Alisher Navoiy – buyuk siymo
Asrlar osha xalqimiz ezgu maqsadlarini o‘zida aks ettirgan boy ma’naviy ildizlarimizga tayanadi. Ma’naviyatimiz asoslarini esa buyuk shoir va mutafakkir bobokalonimiz Alisher Navoiyning bebaho merosidan ayro tasavvur etib bo‘lmaydi. Shu bois, Navoiy siymosi, uning ijodini o‘rganishga bag‘ishlangan tadbirlarni o‘tkazish hamisha davom etadi.
Shu maqsadda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “O‘zbek tili va mumtoz sharq adabiyoti” kafedrasi professor-o‘qituvchilari tomonidan “Alisher Navoiy – buyuk siymo!” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
“O‘zbek tili va mumtoz sharq adabiyoti” kafedrasi professori Durdona Lutfullayeva hamda dotsent Nasiba Sayidiraximovalar tomonidan tashkil etilgan tadbirda amerikalik navoiyshunos olim, Afg‘oniston Fanlar akademiyasi faxriy a’zosi, mamlakat milliy medali sohibi Azizullah Aral, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Zohidjon Islomov, Oriental universiteti Tillar-1 kafedrasi katta o‘qituvchisi Nigora Erkinova, Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti talabalari hamda Respublika “Yosh ijrochilar” hamda “Iste’dod II” xalqaro ko‘rik-tanlovlari laureati Ozodaxon Ermuhammedova, “O‘zbek tili va mumtoz sharq adabiyoti” kafedrasi professor-o‘qituvchilari, Axborot-resurs markazi xodimlari hamda talabalar ishtirok etdi.
Tadbir O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Zohidjon Islomovning kirish so‘zi bilan boshlandi.
Uchrashuvda xorijlik navoiyshunos olim Azizullah Aral ishtirokchilarga “Navoiy – inson huquqlari homiysi”, “Navoiy ijodida tabiat ta’rifi”, “Amerikada Navoiy qo‘lyozmalari”, “Navoiy bizning Shekspir” nomli maqolalari orqali qiziqarli ma’lumotlarni berdi.
Bundan tashqari, Alisher Navoiy tili, uning asarlari mohiyatini tushunish, anglash uchun kamida hazrat Navoiy darajasida bo‘lish muhimligi, alloma asarlarida tilga olinmagan, tahlil etilmagan mavzu, masalaning o‘zi yo‘qligi uning haqiqatan buyuk siymo ekanligini isbotlaydi, deya ta’kidlab, Afg‘onistondagi Navoiyning maqbarasi, Temuriylar davri tarixiy obidalari, Navoiy asarlari matnlarining xattotlar tomonidan ko‘chirilgan nusxalari, ularning asliyatdan farqli jihatlarining lisoniy tabdiliga bag‘ishlangan videolavha bilan yakunladi.
Navoiyshunos olimning ma’ruzalari orasida O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti talabasi, Respublika “Yosh ijrochilar” hamda “Iste’dod II” xalqaro ko‘rik-tanlovlari laureati Ozodaxon Ermuhammedova Navoyi g‘azallari asosida tayyorlangan maqomlardan jonli ijro etib, tadbirga o‘zgacha shukuh berib turdi.
Tadbir yakunida Akademiya magistrantlari tomonidan Navoiy g‘azallaridan namunalar o‘qib eshittirildi.
Bir so‘z bilan aytganda, tadbir juda mazmunli, matn va manbashunoslik, til tarixiga oid ko‘plab ilmiy ma’lumotlarga boy va serjilo o‘tdi.
Izoh qoldirish