferensiya ishida koʻp millatli jamiyatda konfessiyalararo muloqotni rivojlantirish sohasida tajriba almashish, diniy erkinlik masalasida qonun ustuvorligini taʼminlash, turli din vakillari oʻrtasida oʻzaro ishonch va hurmatni mustahkamlash boʻyicha ilgʻor amaliyot bilan tanishish yuzasidan ilmiy-amaliy maʼruzalar ham ishtirokchilar eʼtiboriga taqdim etilishi belgilangan.
Oʻzbekiston delegatsiyasining Qatarga safari davom etmoqda.
Izoh qoldirish