Mazhabsizlik va uning salbiy oqibatlari
JAHOLATGA QARSHI MA’RIFAT
Hozirda ayrim shaxslar tomonidan ilgari surilayotgan mazhabsizlik g‘oyasi islom shariatini to‘g‘ri tushunishga xavf solayotgan xatarli omillardan biridir. Mazhabsizlik g‘oyasi o‘tgan minglab olimlarning qilgan mehnatlarini, qancha mashaqqat bilan umr sarflab yaratilgan noyob manbalarni bekorga chiqaradi.
Asrlar davomida barcha musulmonlar amal qilib kelgan an’analar noto‘g‘ri, shuncha musulmon adashgan ekan, degan xulosaga olib keladi. Eng ayanchlisi, musulmonlarni birlashtirib, jamlab turgan to‘g‘ri yo‘lga putur yetkazadi. Buning natijasida esa, musulmonlar orasida o‘zaro parokandalik yuzaga keladi. Bunday da’vat mazhablar mohiyati va qiymatini umuman bilmaslikdan kelib chiqadi. Garchi mazhablar 4 ta bo‘lsa ham, ular yagona ahli sunna val-jamoaning yo‘nalishlari sifatida e’tibor qilinadi va musulmon ummatini jamlaydi, birlashtiradi. Zero, Payg‘ambar (alayhis-salom) shunday marhamat qiladilar: “Alloh ummatimni biror zalolatga jamlamas”. Yana bir hadisda “Musulmonlar yaxshi deb bilgan narsa Allohning huzurida ham yaxshidir”, deyilgan.
Payg‘ambar (alayhis-salom) hayotlarining oxiriga kelib, turli qabila va yurt odamlari islomni qabul qila boshladilar. Yangi musulmonlar oldida yigirma yildan ortiq vaqt mobaynida nozil bo‘lgan oyatlarni o‘rganish, shariat ahkomlarini o‘z hayotlariga tatbiq qilish vazifasi turar edi. Tabiiyki, yosh sahobiylar o‘zlaridan kattalardan, yangi musulmonlar esa, avvalgi musulmonlardan shar’iy masalalarni o‘rgana boshladilar.
Birinchi hijriy asrning ikkinchi yarmi va ikkinchi hijriy asrda islom dini dunyo bo‘ylab, turli mintaqalarda tarqaldi. Turli arab bo‘lmagan xalqlar ham musulmon bo‘ldilar. Tabiiyki, ular o‘zlariga Qur’oni karim va Payg‘ambar (alayhis-salom) sunnatlaridan shariat ahkomlarini chiqarib, tartibga solish imkoniga ega emas edilar.
Shunday qilib, jamiyatda asta-sekin kishilarga diniy hukmlarni o‘rgatadigan, ularning savollariga javob bera oladigan, muayyan ilmlarga ega insonlarga ehtiyoj tobora ortib bordi.
Shu tariqa turli diyorlarda olimlar yetishib chiqa boshladilar. Imom Abu Hanifa, Imom Molik, Imom Shofeiy va Imom Ahmadlar bugungi kunda ham mavjud bo‘lgan to‘rt fiqhiy mazhabga asos soldilar. Ular ibodatlar va boshqa barcha masalalarni Qur’oni karim va hadisi sharifga ko‘ra ma’lum qoidalarga solib chiqdilar. Manbaning boyligi va Rasululloh (alayhis-salom)ning ayrim vaqtlarda bir amalni turlicha bajarganlari, bir masala bo‘yicha turlicha tasarruflari haqidagi sahih rivoyatlar bu olimlarning ishlarida ham ma’lum juz’iy farqlarni paydo bo‘lishiga olib keldi. Shuningdek, turli mintaqalardagi sharoitlarning turlichaligi, shariat masalalarida tabiiy tafovutlarning yuzaga kelishiga asos bo‘ldi. Masalan, shofeiy mazhabida tahoratdan so‘ng yuz-qo‘lni artinmaslik afzal bo‘lsa, hanafiy mazhabida artish afzaldir. Bu o‘rinda mazhablar tarqalgan hududlardagi iqlim sharoiti ham e’tiborga olingan. Binobarin, Rasululloh (alayhis-salom)dan ikki holatni ham tasdiqlovchi rivoyatlar yetib kelgan.
Shuni ham alohida ta’kidlash joizki, imom Shofeiy Misrga kelganlaridan so‘ng, Bag‘dodda aytgan ba’zi hukmlarini urf o‘zgargani uchun o‘zgartirganlar. Masalan, ikki da’vogar o‘z da’volarida hujjatlari yo‘qligi sababidan kelisha olmasalar, urf qaysi birini quvvatlasa, hukm shuning foydasiga bo‘lishi; er bilan xotin mahrning avvaldan beriladigan va keyin beriladigan qismlariga kelisha olmasalar urfga asosan hal qilinishi; bir kishi go‘sht yemayman, deb qasam ichsada, baliq yesa, qasamiga kafforat bermasligi, kabi hodisalar urfga asosan hal qilingan.
Yuqorida zikr etilganidek juz’iy masalalarda ixtilof qilingani bilan, to‘rt sunniy mazhabda islomning asosiy masalalari bo‘yicha ixtiloflar yo‘q. Chunki har bir mazhab asoschisi o‘z so‘zlarini ishonchli dalillar bilan isbotlaganlar. Mazhablar o‘rtasidagi farqlar namoz ibodatida ko‘proq ko‘zga tashlanadi: namozda tik turganda qo‘lni bog‘lash shakli, takbirlarda qo‘lni ko‘tarish, imomga iqtido qilganda “Fotiha”ni o‘qish yoki o‘qimaslik.
Haj marosimi paytida Makkadagi Masjid al-Haromda har xil yurtlardan kelgan hojilar o‘zlarida qabul qilingan qoidaga ko‘ra namoz o‘qiyveradilar va bu hech qanday e’tiroz yoki noqulaylikka sabab bo‘lmaydi. Ammo bir diyorda bir xil tartibda, bir mazhab ko‘rsatmalari doirasida ibodat qilish mahalliy aholi vakillarini jipslashtirishga xizmat qilib kelgan. Uning aksi esa turli ixtiloflarga yo‘l ochib bergan.
Islom dinining O‘rta Osiyo xalqlari tarixida ijobiy rol o‘ynaganiga hech qanday shak-shubha yo‘q. Ayni vaqtda O‘rta Osiyoda shakllangan mintaqaviy islomning ham umummusulmon madaniyatida o‘ziga xos salmoqli o‘rni borligi ham sir emas. Mazhabsizlik g‘oyasining asl mazmuni esa, asrlar davomida musulmonlar amal qilib kelayotgan huquqiy maktablarni bekorga chiqarishdir. Buning natijasida jamiyatda turli ixtiloflar vujudga keladi, asrlar davomida o‘z maromida kelayotgan hayot izidan chiqib ketadi.
Olimlar nazdida har doim odamlar shariat bilimlarini bilish darajasiga ko‘ra xos va ommaga bo‘lingan. Xos kishilar ma’lum bir soha bilan shug‘ullanib, o‘z mutaxassisligini mukammal o‘rgangan. Omma odamlar esa o‘zlarining odatiy ishlari, kasb-hunarlari kabi ishlar bilan mashg‘ul bo‘lgan va zarurat tug‘ilganda kerakli mutaxassisga murojaat qilib o‘z masalasi bo‘yicha yechim topgan. Shar’iy hukm chiqarish bilan ham xos kishilar, ya’ni mujtahid faqihlar shug‘ullangan, omma musulmonlar esa ushbu hukmlarga amal qilgan. Demak, shariat hukmlari va ularning dalillariga nisbatan odamlar ikki guruhga bo‘linadi: mujtahidlar va muqallidlar.
Mazhab va mazhabga ergashish haqida gap ketganda, ijtihod va odamlarning unga nisbatan darajalari haqida aytib o‘tish zarur, zero biror mazhabga ergashish ijtihod darajasiga yetmagan kishi uchun lozim bo‘ladi. Mazhablar ijtihodning mahsuli, ijtihod esa hammaning qo‘lidan keladigan oddiy ish emas. “Ijtihod” bu arabcha so‘z bo‘lib, lug‘aviy ma’nosi qiyin bir ish uchun qo‘lidan kelganicha harakat qilish va bor imkoniyatlarni ishga solish, deganidir. Istilohda (fanda ko‘zda tutilgan ma’nosi) esa, ijtihod “shariatda muayyan ilmiy salohiyatga ega faqih olimning shariatning mufassal dalillaridan shar’iy hukmlarni chiqarib olish, yani istinbot qilish jarayonidir. Ijtihod qilish ya’ni huquq ijodkorligi faoliyati bilan shug‘ullanadigan shaxs – mujtahid deb ataladi. Mujtahid shariat hukmlarini ko‘rsatuvchi (belgilab beruvchi) dalillarni va shu dalillardan qanday hukm olishni biladi. Ular o‘z navbatida mutlaq mujtahid va muqayyad mujtahidga bo‘linadi. Mutlaq mujtahid barcha masalalarda o‘zi mustaqil ijtihod qiladi, mazhabga taqlid qilmaydi. Hozirgi kunda mutlaq mujtahidlik shartlarini o‘zida jamlagan kishilar yo‘q, deb hisoblanadi. Ular oldingi davrlarda bo‘lgan va to‘rt mazhab imomlari Imom Abu Hanifa, Imom Molik, Imom Shofeiy va Imom Ahmad ibn Hanballar mutlaq mujtahid, deb e’tirof etiladi.
Yuqorida ijtihod va mujtahidlar to‘g‘risida so‘z yuritdik, endi odamlarning ikkinchi guruhi – muqallidlar haqida so‘z yuritamiz.
Shariat hukmlariga dalolat qiluvchi dalillarni va shu dalillardan qanday hukm olishni umuman bilmaydigan yoki dalillarni bilsada, ulardan qanday hukm olinishini bilmaydigan kishi, ya’ni ijtihod qilish salohiyatiga ega bo‘lmagan kishilar mujtahidlarga ergashadi va bu taqlid, qilish deyiladi. Taqlid qiluvchi esa muqallid deyiladi.
“Taqlid” arabcha so‘z bo‘lib, lug‘atda “biror narsani yoki taqinchoqni boshqa kishining bo‘yniga qo‘yish, osish” degan ma’noni anglatadi. Istilohda esa, chiqarilgan hukmga uning dalilini bilmagan holda ergashishdir. Demak, muqallid, ya’ni taqlid qiluvchi kishi hukmning dalilini umuman bilmaydi yoki dalilni bilsada, bu dalildan qanday hukm olishni bilmaydi. Aksariyat ulamolar taqlid qilish shariatga zid emas ekanligi va ijtihod darajasiga yetmagan kishi agar olim bo‘lsa ham taqlid qilishi shart ekanligini ta’kidlagan holda Qur’on, ijmo’ va aqliy dalillardan quyidagilarni keltirganlar:
Qur’oni karimdan dalil:
Qur’oni karimning “...Agar (bu haqda) bilmaydigan bo‘lsangiz, ahli zikrlardan so‘rangiz!” (Nahl, 43) degan oyatiga binoan shariat hukmini hamda uning dalilini bilmaydigan kishi buni biladigan kishidan so‘rab, unga ergashishi vojib bo‘ladi.
Ijmo’dan dalil:
Ibn Xaldun va boshqa tarixchi olimlar aytganidek, sahobiylarning hammasi ham fatvo bermagan, din ularning har biridan o‘rganilmagan. Balki fatvo beruvchi mujtahid sahobiylar soni fatvo so‘raydigan muqallid sahobiylarga nisbatan juda oz bo‘lgan. Mujtahid sahobiylar muqallidlarini fatvo so‘rashdan qaytarmaganlar va ularga o‘zlari ijtihod darajasini hosil qilishga ham buyurmaganlar. Payg‘ambar (alayhis-salom) ham faqih sahobiylarni aholisi islomdan bilimlari yo‘q xalqlar huzuriga yuborganlar. U yerdagi aholi o‘sha yuborilgan sahobiyning barcha fatvolariga ergashgan. Gohida Qur’on va sunnatdan dalil topa olmagan masalalarda sahobiy ijtihod qilgan va odamlar uning ijtihodiga eragashganlar. Sahobiy va tobeiylardan hech biri buni inkor qilmaganlari taqlid qilish joiz ekanligiga sukutiy ijmo’ sifatida baholanadi.
Aqliy dalil:
Ijtihod juda oz kishilargina hosil qilishi mumkin bo‘lgan malakadir. Shunday ekan, odamlarning hammasini bunga buyurish toqatdan yuqori narsaga buyurishdir, bu shar’an mumkin emas, zero “Alloh hech bir jonga toqatidan tashqari narsani taklif etmaydi...” (Baqara, 286).
Musulmon kishi bu dunyoda hayot kechirar ekan, u yashash uchun kurashishi, kasb-hunar qilishi, oilasini boqishi va boshqa yashash uchun zaruriy bo‘lgan ishlarni qilishi kerak. Agar har bir kishi hukmlarning dalillarini bilishi kerak bo‘lsa, barcha ishlarni chetga surib, shar’iy hukmlarning dalillarini o‘rganishga kirishishi kerak bo‘ladi va boshqa ishlar qolib ketib, hayot tizimi buziladi hamda odamlarga qiyinchilik tug‘diradi. Bu esa islom diniga zid, zero Alloh taolo “... dinda sizlarga biror haraj (qiyinchilik) qilmadi...” (Haj, 78). Muammoning yechimi mutaxassislar, ya’ni mujtahidlar chiqargan shar’iy hukmlarga, yani mazhablarga taqlid qilishdir. Hujjatul islom alloma Imom Gʻazzoliy o‘zining mashhur “Ihyo ulum ad-din” asarida shunday degan: “Avomning haqqi – imon keltirib, taslim bo‘lish hamda o‘z ibodatlari va hayot ishlari bilan shug‘ullanishdir, ilmni esa olimlarga qo‘yib berish kerak. Chunki Alloh va Uning dini borasida aniq ilmsiz holda gapirgan inson, xuddi tubsiz dengizga tushib qolgan suzishni bilmaydigan kishi kabi o‘zi bilmagan holda kufrga tushib qoladi”.
Taqlid qilish tabiiy narsa, bundan boshqa yo‘l yo‘q. Hatto mazhabga ergashmaymiz, deb da’vo qilayotganlar ham, garchi to‘rt mazhabning mujtahid imomlariga taqlid qilmasada, kimlargadir ergashadi.
Yuqoridagi dalillar ijtihod va istinbot qilish, ya’ni hukm olish darajasiga yetmagan kishi mujtahidga taqlid qilishi kerak ekanligiga dalolat qilar ekan, mashhur olim Abu Ishoq Ibrohim Shotibiy aytadi: “Mujtahidga shar’iy dalillar qanday bo‘lsa, mujtahidning fatvosi avomga nisbatan ham shunday o‘rindadir”.
Asrlar davomida musulmonlar to‘rt mazhab – hanafiy, molikiy, shofeiy va hanbaliy mazhablaridan biriga amal qilib kelganlar. Hech kim buni inkor qilmagan. Qancha-qancha faqih, muhaddis, mutakallim va mutasavvif olimlar ham shu mazhablarga asosan o‘z faoliyatlarini olib bordilar.
Mazhabsizlik g‘oyasi o‘zida millatni ortga tortish, qoloqlikka mahkum qilish xavfini mujassamlaydi, taraqqiyotdan chetga chiqib qolishga olib keladi. Chunki turli soha mutaxassislari mazhabsizlik g‘oyasiga ergashsa, unda umrlarini o‘z kasbiy mahoratlarini yuksaltirish, izlanishlar olib borishga emas, balki tubsiz diniy masalalarga o‘ralashib qolib, hayotlarini faqat o‘zlari uchun diniy hukmlar chiqarishga sarflaydilar. Oqibatda turli sohalardagi mutaxassislar ham tez o‘zgaruvchan globallashuv sharoitida o‘zlarini yo‘qotib qo‘yadilar: yaxshi mutaxassis ham, yetuk ulamo ham bo‘la olmaydilar. Natijada mutaxassislardan mosuvo bo‘lib borishi barobarida, millat avvalida turg‘unlik, keyinchalik esa tanazzulga yuz tutadi. Aslida esa har bir mutaxassisning o‘z sohasini puxta egallashi, jamiyat rivoji uchun xizmat qilishi, odamlar og‘irini yengil qilishi, yurt ravnaqiga hissa qo‘shishi ham ulug‘ ibodatdir.
Mazhabsizlik g‘oyasi – kompyuter virusi kabi yurtimizning hanafiy mazhabi ta’limoti bilan bog‘liq o‘n ikki asrlik tarixini bir zumda o‘chirib tashlab, o‘rniga o‘zining zararli g‘oyasini yuklamoqchi bo‘ladi.
Hozirgi kunda hali ham yurtdoshlarimiz orasida bilib-bilmay mazhabsizlik g‘oyasi ta’sirida yurgan kishilarning mavjud bo‘lishi bu g‘oyaning buzuq mohiyatini xalqimizga to‘g‘ri tushuntirib berish, shu bilan birga mazhablarning asl mohiyati, ularning bebaho qiymati, xususan, xalqimiz azaldan amal qilib kelayotgan hanafiy mazhabining ahamiyatini xalqimizga, yoshlarimizga to‘g‘ri tushuntirib borish zaruriyatini taqozo etadi.
“Ilmdan boshqa najot yo‘q” kitobidan olindi.
(Ilmdan boshqa najot yo‘q.
A.Abdullayev, N.Hakimova, Sh.Jo‘rayev, J.Karimov.
– T.: Toshkent islom universiteti, 2015. – 156 b)
Izoh qoldirish