Akademiya talabalar teatr jamoasi tomonidan “Zahiriddin Muhammad Bobur” spektakli premyerasi o‘tkazildi
Yurtimizda talaba-yoshlarni san’atga muhabbat ruhida tarbiyalash, iqtidorli yoshlarga o‘z qobiliyatlarini namoyish etishi uchun sharoit yaratib berish ustuvor vazifa hisoblanadi. Shu maqsadda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Zahiriddin Muhammad Bobur” spektakli premyerasi bo‘lib o‘tdi.
Akademiya talabalari teatr jamoasi tomonidan taqdim etilgan buyuk bobokalonimiz Bobur Mirzo hayoti aks etgan mazkur asar taqdimotida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, Akademiya prorektorlari, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar ishtirok etdi.
Xabaringiz bor, joriy yilda buyuk bobokalonimiz Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludiga 540 yil to‘ldi. Shu bois, davlatimiz rahbari tomonidan 2023-yil 25-yanvarda “Buyuk shoir va olim, mashhur davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Bu esa xalqimizning buyuk farzandi Bobur Mirzo hayoti va faoliyatini har tomonlama chuqur o‘rganishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Zahiriddin Muhammad Bobur O‘rta asr Sharq madaniyati, adabiyoti va she’riyatida o‘ziga xos o‘rin egallagan adib, shoir, olim bo‘lish bilan birga yirik davlat arbobi va sarkarda ham edi. Spektaklda Bobur Mirzoning ana shu jihatlariga alohida o‘rin berilgan.
Spektaklda hazratning bolalik chog‘ida taxtga o‘tirishi, davlat boshqaruvi, jang-u jadallari, iztirobli onlari, Vatan sog‘inchi kabi damlari aks etgan. Mavjud voqelar Bobur Mirzo tilidan yangrashi esa asarni yanada mazmunan boyitgan.
Ta’kidlash joizki, fevral oyida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti tomonidan oliy ta’lim muassasalari talaba-yoshlari o‘rtasida “Talabalar teatr studiyalari” tanlovining hududiy bosqichi bo‘lib o‘tgan edi.
Mazkur tanlovda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi talaba-yoshlari tomonidan mazkur spektakl ijro etilib, Hakamlar hay’ati tomonidan yuqori baholangan edi. Spektakl 1-o‘ringa loyiq deb topilib, Akademiya talabalar teatr jamoasi tanlovning mintaqaviy bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritgandi. Bugun bo‘lib o‘tgan premyerada talabalar yana bir bor o‘z rollarini maromida ijro etishdi.
Spektakl tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish