Yangi tahrirdagi Konstitutsiya – xalqchil Konstitutsiya!
Ayni paytda yurtimizda muhim siyosiy voqelik – “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni umumxalq referendumiga tayyorgarlik jarayoni davom etmoqda. Joylarda yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz mazmun-mohiyati aks etgan turli tadbirlar o‘tkazilmoqda.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida o‘tkazilgan uchrashuvda ham ana shu muhim siyosiy jarayon haqida so‘z bordi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari – Nodir Jumayev, Sanjar Hamidullayev, Fanlar Akademiyasi Davlat va huquq instituti mas’ul xodimi Abdumannob To‘laganov, O‘zLiDeP Shayxontohur tuman bo‘limi hamda Shayxontohur tuman targ‘ibot guruhi rahbari Odiljon Ashirov, Akademiya professor-o‘qituvchilari, xodimlari hamda talabalar ishtirok etdi.
Davra suhbatini Akademiya rektori kirish so‘zi bilan ochib berarkan, Asosiy qomusimizning yangi tahriri yurtimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi rivojiga xizmat qilishi, eng avvalo esa “Inson qadri uchun” gʻoyasini ustuvor yoʻnalish sifatida belgilashini qayd etdi.
Tadbir davomida so‘zga chiqqan ekspertlar tomonidan yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning mazmun-mohiyati haqida talabalarga ma’lumot berildi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiya yurtimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi rivojiga xizmat qilishi, eng avvalo esa “Inson qadri uchun” g‘oyasini ustuvor yo‘nalish sifatida belgilashi qayd etildi.
Ma’lumki, davlatimiz rahbari 2022-yil 20-iyunda Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan bo‘lgan uchrashuvda “Konstitutsiyaviy islohotni fuqarolarimiz fikri va qo‘llab-quvvatlashi asosida referendum orqali amalga oshirsak, bu tom ma’noda xalqimiz xohish-irodasining ifodasi – haqiqiy xalq Konstitutsiyasi bo‘ladi, deb o‘ylayman. Bu “Konstitutsiyaning yagona manbai va muallifi – xalqdir” degan tamoyilga to‘la mos keladi. Shunda har bir vatandoshimiz “Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasi – mening Konstitutsiyam” deb yuksak g‘urur bilan ayta oladi”, deya alohida e’tirof etgan edilar.
Natijada insonning qadr-qimmati, shaʼni va gʻururi ustuvor maqsad qilib olingan, izchil va puxta oʻylangan, “Inson – jamiyat – davlat” tamoyili asosida Bosh qomusimizning yangi tahrirdagi varianti ishlab chiqilgani e’tirof etildi.
O‘zbekistonda Konstitutsiyani o‘zgartirish bo‘yicha xalq saylovi – referendum esa 30-aprelga belgilandi.
Uchrashuvda Asosiy qonunimizga kiritilayotgan o‘zgartirishlar haqida so‘z yuritildi. Moddalar soni amaldagi 128 tadan 155 taga, normalar soni esa 275 tadan 434 taga ko‘paymoqda. Shuningdek, 128 ta moddadan 91 tasiga konseptual o‘zgarish kiritilyapti. Konstitutsiya matni 65 foizga yangilandi.
Tadbir yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan ma’ruzachilarga murojaat qilishdi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish