302

BUYUK FAQIH Burhoniddin Marg‘inoniy kim bo‘lgan?

MOZIYGA NAZAR

Buyuk shaxslar haqida tarixiy dalillar bilan birga, xalq orasida turli rivoyat va afsonalar ham yuradi. Ularning qanchalik ko‘pligi o‘sha insonning shunchalik mashhurligidan darak beradi. Aslida, bu kabi rivoyatlar, afsonalar zamirida o‘ziga xos tarixiy haqiqat ham bo‘ladi.

Burhoniddin Marg‘inoniy nomi bilan shuhrat qozongan Abul Hasan Ali ibn Abu Bakr al-Farg‘oniy ar-Rishtoniy al-Marg‘inoniy ana shunday – faqihlar tomonidan e’tirof etilgan, xalq orasida mashhur olimlardandir. Uning nasabi mashhur sahoba Abu Bakr Siddiq (r.a.)ga borib taqaladi. Yuridik fanlar doktori A.Juzjoniy va yuridik fanlar nomzodi J.Yusupova “Burhoniddin Marg‘inoniy – buyuk faqih” asarida buni Abdulhay Laknaviy ta’kidlaganini aytgan. Alloma nasabining Abu Bakr Siddiqqa borib ulanishi haqidagi muhim ma’lumotlar Abdulhay ibn Abdulfath al-Husayniy qalamiga mansub “Nasabnomayi Xoja Ubaydulloh Ahror” (“Xoja Ubaydulloh Ahror nasabnomasi”) asarida ham qayd etib o‘tilgan. 

Olim Farg‘ona diyorida tug‘ilib voyaga yetgan bo‘lsa-da, ona yurti ilmiy salohiyatini yanada yuksaltirish uchun o‘sha davrning ilmiy markazlaridan bo‘lgan Samarqand shahrida tahsilni davom ettirdi. Bu yerda u ko‘plab olimlar bilan uchrashdi, ilmiy munozaralarda qatnashdi. 

Burhoniddin Marg‘inoniy “Nashr al-mazhab” (“Mazhabning tarqalishi”), “Kitob-at-tajnis va-l-mazid” (“Fuqarolik huquqini taqdim etish”), “Kitob ul-faroiz” (“Meros haqida kitob”), “Mazid fi furu’ al-hanafiy” (“Hanafiy mazhabiga qo‘shimchalar”) kitoblarida ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar, mulkchilik turi, shakllari (davlat va xususiy mulkchilik), moliyaviy faoliyat, jinoyat va jazoning huquqiy asoslarini, fuqarolik huquqi nazariyasi va amaliyoti, qozilik muassasalari tarkibi, tartibi va jinoyat ishini ko‘rish masalalarini batafsil yoritib berdi. 

Zamondoshlari allomaga yuksak ehtirom bilan “Burhonuddin val milla” – “Din va millatning hujjati nisbasini bergan. Ta’kidlash joizki, tarixda kamdan-kam kishilarga bunday unvon berilgan. 

Jaloliddin Suyutiy “Al-itqon fi ulum al-qur’on” asarida Burhoniddin Marg‘inoniyning Qur’on ilmida ham mohirligini aytib o‘tgan. 

Buyuk tarixchi Shamsiddin Zahabiy allomani “Shayx ul-hanafiyya” – “Hanafiylar shayxi” deb atagan va bu bilan u zotning hanafiy allomalar o‘rtasidagi martabasiga ishora qilgan. Xayriddin Zirikliy esa allomani “hofiz, mufassir, muhaqqiq, adib”, deb ta’rif qilgan. 

Ulug‘ faqih Burhoniddin Marg‘inoniy haqida Abdulhay Laknaviy “Al-Favoid ul-bahiyya fi tarojim il-hanafiyya” asarida bunday yozgan edi: “Burhoniddin Marg‘inoniy imom, faqih, muhaddis, Qur’on mufassiri bo‘lib, uni yod bilgan olim, fanlarni yig‘ib tartibga soluvchi, zakiy, tadqiqotchi, xudojo‘y va pokdomon inson, ulug‘ faqih, adabiyotchi, shoir, fan va adabiyotda uning tengi yo‘q”. 

Fiqhiy-huquqiy asarlarning barchasi o‘z davrida talabalar uchun o‘quv qo‘llanma sifatida xizmat qilgan. Ammo Burhoniddin Marg‘inoniyning Sharq Uyg‘onish davridagi eng katta xizmati “Hidoya” bo‘lib, u davrning eng murakkab huquqiy masalalarini tartibga solib bergan asar edi. 

Burhoniddin Marg‘inoniy ushbu asarni 1165-1178-yillar oralig‘ida – 13 yil davomida yozib tugatgan. Asar ixchamligi, mukammalligi, hanafiy mazhabini boshqa sunniylik mazhablari bilan qiyosiy uslubda o‘rganib, har tomonlama yoritgani uchun o‘ziga xos katta nazariy va amaliy ahamiyat kasb etganini ulamolar ta’kidlagan. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, muallif avvaliga “Bidoyat ul-mubtadiy” nomli katta asar yozadi. Uni Abul Hasan ibn Ahmad ibn Muhammad Quduriyning “Al-Muxtasar” (ilm ahli orasida “AlQuduriy” nomi bilan shuhrat qozongan) kitobi va Muhammad ibn Hasan ashShayboniyning “Al-Jome’ as-sag‘ir” asariga asoslanib, qisqartirilgan fiqh kitobi sifatida yozib, undagi masalalarni tartibga solishda tabarruk bo‘lsin deb, Muhammad ibn Hasan  ash-Shayboniy uslubidan foydalangan edi. 

Burhoniddin Marg‘inoniy “Bidoyat ul-mubtadiy” muqaddimasida bunday deb yozadi: “Yoshlik chog‘larimda fiqh ilmining barcha turlarini o‘z ichiga qamrab olgan hajmi kichik, foydasi keng bir kitob bo‘lsa, deb o‘ylab yurardim. Ittifoqan, safar jarayonida Al-Quduriy qalamiga mansub “Al-muxtasar”ni eng go‘zal, moʻjaz (qisqa), ajoyib kitob, deb topdim. O‘shanda zamonning barcha buyuk olimlari kattakichikni “Al-Jome as-sag‘ir” kitobini o‘rganishga chorlar edilar. O‘shanda har ikkala asarni birlashtirishni o‘z oldimga maqsad qildim va zarurat bo‘lmasa, u ikki kitob  chegarasidan chiqmaslikka qaror qildim va uni “Bidoyat ul-mubtadiy” (“Boshlovchining boshlang‘ich kitobi”) deb atadim. Agar bu asarni sharhlashga erishsam, uni “Kifoyat ul-muntahiy” deb atagan bo‘lar edim”. 

Alloma mazkur niyatiga erishib, unga 8 jildlik katta sharh yozib, “Kifoyat ul-muntahiy” (“Yakunlovchilarni qoniqtiruvchi kitob”) deb ataydi. Lekin muallif bu bilan o‘z oldiga qo‘ygan maqsadga erisha olmasdi, negaki, sakkiz jildlik katta hajmli sharhni o‘qib, uning ichidan kerakli masalalarni topish, shunday katta kitobni olib yurish ilm toliblari uchun qiyinchilik tug‘dirardi. Natijada muallif o‘z niyati va do‘stlari maslahatiga binoan, “Bidoyat ul-mubtadiy”ni qaytadan o‘rtacha andozada sharhlashga kirishadi.

573 hijriy, zulqa’da oyining chorshanba kuni boshlangan ushbu asarni yozish uchun o‘n uch yil vaqt ketdi. Abdulhay Laknaviyning aytishicha, bu asarni alloma muttasil ro‘zadorlik bilan yozgan. Ovqat olib kelgan xodimni jo‘natib, taomni shogirdlaridan biri yoki boshqa biror kishiga yedirib, bo‘sh idishni qoldirar ekan. Xodim taomni ustozning o‘zi yegandir, deb o‘ylab, idishni olib ketar ekan. 

Bu haqda shayx Akmaliddin ham to‘xtalib, “Alloma “Hidoya” asarini yozish muddati – o‘n uch yil davomida ro‘zador bo‘lgan. Bu davr ichida biror marta ham og‘zini ochmagan. Taqvo va parhezlarining barakotidan kitob ulamolar o‘rtasida maqbul bo‘lgan”, deb aytgan edi. 

Burhoniddin Marg‘inoniyning “Hidoya” asari to‘qqiz asrdan buyon hanafiy mazhabi bo‘yicha eng muhim va moʻtabar qo‘llanma sifatida barcha musulmon mamlakatlari madrasalari va islom oliy o‘quv yurtlarida o‘qitilmoqda. Uning matni va qisqartmalari ustidan mashhur faqihlar tomonidan 60 dan ortiq sharh va hoshiya yozilgan hamda “Hidoya” hanafiy mazhabining tarqalishi yo‘lida ta’sirchan omil sifatida xizmat qilib kelgan. 

Burhoniddin Marg‘inoniy “Hidoya” asarini yozish bilan hanafiy fiqhi taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shdi. Bu kitobning yozilishi Burhoniddin Marg‘inoniy nafaqat fiqhni yaxshi biladigan, balki uning keng ilm sohalarini qamrab olgan qomusiy olim ekanidan darakdir. Chunki u mazkur asarida musulmon olamida mashhur olimlar, xususan, hanafiy va mintaqada faoliyat yuritgan faqihlar chiqargan fatvolarni qiyosiy o‘rganib, ulardan haqiqatga yaqinroq va amalda ko‘proq qo‘llanadiganlarini ajratib ko‘rsatib bergan.

Nodirjon ABDULAHATOV,

tarix fanlari doktori, professor

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2023-yil 11-aprel, 69-son

Izoh qoldirish