269

Akademiyada Mahmudxoʻja Behbudiy xotirasiga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi

Yurtimizda har yili 9-may sanasi anʼanaviy tarzda “Xotira va qadrlash kuni” sifatida keng nishonlab kelinadi. Bu kunda, ayniqsa, insoniyat tarixida mudhish iz qoldirgan Ikkinchi jahon urushida jasorat koʻrsatgan necha-necha insonlar qatorida minglab vatandoshlarimiz xotirasi yodga olinadi. 

Shu bilan birga, el-yurt saodati, ilm-maʼrifati, yosh avlod kamoloti uchun butun umrini bagʻishlagan maʼrifatparvar ajdodlarimiz xotirasiga hurmat bajo keltirish ham yaxshi anʼanaga aylangan. 

Shu maqsadda bugun Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida buyuk maʼrifatparvar adib, jadidchilik harakati yetakchilaridan biri Mahmudxoʻja Behbudiyning xotirasiga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.

Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar fakulteti “Xalqaro munosabatlar va ijtimoiy fanlar” kafedrasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zbekiston xalq shoiri, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi jamoatchilik kengashi raisi Iqbol Mirzaaliyev, filologiya fanlari doktori, professor Bahodir Karimov, Akademiya professor-o‘qituvchilari, xodimlari, tarixchi olimlar hamda talabalar ishtirok etdi.

Davra suhbatini O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov kirish nutqi bilan ochib berdi. Akademiya rektori o‘z nutqida jadid bobolarimizning milliy o‘zlikni anglash, hurriyat yo‘lida jon fido etgan bobolarimiz xotirasiga ko‘rsatilgan cheksiz hurmatning amaldagi isboti ekanini ta’kidladi. 

Anjumanda so‘z olganlar Turkiston jadidchilik yetakchisining ilmiy-ma’naviy merosi, hayoti va ijodi, yosh avlodni asriy qadriyatlarga sodiq, zamon bilan hamnafas, zukko, bilimdon etib tarbiyalashga qaratilgan o‘gitlarini yodga olishdi.

Ilmiy seminarda “Mahmudxoʻja Behbudiy: Turkiston jadidchilik harakatining yoʻlboshchisi”, “Mahmudxo’ja Behbudiyning hayoti va ijodi”, “Mahmudxo’ja Behbudiyning ilmiy merosining bugungi kundagi ahamiyati”, “Mahmudxo‘ja Behbudiy. Muhtaram yoshlarg‘a murojaat asarining bugungi kundagi ahamiyati” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, “Islom tarixi va manbashunosligi IRCICA” kafedrasi professori, tarix fanlari doktori Saidakbar Agzamxo‘jayev hamda “Xalqaro munosabatlar va ijtimoiy fanlar” kafedrasi dotsenti Mo‘minjon Xo‘jayevning ma’ruzalari ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

Turkiston ijtimoiy-siyosiy harakatining eng yirik namoyandasi, o‘lka jadidlari rahnamosi, mustaqil jumhuriyat g‘oyasining bayroqdori, yangi maktabchilik nazariyotchisi va amaliyotchisi, o‘zbek dramaturgiyasi asoschisi, noshir Mahmudxo‘ja Behbudiy tariximizning g‘oyat og‘ir va murakkab bir davrida yashadi va faoliyat yuritdi.

“Mahmudxo‘ja Behbudiy nomidagi maxsus stipendiya” sovrindorlari so‘zga chiqib, mutafakkir hayoti va ijodi, ilmiy faoliyatiga oid qiziqarli ma’lumotlar berildi.

Uchrashuv davomida Yunus Rajabiy nomidagi maqomchilar ansambli xonandasi, xalqaro tanlovlar g‘olibi Rustam Mirminov tomonidan kuy-qo‘shiqlar ijro etildi. 

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish