O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Oksford islom tadqiqotlari markazi direktori bilan uchrashuv o‘tkazildi
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Oksford islom tadqiqotlari markazi direktori Fahran Nizami bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Nufuzli mehmonni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov kutib oldi. Akademiya rektori taniqli olim bilan yuzma-yuz uchrashib turganidan mamnun ekanini bildirdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi vakili Jasur Najmiddinov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, Akademiya rektori maslahatchisi O‘tkir Hasanboyev, Akademiya prorektorlari – Zohidjon Islomov, Ilyos Mirziyotov, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Jamoliddin Karimov, Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Bahodir Xo‘jayev hamda boshqa mutasaddilar ishtirok etdi.
Muloqot davomida Muzaffar Komilov ayni vaqtda yurtimizda muhim siyosiy jarayon – 30-aprel – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi referendumi xalqimiz tomonidan ko‘tarinki kayfiyat va uyushqoqlik bilan o‘tkazilayotganini ta’kidladi. O‘z navbatida Fahran Nizami referendum ishiga muvaffaqiyat tilab, umumxalq referendumi yuqori saviyada tashkil etilayotganini e’tirof etdi.
Shundan so‘ng Muzaffar Komilov yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan o‘zgarishlar, islohotlar jarayoni haqida so‘z yuritdi. So‘nggi yillarda islom ilm-fani va madaniyatining boy tarixiy, ilmiy, ma’naviy merosini har tomonlama o‘rganish, eng muhimi, islom dinining insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berish uchun Prezidentimiz tomonidan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, islom olami rivojiga ulkan hissa qo‘shgan allomalarimiz nomi bilan ataladigan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari va boshqa ta’lim muassasalarining tashkil etilishi bu boradagi muhim qadamlardan biri ekanini alohida qayd etdi.
Do‘stona kayfiyatda o‘tgan suhbat davomida Oksford islom tadqiqotlari markazi direktori Fahran Nizami yurtimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlarga yuqori baho berdi. Oksford islom tadqiqotlari markazi hamda O‘zbekistondagi ilmiy-tadqiqot muassasalari o‘rtasidagi hamkorlik hamkorlik aloqalarining bundan-da rivojlanishiga umid bildirdi.
Uchrashuvda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov hamda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadiqot markazi direktori Jamoliddin Karimov so‘z olib, Qo‘mita va Markaz tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berishdi.
Muloqot yakunida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda Oksford islom tadqiqotlari markazi o‘rtasida ikki tomonlama o‘zaro Memorandum imzolandi.
Muzaffar Komilov nufuzli mehmonga esdalik sovg‘asi topshirar ekan, janobni yana bir bor O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ko‘rib turganidan mamnun ekanini bildirdi.
O‘z navbatida, Fahran Nizami janoblari ko‘rsatilgan mehmondo‘stlik va iltifotdan xursand ekanini e’tirof etdi.
Davra suhbatidan soʻng Fahran Nizami “Manbalar xazinasi” boʻlimidagi noyob qoʻlyozmalarni koʻzdan kechirarkan, mazkur manbalar unda katta taassurot qoldirganini taʼkidladi. Akademiya hududida joylashgan muqaddas qadamjolar – Shayxovantahur, Toʻlabek (Qaldirgʻochbek) maqbalarini ziyorat qildi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish