139

Akademiya talabalar teatr jamoasi respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti tomonidan oliy ta’lim muassasalari talaba-yoshlari o‘rtasida “Talabalar teatr studiyalari” tanlovining hududiy bosqichi bo‘lib o‘tgan edi. 

Mazkur tanlovda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi talabalar teatr jamoasi tomonidan “Zahiriddin Muhammad Bobur” spektakli ijro etilib, tanlovning mintaqaviy bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritgandi.

Tanlovning navbatdagi bosqichi Samarqand viloyati qo‘g‘irchoq teatrida bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi talabalar teatr jamoasi bilan birgalikda Toshkent davlat transport universiteti, Namangan muhandislik-texnologiya instituti hamda Farg‘ona politexnika instituti talabalari o‘zaro bellashdi. 

Ma’lumki, joriy yilda buyuk bobokalonimiz Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludiga 540 yil to‘ldi. Shu bois, davlatimiz rahbari tomonidan 2023-yil 25-yanvarda “Buyuk shoir va olim, mashhur davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Bu esa xalqimizning buyuk farzandi Bobur Mirzo hayoti va faoliyatini har tomonlama chuqur o‘rganishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Akademiya talabalar teatr jamoasi tomonidan sahnalashtirilgan mazkur spektakl esa buyuk bobokalonimizga bo‘lgan yuksak hurmat namunasidir.

Spektaklda hazratning bolalik chog‘ida taxtga o‘tirishi, davlat boshqaruvi, jang-u jadallari, iztirobli onlari, Vatan sog‘inchi kabi damlari aks etgan. Mavjud voqelar Bobur Mirzo tilidan yangrashi esa asarni yanada mazmunan boyitgan. 

Yakunda spektakl Hakamlar hay’ati tomonidan yuqori baholanib, Akademiya talabalar teatr jamoasi tanlovning respublikabosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi jamoasi talabalarimizning mazkur yutug‘i bilan muborakbod etib, respublika bosqichida muvaffaqiyat tilaydi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish