266

Uchinchi yuksalish davri beshigi yaratilmoqda yoxud milliy afsonaning ma’rifiy haqiqatlari

MA’NAVIY POYDEVOR

Yurtimizda tinchlik deb atalmish ulug‘ ne’mat hukm surmoqda. Ana shu ne’mat soyasida har yili Prezidentimiz tomonidan ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida qaror chiqarilayotgani milliy-diniy qadriyatlarimiz, azaliy urf-odatlarimizga yuksak hurmat va ehtiromning amaliy in’ikosidir.

Yangilanayotgan diyorimizda tinchlik-xotirjamlik, mehr-oqibat, o‘zaro hamjihatlik, himmat va saxovat kabi an’analarimiz tobora mustahkam qaror topayotgan bir sharoitda, ramazon oyi ko‘tarinki ruh bilan kutib olindi. Munavvar tonglarda, muazzam shomlarda qilinayotgan xayrli duolar diyorimizning musaffo osmonida rahmat, mag‘firat va baraka bo‘lib yog‘ilmoqda. 

Yurtimizdagi 1500 dan ziyod masjidda tarovih namozlarida xatmi Qur’onlar bosh landi. Imom Buxoriy va Imom Muslim hazratlari tomonidan rivoyat qilingan hadisda “Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Ramazon kelsa, jannat eshiklari ochiladi, do‘zax eshiklari yopiladi va shaytonlar kishanlanadi”, deyilgan. 

Insonni kamolot sari yetaklovchi milliy va diniy qadriyatlarimizdan bo‘lgan ramazon oyi ro‘zasi insonda o‘z nafsini boshqara olish, sabr-qanoatli bo‘lish, maqsad sari sobitqadamlik bilan intilish kabi fazilatlar shakllanishiga xizmat qiladi. 

Ramazon oyida qilinajak ezgu niyatlar va xayrli ishlar ulug‘ligini inobatga olib, 2018-yil 15-iyun kuni Ramazon hayitida Prezidentimiz tashabbusi bilan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tamal toshi qo‘yilgan edi. Markaz o‘z g‘oyasi va ahamiyatiga ko‘ra, betakror loyiha bo‘lib, islom dinining ilmiy-ma’naviy boyligi, bunyodkorlik salohiyatini namoyish etishga qaratilgan. Muhim jihati, u xalqimizning bunyodkorlik qudrati jo‘sh urgan hozirgi zamonda Uchinchi Renessansning ilmiy-ma’naviy poydevorini mustahkamlash, yoshlarni Vatanga muhabbat, milliy-diniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, mamlakatimizning islom sivilizatsiyasini rivojlantirishdagi tarixiy ahamiyatini yaqqol namoyon etadi. 

Qiyosi yo‘q megaloyihaning noyob asoslari

Ayni kunlarda Hazrati Imom maydonida asrimizning qiyosi yo‘q megaloyihasi – ma’rifiy afsona – O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi barpo etilmoqda. Chindan ham ushbu markaz nafaqat respublikamiz, balki yaqin qo‘shni davlatlarda ham qiyosi yo‘q. Shu bois, uning bunyod etilayotgani Prezidentimizning doimiy diqqat-e’tiborida bo‘lib kelmoqda. 

2021-yil 16-iyul kuni qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hamda 2022-yil 10-fevraldagi “Qadimiy yozma manbalarni saqlash va tadqiq etish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlar ana shu e’tiborning yorqin ifodasidir. 

Markaz oldiga qo‘yilgan muhim vazifalarni bajarish borasida jamoamiz fidokorlik va mas’uliyat bilan faoliyat ko‘rsatmoqda. Amalga oshirilgan tadqiqot hamda ilmiy grant loyihalari doirasida 24 nomda ilmiy va ilmiy-ommabop adabiyotlar, jumladan, 4 ta kitob-albom, 8 ta kitob, 2 ta monografiya, 3 ta katalog (reestr), 2 ta risola, 2 ta qo‘llanma, 2 ta jurnal nashr etildi, ilmiy ahamiyatga ega bo‘lgan 11 ta yozma manba tarjima qilindi. 

Respublika fondlarida saqlanayotgan 52 ming 255 ta qadimgi yozma manba to‘g‘risida ma’lumotlar bazasi yaratilib, ularning ilmiy tahlili asosida 4 mingta yozma manbaning reyestri tayyorlandi. 

Markaz fondiga yurtdoshlarimiz tomonidan murojaatlar kun sayin ko‘payib bormoqda. Ayni paytda aholi va shaxsiy kolleksiyalardan 626 ta qo‘lyozma va 985 ta toshbosma asar, jami 1611 ta manba qabul qilingan. Jumladan, muftiy Boboxonovlar sulolasi shaxsiy kutubxonasida saqlanayotgan 423 ta qadimiy manba (122 ta qo‘lyozma, 301 ta toshbosma kitob), tarixiy hujjatlar va fotosuratlar markaz ixtiyoriga o‘tkazildi. 

Asrlar qa’rida “chang bosib yotgan” voqeliklar ro‘yobi

Yaqinda poytaxtimizda “O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi tarixi muzeyini shakllantirishga oid dolzarb masalalar” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Konferensiyada O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi huzuridagi muzey konsepsiyasini takomillashtirish, uning oldiga qo‘yilgan vazifalarni izchil va sifatli bajarish mavzulari muhokama qilindi. Mazkur ko‘p profilli ilmiy-ma’rifiy muassasaning serqirra faoliyatini samarali tashkil etishga qaratilgan amaliy taklif va tavsiyalar o‘rtaga tashlandi. 

Markaz faoliyatining yana bir ahamiyatli yo‘nalishi ushbu muzey fondi va ekspozitsiyasini shakllantirishdir. Muzey fondiga 630 ta tarixiy ashyo, maket va mulyaj qabul qilindi. Qur’oni karim bo‘limi ekspozitsiyasi uchun Qur’oni karimning 28 ta nodir qo‘lyozmasidan iborat kolleksiya shakllantirildi. 9 ta yo‘nalishda 1584 ta ekspozitsiya materiallari tayyorlandi. 

Muzeyning “Uchinchi Renessans – Yangi O‘zbekiston” bo‘limi konsepsiyasi ishlab chiqilib, mazkur mavzuni yoritish bo‘yicha 38 ta stend loyihasi tayyorlandi. 

Noyob merosimizning xalqaro e’tirofi

2022-yilning 1-10-iyun kunlari Islom hamkorlik tashkiloti huzuridagi Islom tarixi va madaniyatini tadqiq qilish markazi (IRCICA) hamda O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi hamkorligida Turkiyaning Istanbul va Anqara shaharlarida “O‘zbekiston – Islom sivilizatsiyasi markazi va Yangi O‘zbekiston” mavzularida markaz taqdimoti va fotoko‘rgazma tashkil etildi. Unda shonli tariximiz va buyuk kelajagimiz mavzusida, asosan, hali e’lon qilinmagan fotosuratlar, arxiv materiallari hamda taqdimotlar orqali do‘st va qardosh Turkiya xalqi jamoatchiligiga mustaqil O‘zbekiston, uning tarixi va bugungi kuni to‘g‘risidagi ma’lumotlar taqdim etildi. 

Bugungi kun farzandlari har bir voqelik va ma’lumotni mobil telefon va ijtimoiy tarmoqlar orqali kuzatib boradi. Shu bois, internet tarmog‘ida yurtimiz allomalari va mutafakkirlari hayoti va faoliyati, ilmiy merosi haqidagi ilmiy-ma’rifiy portal va uning mobil ilovasi ishga tushirildi. Shuningdek, markaz fondidagi 4923 ta kitobdan iborat “Sharq va Gʻarb” nodir kitoblar kolleksiyasining fixristi o‘zbek, rus, ingliz, arab hamda fransuz tillariga tarjima qilindi va 4 ta jildi nashrdan chiqarildi.

Qatar milliy kutubxonasida saqlanayotgan 19 351 ta elektron manbadan 620 dona qo‘lyozma, toshbosma asar, 200 dona xarita, 615 ta fotohujjat markaz elektron kutubxona fondiga kiritildi. Ularning ro‘yxatini shakllantirish jarayoni davom etmoqda. 

Xorijiy turdosh tashkilotlar bilan 2022-yilda 7 ta memorandum imzolandi. Imzolangan jami memorandumlar soni 28 taga yetdi. Jumladan, Malayziya Islom san’ati muzeyi, Qozog‘iston qo‘lyozmalar va nodir kitoblar milliy markazi va Qatar milliy kutubxonasi bilan hamkorlikda ilmiy izlanishlar olib borishga kelishib olindi. 

Joriy yil davomida markaz binosi qurilishiga 28 ta delegatsiyaning tashrifi amalga oshirildi. 2022-yil 26-sentabrda markaz delegatsiyasi Doha (Qatar)da o‘tkazilgan O‘zbekiston madaniyati kunlari doirasida Qatar milliy kutubxonasida “O‘zbekiston buyuk allomalar yurti”, “Uchinchi Renessans – Yangi  O‘zbekiston” mavzularida taqdimotlar o‘tkazib, O‘zbekistonning ziyorat turizmi salohiyati to‘g‘risida ma’lumotlar taqdim etdi. 

Yangi davr shabadalari esa boshladi

Insoniyat tarixi dalolat beradiki, har qaysi xalq hayotidagi ma’naviy uyg‘onish jarayoni milliy o‘zlikni anglashga olib keladi hamda mamlakatning iqtisodiy, madaniy taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘taradi. Bunday ijtimoiy noyob hodisa Renessans – uyg‘onish, qayta tiklanish, yuksalish deb ataladi.

Bugungi O‘zbekiston zamini qadimda ikki buyuk uyg‘onish davriga – Birinchi (ma’rifiy – IX-XII asrlar) va Ikkinchi (Temuriylar – XIV-XV asrlar) Renessansga beshik bo‘lgan. Bu jahon ilm-fanida o‘z isbotini topgan va tan olingan tarixiy haqiqatdir. 

Hozirgi vaqtda mamlakatimizda yana bir muhim uyg‘onish jarayoni kechmoqda. Shuning uchun “Yangi O‘zbekiston” va “Uchinchi Renessans” so‘zlari hayotimizda o‘zaro uyg‘un va hamohang bo‘lib yangramoqda, xalqimizni ulug‘ maqsadlar sari ruhlantirmoqda. 

Ayniqsa, so‘nggi besh yildagi tub va izchil iqtisodiy-siyosiy islohotlar, ijtimoiy-ma’naviy sohadagi o‘zgarishlarni tahlil qiladigan bo‘lsak, hozirgi vaqtda O‘zbekistonning mustaqil rivojlanishida yangi davr boshlanmoqda, degan xulosaga kelinadi. 

IX-XII asrlarda Markaziy Osiyo ilm-fan va madaniyat o‘chog‘i bo‘lgan. Mashhur olim va fozil insonlarni yetishtirib chiqargan ushbu davr tarixda Birinchi Renessans deb ataldi. Ushbu davrning buyuk shaxslari Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mahmud Zamaxshariy singari o‘nlab buyuk allomalarimizning jahonshumul ilmiy-ijodiy kashfiyotlari insoniyat taraqqiyotiga beqiyos ulush bo‘lib qo‘shildi.

Islom dinining ilmiy merosiga hissa qo‘shgan va ona zaminimizdan yetishib chiqqan Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Muin Nasafiy kabi ulug‘ ulamolar butun musulmon olamining faxr-u iftixori va cheksiz g‘ururiga aylandi. 

XV asrda Amir Temur tomonidan asos solingan saltanatda Ikkinchi Renessans paydo bo‘ldi. Ushbu davr ishtirokchisi sifatida Mirzo Ulug‘bek, Qozizoda Rumiy, Ali Qushchi, Gʻiyosiddin Koshiy singari benazir olimlar, Alisher Navoiy, Hofiz Xorazmiy, Lutfiy, Sakkokiy, Abdurahmon Jomiy, Bobur Mirzo kabi mumtoz shoir va mutafakkirlar maydonga chiqdi. Xondamir, Sharafiddin Ali Yazdiy, Mirxond kabi tarixchilar, Kamoliddin Behzod, Mahmud Muzahhib singari musavvirlar, musiqashunos va me’morlar, ko‘plab xattot va sozandalarning shuhrati dunyoga yoyildi. 

Donishmand xalqimiz har ikki Renessans davrida jahonning eng ilg‘or, taraqqiy etgan xalqlari qatorida bo‘lgani millatimizga ulkan g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi. Uchinchi Renessans poydevorini qurishda esa, albatta, avvalo, ajdodlar merosini yanada chuqur o‘rganish va keng targ‘ib qilishga muhim omil sifatida qarashimiz mumkin. 

Bugungi avlodi ana shu ulug‘ bobokalonlarimizga vatandosh ekanidan faxrlanadi va munosib bo‘lishga intiladi. Buning uchun esa O‘zbekistonda barcha shart-sharoitlar yaratib berilgan. 

Yetuk tarjimonlarga ehtiyoj katta edi

Shu kungacha belgilangan barcha yo‘nalishlarda samarali natijalarga erishildi. Ayniqsa, 2022-yilning 8-aprel kuni davlatimiz rahbarining markaz qurilishi maydonchasiga navbatdagi tashrifi hamda u yerda bildirgan fikr va mulohazalari, topshiriqlari muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. 

An’anaga ko‘ra, Prezidentimiz Islom sivilizatsiyasi markazida so‘nggi oylarda qilingan ishlar bilan tanishdi va mutasaddilar hamda quruvchilarga zarur tavsiyalar berdi. Shuningdek, tashqi va ichki bezak ishlarining mazmuni va shaklini ma’qulladi, ayni paytda qo‘llaniladigan barcha matnlar ilmiy asosga ega bo‘lishi zarurligini ta’kidladi. Tashrif davomida Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi tarkibida shakllantirilayotgan “Yangi O‘zbekiston – Uchinchi Renessans” bo‘limi taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. Bo‘limda boy va uzoq asrlarga taqaladigan tariximiz, din va ilmda maktablar yaratgan bobolar merosi, ma’rifatparvar ajdodlarimiz, muftiylar sulolasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar taqdim etilgan konsepsiya bo‘yicha davlatimiz rahbari o‘z takliflarini bildirdi. 

Markaz tarkibida barcha tillar bo‘yicha salohiyatli tarjimonlar tayyorlash bo‘limini tashkil etish taklifi ma’qullanishi tashrifdagi eng muhim o‘rinlardan biri bo‘ldi. Chunonchi, yurtimizda ushbu yo‘nalishda yetuk tarjimonlarga ehtiyoj katta. Mazkur tashrif markaz jamoasi oldiga yanada ulkan va sharafli vazifalarni qo‘ydi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. 

Markaz huzurida “Allomalar merosi” o‘quv markazi tashkil etildi. Uning jami 12 ta filiali faoliyat yuritmoqda. Bugungi kunga qadar o‘quv markazini 1251 nafar tinglovchi bitirib chiqdi, 1321 nafar tinglovchi o‘quv kurslariga qatnashmoqda. O‘quv jarayoniga sohaning tajribali olimlari, pedagog va mutaxassislari jalb qilindi. 

O‘tgan qisqa davrda ilmiy xodimlar tomonidan markaz muzeyining 9 ta bo‘limi ekspozitsiyasini shakllantirish bo‘yicha jami 866 ta eksponat, 162 ta multimedia mahsulotining ro‘yxati to‘liq shakllantirildi. Muzey fondidagi tarixiy ashyolar, mulyajlar, eksponatlar soni 452 taga yetkazildi. 

Markaz konsepsiyasidan kelib chiqib, binoning tashqi bezaklarida foydalaniladigan jami 66 ta xattotlik yozuvi matnlari tayyorlandi. Qur’oni karim bo‘limi ekspozitsiyasida namoyish qilinadigan 28 ta nodir qo‘lyozmadan iborat Qur’oni karim kolleksiyasi shakllantirildi. 

Ushbu kolleksiya yaqinda yana bir noyob nusxa bilan boyitildi. Mashhur xattot Habibulla Solih tomonidan ko‘chirilgan Usmon Mus’hafining o‘ziga xos nusxasi markaz fondiga taqdim etildi. “Uchinchi Renessans – Yangi O‘zbekiston” bo‘limi konsepsiyasi hamda bo‘lim ekspozitsiyasi loyihasi ishlab chiqildi. Bo‘limning 20x8 metr o‘lchamdagi devoriy rasmi uchun eskiz yaratildi. 

Markaz kutubxonasi fondi jami 515 419 ta yozma manba, zamonaviy nashr va elektron nusxadagi manbalar bilan boyitildi. Hozir markaz fondining yozma manbalari 465 ta qo‘lyozma, 623 ta toshbosma, 19 415 ta zamonaviy nashr hamda 494 916 ta elektron nusxadan iborat. 

Respublika fondlarida saqlanayotgan 106 525 ta yozma manba to‘g‘risida ma’lumotlar bazasi yaratilib, ularning ilmiy tahlili asosida 50 795 ta manbaning  reestri tayyorlandi. 

Buyuk ajdodlarimiz merosi, yangi yuksalish davri yutuqlarini targ‘ib qilish maqsadida “Islom sivilizatsiyasi markazi: shonli tarixdan buyuk kelajak sari” turkum ko‘rsatuvining 29 ta soni tayyorlanib, markaziy va hududiy telekanallarda namoyish etildi. 57 ta mediamahsulot (9 ta ko‘rsatuv, 36 ta intervyu, 12 ta videorolik) tayyorlandi. Shuningdek, 23 ta ma’naviy-ma’rifiy va targ‘ibot tadbiri, 3 ta matbuot anjumani, 2 ta brifing, 1 ta press-tur tashkil etildi. 

Grant loyihalar doirasida “Uchinchi Renessans – Yangi O‘zbekiston” va “O‘zbekiston – jahon sivilizatsiyasi kesimida” kitob-fotoalbomlari o‘zbek, rus, ingliz, arab tillarida nashr etildi va xorijiy davlatlarda taqdimotlari o‘tkazilmoqda. 

Bitib qo‘ymasaydi dono qalami...

Toshkent shahridagi ta’lim muassasalarida “Ajdodlarga munosib avlod bo‘laylik”, “Jaholatga qarshi ma’rifat” kabi mavzularda jami 23 dan ortiq ma’naviy-ma’rifiy va targ‘ibot tadbiri, taqdimot va ko‘rgazma tashkil etildi. Ushbu tadbirlar avvalgidek rejaga kiritilgani uchun emas, balki muhim ma’rifiy tarixiy yuksalishga tayyorgarlik ishtiyoqini uyg‘otish maqsadida o‘tkazildi. 

“Ajdodlar merosi – ibrat va tarbiya manbai” shiori ostida Toshkent shahridagi mahallalarda o‘tkazilgan tadbirlarda yoshlar e’tiborini jalb etadigan zamonaviy ko‘rgazmalar va illyustratsiyalardan foydalanildi. 

Markaz tashabbusi bilan Toshkent shahridagi Hazrati Imom majmuasi maydonida, ochiq osmon ostida birinchi bor “Kitob – kamolot kaliti” ilmiy-ma’rifiy kitoblar ko‘rgazmasi va savdosi bo‘lib o‘tgani ham yurtdoshlarimizda katta taassurot qoldirdi. Ko‘rgazma va savdoda yurtimizdagi nashriyotlar, bosmaxonalar va kitob do‘konlari ilmiy, ma’rifiy va badiiy kitoblari bilan ishtirok etdi. Tashkil etilgan tanlovlarda ko‘rgazma ishtirokchilari noyob kitoblar bilan taqdirlandi.

Ramazon munosabati bilan Hazrati Imom majmuasida o‘tkazilgan ushbu ma’rifiy tadbir doirasida taniqli shaxslar ishtirokida yoshlarni ilm-ma’rifatga da’vat etadigan suhbatlar ham juda qizg‘in ruhda o‘tdi. 

Ayniqsa, xattotlik san’ati bo‘yicha mahorat darslari tashkil etilgani yosh avlodda o‘zgacha qiziqish uyg‘otdi. Yusuf Xos Hojib bejiz “Bitib qo‘ymasaydi dono qalami, qorong‘u qolardi moziy olami”, deya ta’kidlamagan. 

Kitob ko‘rgazmasi hamda xattotlik saboqlarining uzviy davomi sifatida markaz ilmiy xodimlari tomonidan Farg‘ona vodiysi va Qashqadaryo vohasida ham ushbu tadbirlar muvaffaqiyatli davom ettirildi. 

Yurtdoshlarimizning e’tiborini yanada ko‘proq jalb etish maqsadida markaz veb-sayti takomillashtirildi, xorijiy tillardagi shakli va onlayn muloqot formatlari faoliyati rivojlantirildi. heritage.cisc.uz sayti ishga tushirildi. Unga O‘zbekiston islom san’atiga oid ma’lumotlar joylab borilmoqda.

Jozibali manbalar va “inklyuziv sayl”lar

2022-yilning 16-20-may kunlari Toshkent va Buxoro shaharlarida bo‘lib o‘tgan “Deklaratsiyalar muloqoti” xalqaro forumida vakillarimiz faol ishtirok etdi. Forum doirasida Islom olami uyushmasining Xalqaro ko‘mak, farovonlik va rivojlanish tashkiloti Bosh kotibi Doktor Abdulaziz Sarxan hazratlari, Nigeriyaning Argunu shtati amiri Elxaj Samoil Muhammad Mera janoblari, Gana Respublikasi sobiq bosh imomi, elchi Umar Sanda Ahmad Islom sivilizatsiyasi markazi binosi qurilishiga tashrif buyurdi. Martabali mehmonlarga markazning maqsad va vazifalari to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi hamda o‘zaro hamkorlik haqida kelishib olindi. 

May oyida Qozon shahrida bo‘lib o‘tgan “Rossiya va islom olami” strategik qarashlar guruhining navbatdagi sammiti ham e’tiborga molik mulohazalar va muhokamalarga boy bo‘ldi. Ana shunday anjumanlarda yangi loyiha va tashabbuslarga yo‘l ochilishi tabiiy. 

O‘tgan yilning may oyida “Sharq allomalarining islom sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasi” mavzusidagi xalqaro anjuman ham yuqori saviyada o‘tkazildi. Unda 10 dan ortiq xorijiy davlatdan 60 ga yaqin olim va professor, 130 dan ortiq mahalliy ishtirokchi qatnashdi. Tadbirda Sharq allomalari merosida islom ilmlari o‘rganilishi, Movarounnahrda tabiiy va aniq fanlar rivoji, musulmon olimlarining jahon ilm-fani taraqqiyotiga ta’siri, Sharq allomalari ilmiy merosida bag‘rikenglik masalasi yoritilishi kabi mavzular qizg‘in muhokama qilindi. 

Ayni paytda Sulaymoniya kutubxonasi qo‘lyozmalar fondi (Turkiya), Xudobaxsh kutubxonasi qo‘lyozmalar fondi (Hindis ton), Tehron davlat muzeyi (Eron), Al-Azhar qo‘lyozmalar fondi, Misr Fanlar akademiyasi qo‘lyozmalar fondi (Misr), Parij milliy kutubxonasi fondi (Fransiya), Berlin milliy kutubxonasi (Germaniya), Oksford islom tadqiqotlar markazi fondi (Buyuk Britaniya), Sankt-Peterburg Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar fondlari (Rossiya)da saqlanayotgan, O‘zbekiston tarixiga oid manbalarning elektron yoki faksimile nusxalarini yurtimizga olib kelish choralari ko‘rilmoqda. 

Markaz tomonidan shu kungacha 28 ta xorijiy tashkilot bilan hamkorlik o‘rnatildi. “O‘zarxiv” agentligi, Madaniyat va turizm vazirligi ko‘magida O‘zbekiston tarixiga oid manbalar ro‘yxati shakllantirildi. 120 mingdan ortiq manbaning elektron nusxalari va 4 ta manbaning faksimile nusxasi olindi. 

“Ipak yo‘li xalqaro kutubxonalar ittifoqi” (Silk Road International Library Alliance), Malayziyadagi islom san’ati muzeyi bilan hamkorlik o‘rnatish maqsadida memorandum tayyorlandi, Avstraliya islom muzeyi bilan hamkorlik memorandumi imzolandi. 

Yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorlikda “Ajdodlarga munosib avlod bo‘laylik” shiori ostida 2022-yil 17-18-iyun kunlari nogironligi bo‘lgan yoshlar o‘rtasida “O‘zingga ishon” shiori ostida “Inklyuziv sayl” madaniy-ma’rifiy tadbirlari o‘tkazilgani yosh yigit-qizlarda shonli tariximiz va madaniyatimizga katta ishtiyoq uyg‘otdi. 

Zero, bugun markaz oldiga qo‘yilgan muhim vazifalardan ko‘zlangan maqsad ham shu – milliy tariximizning yangilangan siymosini yaratish va yosh avlodning qalbida yurtimiz allomalarining o‘lmas merosiga yuksak muhabbat uyg‘otish. O‘z Vatanini sevgan, tarixi va qadriyatlarini ulug‘lagan insonlargina munosib kelajak davomchilari bo‘la oladi. Ilmiy-ma’rifiy faoliyatimiz asnosida bizni mana shu yuksak maqsad va g‘urur mash’alasi o‘z ma’rifiy maydoniga, xalqaro maydon e’tirofidagi ma’rifiy ustuvorlikka chorlab turadi.

Shoazim MINOVAROV, 

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2023-yil 29-mart, 60-son

Izoh qoldirish