Akademiyada taniqli sharqshunos va tarixchi olim Saidakbar Agzamxoʻjayev tavalludining 70 yilligiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi
Inson maʼnaviy kamoloti, ikki dunyo saodatiga ustoz va murabbiylarning ta’lim va tarbiyasi bilan erishadi. Dunyoda shunday kasblar borki, rohatidan mehnati, muvaffaqiyatidan zahmati koʻp. Ustoz-u murabbiylarning fidoyi mehnatini ham shunga qiyoslash mumkin. Hazrat Alisher Navoiy bobomiz taʼbiri bilan aytganda, dunyoning jamiki boyligi va xazinasi bilan ham ularning olijanob mehnati haqini ado etib boʻlmaydi.
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida taniqli sharqshunos va tarixchi olim, tarix fanlari doktori, professor Saidakbar Agzamxoʻjayev tavalludining 70 yilligi munosabati bilan ilmiy-pedagogik va ijtimoiy faoliyatiga bagʻishlangan tadbir tashkil etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti, filologiya fanlari doktori, professor Bahrom Abduhalimov, OʻzR FA Tarix instituti direktori, tarix fanlari fanlari doktori, professor Azamat Ziyo, Qatagʻon qurbonlari xotirasi davlat muzeyi direktori, tarix fanlari doktori, professor Baxtiyor Hasanov, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori Gulchehra Rixsiyeva, OʻzR FA Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyi direktori Jannat Ismoilova, Akademiya professor-oʻqituvchilari, olim va mutaxassislar, yubilyarning hamkasb do‘stlari hamda talabalar ishtirok etdi.
Uchrashuvni Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi Ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektor, filologiya fanlari doktori, professor Zohidjon Islomov kirish soʻzi bilan ochib berdi.
Marosimda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov soʻzga chiqib, taniqli olimning ibratli umri, ilmiy faoliyati yoshlarga o‘rnakligi, Saidakbar Agzamxo‘jayev yurt ravnaqiga hissa qo‘shayotan ko‘plab mutaxassislarning ustozi ekanligini e’tirof etdi. Akademiya jamoasi nomidan tabrikni yetkazib, ustozga zarbof to‘n kiydirdi.
Darhaqiqat, tadbir davomida so‘zga chiqqanlar jonkuyar ustozning diniy-maʼrifiy sohadagi ilmiy faoliyatini alohida eʼtirof etishdi.
Boy ilmiy va amaliy tajribaga ega boʻlgan, tajribali ustoz bugungi kunda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi “Islom tarixi va manbashunosligi IRCICA” kafedrasida talabalarga saboq berib kelmoqda. Olimning yosh tarixchilarni tayyorlash hamda oʻquv jarayonlari va ilmiy muhit rivojiga munosib hissa qoʻshib kelayotgani tahsinga sazovor.
Saidakbar Agzamxoʻjayev 1953-yil 2-mayda ziyoli oilasida tugʻilgan. Oʻrta maktabni tamomlab, 1970-1977-yillarda Toshkent davlat universiteti Sharq fakultetining arab boʻlimini sharqshunos-arabshunos mutaxassisligi boʻyicha tamomlaydi.
1977-1989-yillarda OʻzFA Tarix institutida ilmiy xodim lavozimida ishlagan. Taniqli olim 1988-yilda Oʻzbekistonning xorijiy sharq davlatlari bilan iqtisodiy va madaniy hamkorlik masalalarini oʻrganib, “Oʻzbekistonning Osiyo va Afrika rivojlanayotgan mamlakatlari bilan sogʻliqni saqlash sohasida hamkorligi (1961-1985-yy.)” deb nomlangan nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilib, tarix fanlari nomzodi ilmiy darajasini oladi. 2002-yilda professor ilmiy unvoni beriladi.
1977-1999-yillarda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti dotsenti hamda “Jahon ijtimoiy-siyosiy tarixi” kafedrasi mudiri boʻlib ishladi.
1999-2018-yillarda Toshkent islom universitetining “Islom tarixi va falsafasi” fakulteti dekani, Maʼnaviyat va maʼrifat ishlari boʻyicha prorektor, “Demokratik jamiyat qurish nazariyasi va amaliyoti”, “Dinshunoslik”, “Tarix” hamda “Islom tarixi va manbashunosligi IRCICA” kafedralari mudiri lavozimlari faoliyat yuritdi.
2018-yildan hozirgi vaqtgacha Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi “Islom tarixi va manbashunosligi IRCICA” kafedrasi professori hisoblanadi.
Jonkuyar va talabchan ustoz, mohir pedagog, ilm yoʻlining chinakam fidoyisi boʻlgan Saidakbar Agzamxoʻjayev koʻplab shogirdlarga ustozlik qildi. Yoshlar kamoloti yoʻlida beminnat mehnat qilmoqda.
Tadbir yakunida Saidakbar Agzamxo‘jayev yig‘ilganlarga minnatdorlik bildirdi.
Fursatdan foydalanib, Akademiya jamoasi Saidakbar Saidovichni yana bir bor tavallud ayyomi bilan tabriklab, u kishiga mustahkam sogʻlik, uzoq umr, koʻtarinki kayfiyat, oilaviy farovonlik va ish faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tilaydi!
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish